O‘zbekiston | 23:45 / 16.04.2019
32993
7 daqiqa o‘qiladi

Shaxsni tasdiqlovchi hujjatga o‘zgartirish kiritish tartibi qanday?

O‘zbekcha ism-familiyaning ruscha talaffuz bilan aytilishi, hattoki shu holatda yozilishiga ko‘p duch kelganmiz. Bunday qo‘pol buzilishlar nafaqat kundalik so‘zlashuvda, balki rasmiy hujjatlarda ham kuzatilishi odatiy holga aylanib qolgan. Ismga bunday hurmatsizlik nafaqat uning ma'nosini o‘zgartirib yuborishi, balki hujjatlar almashinuvida bir qancha noqulayliklarni ham tug‘dirishi mumkin.

Pasport va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarda ism va familiyaning ruscha muqobil asosida yozilishi sobiq Covet davri qoldirgan meroslardan biri. O‘sha davrda rasmiy idoralardagi rus mulozimlari ism-familiyani rasmiylashtirishda qanday eshitsa, xuddi shunday muhrlagan. Ammo bu g‘alizliklar hanuzgacha familiyadan familiyaga o‘tib kelmoqda.

Ma'lumotlarga qaraganda, ism-familiyasi hujjatlarda noto‘g‘ri qayd qilinganlarning 82 foizi hujjatga o‘zgartirish kiritishni ortiqcha tashvish, deb hisoblagani uchun ham xatoni bila turib o‘zgartirmaslikni afzal ko‘radi.

Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi vakilining bayon qilishicha, pasportda ko‘rsatilgan ma'lumotlar «Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma»da berilgan ma'lumotlarga mos kelmasa, buning uchun boshqarma javobgar bo‘ladi. 

«Ammo «Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma» da yo‘l qo‘yilgan imloviy xatolar uchun «pasportniy stol» mas'ul emas. Chunki guvohnomadagi ma'lumotlar o‘z holicha pasportga ko‘chiriladi», — deydi u. 

«Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olishda ism-shariflarni imlo xatosiz yozishga harakat qilamiz. Chunki chaqaloq uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olgani kelgan ota yoki boshqa vasiy shaxs ismni arizada yozma ravishda taqdim qiladi. Biz uni imlo lug‘atlaridan tekshiramiz Agar xato bo‘lsa, to‘g‘ri variantini ko‘rsatib, tushuntiramiz. Lug‘at va sohaviy normativ hujjatlarga tayanamiz. 

Shunga qaramay, xatolar kamaymayotganini kuzatish mumkin. Chunki «Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma»ga bolaning familiyasi ota-onaning pasportidan (agar boshqa familiya berilmasa) bor holicha ko‘chiriladi», —  deydi FHDYo bo‘limi inspektori Lola Hojiyeva.

Inspektorning bayon qilishicha, endilikda FHDYo bo‘limlarida ota familiyasidagi xato farzandining hujjatiga to‘g‘rilab yozilishi tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Biroq qonunchilikka asosan faqat ota-ona roziligi bilangina bunday o‘zgartirish kiritilishi mumkin. 

«Lekin aksariyat bu xatolarning to‘g‘rilanishini ongli ravishda rad etadi. «Xato bo‘lsa ham familiyamiz bir xil bo‘lsin» , deyishadi. Bu holatda FHDYo xodimi familiyani bor holatida ko‘chirishga majbur bo‘ladi. Qonunchilikka asosan bolaga ism qo‘yish ota-onaning huquqidir. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ham ism ota-ona qanday xohlasa, shunday yoziladi. Qo‘pol qilib aytganda, ota-ona bila turib xato yozishni ham talab qilishi mumkin, degan gap» , —  deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida» gi qarorida dalolatnoma yozuvlarini o‘zgartirish, tuzatish, to‘ldirish haqida tegishli qoidalar belgilangan. Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud bo‘lganda va manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan bo‘lsa, FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi. 

FHDYo organining dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritishni rad etish yuzasidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirishni istagan shaxs 16 yoshga to‘lgandagina uning arizasi tegishli organ tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki pasport o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish haqida ariza bersa, u holda arizaga «Tug‘ilganlik haqida guvohnoma»  ilova qilinadi.

FHDYo bo‘limi tomonidan yig‘ilgan hujjatlar tegishli tekshiruv o‘tkazish uchun ichki ishlar organga jo‘natiladi. Ichki ishlar organi taqdim qilingan hujjatlarni 30 kun mobaynida o‘rganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish xususida asoslangan xulosa tuzadi va uni FHDYo organiga taqdim etadi. Ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismining o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa tuzilgan taqdirda ushbu holatning sabablari aniq ko‘rsatilishi kerak.

Agar «Davlat tili to‘g‘risida» gi Qonunning 15-moddasiga ko‘ra ismiga «-xon» , «-xo‘ja» , «-bonu» , « -begim»  kabi, ota ismini yozishda «-yevich» , «-ovna» , «qizi» , «o‘g‘li»  kabi qo‘shimchalarni kiritishni yoki olib tashlashni istasa, bu holat shaxsning yoshidan qat'i nazar, dalolatnoma yozuviga qo‘shimcha kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Aksincha, dalolatnoma yozuvida shaxsning ismi qisqartirilib, erkalash shaklida yoki imloviy xato bilan yozilgan bo‘lsa, dalolatnoma yozuviga tuzatish kiritish ushbu shaxsning arizasi asosida amalga oshiriladi.

Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritishga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda, tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi va ariza beruvchiga yangi guvohnoma rasmiylashtirilib, yangi guvohnomaga «takroriy»  belgisi qo‘yilmaydi.

Umuman olganda, ism-familiyadagi xatoni tuzatish ko‘pchilik o‘ylaganidek g‘alvali ish emas, bu ismga va tilga bo‘lgan hurmat, turli noqulay vaziyatlardan qochish uchun yechimdir.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid