O‘zbekiston | 07:00 / 11.05.2019
87767
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vaziri tuman hokimiga aylandi

Qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev Shayxontohur tumani hokimi etib tayinlandi. 

Kun.uz manbasi xabar berishicha, xalq deputatlari Shayxontohur tumani kengashining 10 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida To‘xtayevning nomzodi bir ovozdan qabul qilingan.

Ma'lumot uchun, Abduqahhor To‘xtayev 1996-1999 yillarda ham Shayxontohur tumanini boshqargan. 

U 2005—2011 yillarda Toshkent shahri hokimi bo‘lgan, 2013—2016 yillarda «O‘zLITIneftgaz» kompaniyasi rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. 2016 yil kuzida Jizzax shahri hokimi, 2017 yilning aprelida  Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi etib tayinlangandi. 2018 yilning aprelida esa Abduqahhor To‘xtayev yangi tashkil etilgan Qurilish vazirligiga rahbar bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, Shayxontohur tumanining avvalgi hokimi Shuhrat Sanjarovich Muhammadxonov shu yilning aprel oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan 1-chorak yakunlari bo‘yicha videoselektor davomida ishdan olingandi. U bilan birga hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Shuxrat Zakirjanovich Sadikov va soliq inspeksiyasi rahbari Faxriddin Abdunabiyev Umarovich ham lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid