O‘zbekiston | 18:50 / 11.06.2019
19914
4 daqiqa o‘qiladi

Turar joy binolari hovlisidagi avtomashinalarga taqiq: kim yoqlamoqda, kimlar qarshi?

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining rasmiy saytida fuqaro M.Axperjanyansning o‘z avtomashinalarini ko‘p qavatli uylar oldidagi hovlilarda qoldiradigan haydovchilarga murojaati yuzasidan tahliliy maqolasi e'lon qilindi.

«Feysbukdagi obunachilarining Mixail Axperjanyansning haydovchilarga, umuman, barcha barchamizga murojaati yuzasidan qoldirgan izohlari bilan tanishib, biz avtomobillarning ko‘p qavatli uylar hovlilariga haydab kirish va u yerda qoldirilishiga taqiq joriy qilinishini kimlar qo‘llab-quvvatlashini bilishga qaror qildik. Bu haqda juda ko‘pchilik so‘ragan edi, shu sababli mazkur masala yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadga muvofiqligi kundek ravshan», deyiladi.

Maqolada yozilishicha, poytaxtda avtomobillar soni kun sayin ortib bormoqda. Agar 2016 yilda IIBB YHXB organlari hisobida 392.526ta avtomobil bo‘lgan bo‘lsa, bu raqam keyingi yillarda o‘rtacha 10–30 mingtadan ortib borib, bugungi kunda 494.403 birlikni tashkil etmoqda. Bu avtomobillarning 80 foizi (376.790tasi) jismoniy shaxslarga tegishli.

Maqolada «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida izoh qoldirgan foydalanuvchilarning fikrlari keltirilgan. Shuningdek, IIBB telegram kanalida o‘tkazilayotgan so‘rovnomada qatnashishga chorlangan.

«Bu borada fikrlar bo‘lingani bilan, ko‘p qavatli uylar oldidagi hovlilarda avtotransport vositalari haydab kirilishiga taqiq joriy etilishini yoqlovchilar ko‘p bo‘lgani sababli, barchani jamoatchilik fikrini bilish uchun o‘tkazilayotgan dastlabki so‘rovnomada qatnashishga taklif qilamiz. Darhol ogohlantirishni istar edikki, mazkur so‘rovnoma hech qanday yuridik kuchga ega emas. Lekin uning natijalari nafaqat yo‘llarda, shuningdek turar joy binolari hovlilari, mahalla va ichki yo‘llarda ham yo‘l harakati xavfsizligi choralarini oshirishga yo‘naltirilgan takliflar ishlab chiqishda zarur», — deyilgan.

4 iyun kuni Yunusobod tumanining 11-mavzesida 42 yoshli ayol T.L. o‘zining «Neksiya-3» avtomobilida boshqaruvni yo‘qotib mavze ichidagi yo‘l chetida turgan 12 yoshli A.G., S.I. va S.Ya.ga kelib urilgan. Buning natijasida A.G. voqea joyining o‘zida halok bo‘lgan. S.I. olgan tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Uchinchi bola — S.Ya. ambulator sharoitida ko‘rikdan o‘tkazilib, uyga javob berilgan.

«Feysbuk»da murojaat qoldirgan M.Axperjanyans baxsiz hodisa oqibatida vafot etgan A.G.ning otasidir.

Uch o‘smirni bosib ketgan T.L.ga Jinoyat kodeksining 266-modda 2-qismi bilan ayblov e'lon qilinib, uy qamog‘i tayinlangan.

Mazkur fojiadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar avtomobillarning ko‘p qavatli uylar hovlilariga haydab kirish va u yerda qoldirilishiga taqiq joriy qilinishini talab qilib izohlar yozishgan.

Mavzuga oid