Iqtisodiyot | 20:50 / 01.05.2019
58579
10 daqiqa o‘qiladi

Gazni chetga ko‘proq sotish eng to‘g‘ri yo‘lmi?

Gaz – hajmi cheklangan, qayta tiklanmaydigan, yaqin kelajakda strategik ahamiyat kasb etishi ayon  bo‘lib qolgan energiya manbasi bo‘lmish xomashyo turlaridan biri. Uni to‘g‘ri tasarruf etish mamlakatimiz ertasini belgilashi mumkin. Bu haqda biroz so‘z yuritamiz.

Avvalo «to‘g‘ri tasarruf» nima ekani haqida.

Tabiiy boyliklar tasarrufi
Tabiiy boyliklar har qanday mamlakat uchun qo‘shimcha imtiyozdir. Ya'ni, yer osti boyliklari ko‘p bo‘lgan, «omadi chopgan» har qanday davlat ustunlikka – boshqalarga nisbatan rivojlanishda ustunlikka ega bo‘ladi. Zero, yer osti boyliklari har qanday rivojlanayotgan davlat uchun qo‘shimcha ko‘mak va o‘ziga xos tramplin vazifasini o‘tashi mumkin. Ammo bu yerda bir shart bor – tabiiy boyliklardan unumli foydalanish lozim.

Tabiiy boylikni tasarruf etishning eng oson yo‘li – uni xomashyo sifatida sotish. Bu esa uni eng arzon narxda sotish degani. Ammo arzon bo‘lsa-da, sotiladigan xomashyoning hajmi katta bo‘lsa bu ham rivojlanayotgan davlat iqtisodiyotiga sezilarli kirim bo‘ladi, turli katta-yu kichik loyihalarni amalga oshirishga sarmoya bo‘ladi. Ammo bu yerda ham «ammo»lar bor...

Tabiiy boyliklarini sotuvchi rivojlanayotgan davlatning ma'muriy tizimi korrupsiyalashgan, byurokratlashgan bo‘lsa, iqtisodiyotda bozor iqtisodiyoti mexanizmlari o‘rnini ma'muriy-buyruqbozlik tizimi egallagan bo‘lsa, loyihalarga ajratiladigan mablag‘larning katta qismi havoga ketadi. To‘g‘ri shakllanmagan ma'muriy tizimning xususiyati o‘zi shu – mablag‘lar talon-taroj bo‘ladi. Ya'ni, shundog‘am arzon narxda sotilayotgan tabiiy boyliklardan keladigan daromad samarasiz istifoda etiladi. Alal-oqibat zaxiralar bir kun kelib tugab bitadi va mamlakat «teshik tog‘ora» oldida qoladi. Bunga tabiiy boyliklarini katta miqdorda eksport qilayotgan, ammo uzoq yillar davomida iqtisodiy o‘sishi past bo‘lib kelayotgan davlatlarni misol qilish mumkin.  

Tabiiy boyliklarga «o‘tirib qolish»
Yuqorida aytganimizdek, ba'zi davlatlar aynan tabiiy resurslarini xomashyo sifatida ko‘p miqdorda sotishi natijasida rivojlanmay qolganini kuzatamiz. Va, aksincha, tabiiy resurslarga deyarli ega bo‘lmagan ba'zi davlatlarning iqtisodiyoti jadal o‘sganiga guvoh bo‘lamiz. Kishini taajjublantiruvchi bunday tafsilotning sababi nimada?

Bilamizki, mo‘may – mehnatsiz topilgan mablag‘ – har qanday iqtisodiyot uchun xavfli mablag‘. Xoh u davlat iqtisodiyoti bo‘lsin, xoh korxona yoki oila iqtisodi – mo‘may daromadning o‘ta salbiy jihatlari mavjud:

  • Bunday daromad hech bir rivojlanish konsepsiyasining, lo‘nda qilib aytganda, rejalarning, urinishlarning natijasi va uzviy qismi bo‘lmaydi va shu sabab uning tasarrufi nojo‘ya bo‘ladi. Nojo‘ya tasarruf esa tartibsizlik, yaltoqilik, tekinxo‘rlik, hafsalasizlik va yana ko‘plab salbiy illatlarni urchitadi, tadbir ko‘rib ish qilish qobiliyatini o‘ldiradi va alal-oqibat samarasizlikka olib keladi.
  • Iqtisodiy faoliyatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, kamomadlar, «teshiklar» tekin kelib turgan mablag‘lar bilan «yopiladi». Natijada, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilmaslik, tuzatmaslik ko‘nikmaga aylanadi. Tabiiy boyliklar eksportiga «o‘tirib qolish» effekti yuzaga keladi. Bunday «iqtisodiy nashavandlik» har qanday iqtisodiyotni, tabiiyki, tang ahvolga keltiradi.

Mo‘may mablag‘larning xususiyati haqida avvalgi maqolalarimizdan birida batafsilroq gapirgan edik.

Oddiy mantiq
Gaz mavzusiga qaytamiz. Eng oddiy mantiqni ishga solib o‘ylab ko‘rsak, gazni import qiluvchi (sotib oluvchi) mamlakatlar ma'lum foydani ko‘zlab gaz importiga qo‘l urishadi. Ya'ni, masalan, Xitoy O‘zbekiston gazini sotib olib, uni o‘z ishlab chiqarishlarida ishlatadi, mahsulotini esa, O‘zbekistonga ham sotadi va bundan... foyda ko‘radi.  

Endi yana o‘sha oddiy mantiqni ishga solib xulosa qilamiz – kimdir energiya manbasini chetdan sotib olib, mahsulot ishlab chiqarib foyda ko‘rayotgan bo‘lsa, energiya manbasi o‘ziniki bo‘lgan davlat uni sotib olayotgan davlatga nisbatan birqancha mahsulot turlari bozorida ustunlikka ega bo‘ladi. Demak, O‘zbekiston o‘z gazidan unumliroq foydalanishi uchun uni ko‘proq sotishi kerakmi yoki mahsulot ishlab chiqarish uchun ishlatishi kerakmi degan savolga oddiy mantiqiy javobni topib turibmiz – ikkinchisi.

Hozirda hukumat doirasida, masalan, mamlakatda yetishtirilayotgan paxtani tola shaklida emas, balki mato va tayyor tekstil mahsulotlari shaklida chet elga sotishni tashkillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilyapti. Bu mantiqan mutlaqo to‘g‘ri reja. Biroq gazdek qayta tiklanmaydigan xomashyoga ham shu ko‘z bilan qarash maqsadga muvofiq bo‘lardi.         

Xo‘sh, paxtani mato va kiyimga aylantirish mumkin ekan, O‘zbekiston sharoitida gazni pirovardida qanday tovarlarga «aylantirish» va mahsulot bozorlarida ustunligimizni ta'minlash mumkin? Bu to‘g‘rida biroz fikr yuritamiz.

«Fikr yuritamiz» dedig-u, aslida, savolimizga javoblardan biri, deyarli «yer yuzasida».

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorida egallashi mumkin bo‘lgan o‘rni, salohiyati ko‘p milliardlab dollar bilan o‘lchanadi. Quyoshli iqlim, mehnatkash qo‘llarning ko‘pligi, O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga yuqori talab – bular mamlakatimizning yaqin istiqbolini belgilashga molik jihatlar. Mamlakat bo‘ylab keng miqyosda issiqxonalar barpo etib, ta'bir joiz bo‘lsa, gazimizni totli meva-sabzavotlarga aylantirib sotish gazni xomashyo sifatida sotishdan ko‘ra bir necha barobar ko‘proq foyda olish imkonini beradi.

«Generator»
Issiqxona yaratish arzon tadbir emas, albatta, ammo mahalliy va xorijlik tadbirkorlar uchun maksimal qulay sharoit yaratilsa, bu soha ham jadal rivojlanishga yuz tutishiga shubha yo‘q. Shunday qulayliklardan biri bu – issiqxonalar uchun yoqilg‘i masalasini osonlashtirish. Aynan shu masala tadbirkor uchun O‘zbekistonda issiqxona yaratish-yaratmaslik qaroriga ta'sir etuvchi hal qiluvchi omil bo‘ladi. Aynan shu masalaga e'tibor sohani jadal rivojlantiruvchi generator vazifasini o‘tab berishi aniq.

Yetarlicha gaz zaxiralariga ega bo‘lgan O‘zbekiston yaqin istiqbolda issiqxonalar mamlakatiga aylanishi mumkin. Bu uchun esa masalaga issiqxonachi ko‘zi bilan nazar tashlab, issiqxona barpo etish va yuritishni maksimal osonlashtiruvchi bir nechta hal qiluvchi qarorlarni qabul qilish lozim bo‘ladi, xolos. Hatto «ura-urachilik» ham kerak emas – soha o‘z-o‘zidan va o‘z yo‘lida rivojlanadi.               

Iqlimimizning qulayligi issiqxonalarni isitish davri qisqa bo‘lishini ta'minlaydi – qo‘shimcha naf. Issiqxonalarda suvni tejash tizimlari ko‘zda tutiladi – bu ham suv tanqisligi sharoitida muhim ijobiy jihat.

Eng muhim jihat – mazkur sohaga qulay sharoit yaratish individual faollikni oshiradi, ishsizlikni kamaytiradi, mamlakatda o‘rta sinfni yuzaga keltirish muammosini bir miqdorda yengillashtiradi.       

Xulosa o‘rnida
Gazni ishlab chiqarish sohalarida qo‘llab, mahsulotga «aylantirib» sotish shubhasiz uni xomashyo sifatida sotishdan foydaliroqligi oddiy kalkulyatorda hisoblab ko‘rganda ham ma'lum bo‘ladi.

Biz Niderlandiya kabi qishloq xo‘jaligi madaniyatini yuksakka ko‘tarib, shu sohadan katta foyda ko‘rayotgan, shu soha evaziga yaxshi yashayotgan mamlakatlarni havas bilan tilga olamiz. Holbuki, o‘zimiz ikkinchi Niderlandiyaga aylanishimiz uchun barcha sharoitlar mavjud. Soliq, boj, ishlarga ma'muriy aralashmaslik va o‘sha yoqilg‘i masalalarini imkon boricha ijobiy hal qilsak bas.

Mahalliy ishlab-chiqaruvchilarni qo‘llash usullaridan biri ularga yengilliklar yaratish, chet el raqobatchilari oldida ustunlikni ta'minlovchi qulayliklarni tuhfa etish. Ko‘plab davlatlar tabiiy resurslari bo‘lmagani uchun bunday qulayliklarni o‘z tadbirkorlariga bera olmaydi. Bizda esa aynan shunday resurslardan biri mavjud. Bundan foydalanishimiz lozim.

Shokir Sharipov

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.

Mavzuga oid