O‘zbekiston | 13:55 / 17.04.2019
18871
2 daqiqa o‘qiladi

Humo kartalari may oyidan chiqarilishi rejalashtirilmoqda

17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov, Banklararo milliy protsessing markazi direktori Shuhratbek Qurbonov va bankning boshqa mas'ul vakillari ishtirokida Humo to‘lov tizimining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Matbuot anjumanida Humo to‘lov tizimi kartalari 1 may sanasidan muomalaga kiritilishi va yil oxirigacha O‘zbekiston bo‘yicha tizimning to‘la tatbiq qilinishi rejalashtirilayotgani haqida e'lon qilindi.

Humo kartalari dastlab Markaziy bank va tizim sinab ko‘rilishiga xohish bildirgan boshqa tijoriy banklar xodimlariga tarqatilgan.

Ushbu to‘lov tizimi kartalarining keng jamoatchilikka aynan may oyidan tarqatilishiga terminallar va zarur to‘lov vositalari o‘rnatilishi sabab bo‘lgan. Kartalarning narxi Uzcard kartalaridan 3 marta arzon.

Humo terminallari Master Card, VISA kartalarini qabul qilish imkoniga ham ega bo‘ladi. Hozirga kelib, Humo to‘lov tizimi uchun jami 47990 terminal o‘rnatilgan va ming bankomat (6,5 mln AQSh dollari) xarid qilingan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov bergan ma'lumotga ko‘ra, Humo to‘lov tizimi doirasidagi jami xarajatlar uchun 25 – 30 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar sarflanadi. Ushbu xarajatlar Davlat budjetidan tashqari mablag‘lar – Markaziy bank va boshqa tijoriy banklar mablag‘laridan shakllantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Uzcard to‘lov tizimiga raqobatdosh to‘lov tizimini ishlab chiqish sa'y-harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 sentyabrda «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagandan so‘ng boshlangandi.

Mavzuga oid