Sport | 21:43 / 13.06.2019
41722
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Ochilboy Ramatov O‘FA rahbarligidan ketishi kutilmoqda

O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasida prezident ham o‘zgarishi mumkin.

Tribuna.uz manbasining ma'lum qilishicha, 2018 yil 25 yanvardan buyon O‘FA prezidenti bo‘lib ishlab kelayotgan Ochilboy Ramatov lavozimini tark etishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, Ramatov O‘FA prezidentligidan tashqari Transport vaziri va bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ham ishlab kelmoqda.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston futbolini amaldorlar boshqarishi yangilik emas. O‘FFni 12 yil boshqargan Mirabror Usmonov o‘z vaqtida mamlakat savdo vaziri bo‘lgan. O‘FFda rahbar bo‘lgan vaqtida esa u senator ham edi.

Usmonovdan oldin ham rasmiy shaxslar o‘zbek futboli rahbariyatida ishlagan. 1995-2005 yillarda o‘sha vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan general-mayor Zokir Almatov bir vaqtning o‘zida O‘FFga ham rahbar bo‘lgan. 2008-2009 yillarda esa hozirda DXX raisi bo‘lib ishlayotgan, o‘sha vaqtda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan Abdusalom Azizov O‘FF vitse-prezidenti bo‘lgan.

Bugun, 13 iyun kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z arizasiga ko‘ra iste'foga chiqdi. Uning o‘rniga FIFA referesi Ravshan Ermatov tayinlanishi kutilmoqda.

O‘FAning yangi rahbariyati ertaga tashkilot binosida o‘tkaziladigan yig‘ilishda aniq bo‘ladi.

Mavzuga oid