O‘zbekiston | 15:13 / 18.05.2019
121621
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident: Maktab o‘qituvchisining oyligini ming dollarga yetkazmoqchimiz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati hokimligida o‘tkazilgan faollar yig‘ilishi davomida ta'lim sohasidagi muammolarga ham to‘xtaldi.

«Xonobodda oltita kollej kimga kerak? Undan ko‘ra, maktabdagi o‘qituvchiga 4-5 barobar ko‘proq oylik berganimizda edi, maktabda traktorni ham, kompyuterni ham o‘rgatardi.

Bitta tumanga oltita kollej. Bunga qancha pul ketdi? Albatta, kollej ham kerak, lekin bitta tumanga bitta kollej ham yetardi. 

Kollejlarga avval o‘qituvchilarni tayyorlash kerak edi. Hozir esa bor o‘qituvchilardan ham ayrilib o‘tiribmiz. Borini yo‘q qildik. Ishonchni yo‘qotdik», degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov va boshqa mas'ullardan Andijon viloyatidagi kasb-hunar kollejlari binolari va jihozlarini Xalq ta'limi vazirligiga o‘tkazish bo‘yicha takliflar berishni so‘ragan, viloyat hududida paydo bo‘layotgan yangi uy-joy massivlarida maktablar qurish, Xonobod shahridagi 1-sonli, Jalaquduq tumanidagi 20-sonli maktabda kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

«Hisob-kitobini menga beringlar. 10 kun davomida viloyat hokimi bilan, oqsoqollar bilan yig‘ilishib, Andijonda nima qilsak, maktabning, o‘qituvchining obro‘yini oshirish mumkinligi haqida o‘ylanglar. Keyin Andijon tajribasini respublikaga qo‘llaymiz.

Shu kunlarga yetkazsa, maktab o‘qituvchisining oyligini ming dollarga yetkazmoqchimiz.

Nima uchun shuncha yil davomida bizda yo‘ldan adashganlar paydo bo‘ldi, turli oqimlar paydo bo‘ldi? Ta'lim yo‘q edi, bilim yo‘q edi, maktab yo‘q edi. Devorlar bor edi.

Bu sohada muammolarimiz ko‘p. Sharoitimiz og‘ir. O‘qituvchi - jamiyatning poydevori», deya Prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid