Shavkat Mirziyoyev Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi
Bugun, 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning birinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedevni qabul qildi.
Prezident mehmonni samimiy qutlar ekan, strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Rossiya Hukumati Raisi, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda o‘zaro aloqalar va almashinuvlar faollashgani alohida ta'kidlandi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha «yashil yo‘lak» samarali ishlamoqda, to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazishda soddalashtirilgan bojxona tartibi joriy etilgan.
Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama dastur doirasida hududlar va ishbilarmonlar darajasida umumiy qiymati 13 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bugun O‘zbekistonda Rossiyaning «Gazprom», «Lukoyl», «Forus», «Tatneft», «Silovyye mashiny», «Kamaz», «Yevrosement», «Ekokultura», «Gazprombank», «VEB» va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniya va banklari faol ishlamoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda. Yaqinda mamlakatimizda Rossiya madaniyat markazining 25 yilligi keng nishonlandi, Rossiyalik vatandoshlarning mintaqaviy konferensiyasi va Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining beshinchi xalqaro forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda turli iqtisodiy tarmoqlardagi ustuvor investitsiya loyihalarini jadallashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
«Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha strategik loyihani o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash masalasiga alohida e'tibor qaratildi.
Savdo aloqalari va ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada faol rivojlantirish uchun mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarish muhim ekani ta'kidlandi. Hududlar ma'muriyati va ishbilarmon doiralar darajasida almashinuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.
Shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Bugun Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan Qo‘shma komissiya birinchi majlisi bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishda muhim bosqich bo‘lishi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish, keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani va bu boradagi intilish qat'iyligi ta'kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zA xabariga ko‘ra, Dmitriy Medvedev boshchiligidagi delegatsiya 30 may kuni Xorazm viloyatiga ham yetib kelgan.
Urganch xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov kutib olgan.
Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Urganch shahrida hukumat rahbarlari darajasidagi O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Mazkur tadbir ikki tomonlama hamkorlikning yangi shakli bo‘lib, unda ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari tomonidan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 24 aprelda bo‘lib o‘tgan yigirmanchi yig‘ilishi yakunlari sarhisob qilinadi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari va ularning tarkibini amaliy jihatdan boyitish masalalari muhokama qilinadi.
Yig‘ilish yakunida qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27 / 24.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024