O‘zbekiston | 08:04 / 13.05.2019
48705
6 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlarni OTMga qabulda qanday o‘zgarishlar kutmoqda. Tafsilotlar

OTMga imtihon topshirish uchun to‘lov miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Qonunchilikdagi yangiliklar” brifingi va matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda vazirlik.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Matbuot anjumanida Hukumat qarori bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida atroflicha fikr almashildi.

Unda ishtirok etgan soha mutaxassislari – Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kadrlar tayyorlash va bitiruvchilar taqsimotini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i Inatillo Ne’matov, Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov, Davlat xizmatlari agentligi xodimi Aziz Rajabov bu yil abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda tatbiq etilayotgan yangiliklar, amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar bo‘yicha to‘xtalib o‘tishdi.

– Endilikda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma talab qilinmaydi, – deydi vazirlikning Kadrlar tayyorlash va bitiruvchilar taqsimotini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i Inatillo Ne’matov. – Qolaversa, qabul kvotalari sonining ehtiyojdan kelib chiqib belgilanishi rejalashtirilyapti.

Tadbirda qaror bilan yoshlarga yaratib berilayotgan qo‘shimcha imtiyozlar haqida ham aytib o‘tildi. Bu borada kutilayotgan qulayliklardan biri sifatida Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov ma’lumot berib o‘tdi: “Abituriyentlarni shu paytgacha qiynab kelayotgan masalalardan biri DTM ruxsatnomalarini qay vaqtda olishi edi. Odatda, ushbu ruxsatnomalar imtihon arafasida 31 iyulga qadar (shu kuni ham) tarqatilardi. O‘tgan yil misolida aytadigan bo‘lsak, test sinovlari 15 kun davom etgani sababli abituriyentlarning ushbu ruxsatnoma bilan bog‘liq murojaatlari ko‘p bo‘ldi. Ularning aksari Toshkentga kelib-ketishda ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish bilan bog‘liq edi, albatta. Biz ham shu maqsadlarni ko‘zlab bu yildan DTM ruxsatnomalarini bevosita Davlat test markazi saytidan foydalanib o‘ziga tegishli ruxsatnomani yuklab olishi mumkin va shu asosda tegishli o‘quv binosiga kirib-chiqishi ta’minlanishini nazarda tutyapmiz”.

Shuningdek, matbuot anjumanida Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasida keltirib o‘tilgan yana bir jihat – kirolmay qolgan abituriyentlar ikkinchi yil o‘qishga topshirish uchun eng kam ish haqining 1 barobari (202 ming 730 so‘m) miqdorida to‘lov to‘lashi haqida qizg‘in bahs bordi. Bu borada mutaxassislar tomonidan to‘lov miqdori qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan takliflar ishlab chiqilayotgani xususida fikr bildirildi.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat grantlari asosida imtihonsiz o‘qishga qabul qilinuvchilar qatoriga kimlar kiritilganligi haqida ham ma’lumotlar berib o‘tildi. 

Unga ko‘ra:

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni a’lo baholarga bitirgan bitiruvchilar bakalavriatning xorijiy til va adabiyot, filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishlariga;

har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi, qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga asosan o‘qishga qabul qilinadi.

Shuningdek, soha mutaxassislari kiritilgan qo‘shimchalar bilan sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanganligini ham ma’lum qilishdi.

Sirtqi ta’limga hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

Kirish imtihonlari 16 avgustdan 25 avgustgacha kamida 3 ta fandan o‘tkaziladi.

Yozma imtihonlar shifrlangan holda tekshiriladi.

Imtihonlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq keluvchi 3 ta fandan to‘planishi kerak bo‘lgan maksimal 189,0 balldan, har bir fanning o‘rniga qarab uning uchun ajratilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizgacha bo‘lgan oraliqda baholanadi.

Natijalar imtihondan keyin 1-3 kunda ta’lim muassasasining rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, magistraturaga kirishda quyidagilar bekor qilindi:

magistraturaga kiruvchilarning ilmiy va ilmiy-pedagogik ishlarga qobiliyati hamda qiziqishini aniqlash maqsadida tanlangan mutaxassislikka mos savollar asosida suhbat;

“Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha sinov;

O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani bo‘yicha sinov.

Magistraturaga hujjat topshirganlarning TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball bo‘lganida ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi. Ilgari bu natijalar TOEFL bo‘yicha kamida 58 va IELTS bo‘yicha kamida 5 ball bo‘lishi kerak edi.

O‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish har yili 15 yanvardan 25 yanvargacha davom etadi. Ilgari 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar edi.

Mavzuga oid