O‘zbekiston | 11:47 / 21.04.2019
27838
2 daqiqa o‘qiladi

Jambuldagi avtohalokatda jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi

20 aprel kuni Qozog‘istonning Jambul viloyati Qorday tumani hududida «Chimkent-Olmaota» trassasining 181-kilometrida avtobus ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida jabrlangan 9 nafar o‘zbekistonlik O‘zbekistonga yetkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakiliga asoslangan holda «RIA Novosti» xabar qilgan.         

Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, avtohalokatda 11 kishi, jumladan 3 nafar o‘zbekistonlik va 8 nafar qozog‘istonlik halok bo‘lgan, 39 kishi jarohat olgan.  

«Turli darajadagi tan jarohatlari olgan 9 nafar o‘zbekistonlik reanimobillarda Qozog‘istondan Bishkekka olib chiqilgan, u yerdan esa bugun ertalab favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus borti bilan Toshkentga yetkazilgan», deya xabar qilgan manba. Uning ta'kidlashicha, 2 nafar o‘zbekistonlik shifokorlar ko‘rigidan keyin yaqinlari hamrohligida Olmaotaga yo‘l olgan, yana bir jabrlanuvchi mahalliy shifoxonada qolmoqda.

O‘zbekiston TIV ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan 3 nafar o‘zbekistonlikning jasadi Qordaydagi o‘likxonada qolmoqda. «Amaldagi tartiblarga ko‘ra, shaxsni aniqlash jarayoni o‘tkazilgandan so‘ng Qozog‘iston tomoni halok bo‘lganlar jasadlarini Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasiga yetkazishni ta'minlaydi», deyilgan xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev avtohalokatda jabrlanganlarga va jasadlarni vatanga qaytarishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzish topshirig‘ini bergan.

Mavzuga oid