O‘zbekiston | 21:00 / 16.06.2019
105815
8 daqiqa o‘qiladi

Abituriyent-2019: Qabul jarayoniga oid savollarga javoblar

15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, Davlat test markazi direktori Majid Karimov hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov ishtirokida 2019/2020 o‘quv yiliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Huquqshunos Xushnud Xudayberdiyev telegramdagi kanalida bu yil o‘qishga hujjat topshirayotgan abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga javoblarni taqdim etdi.

Qabul quyidagi 3ta joyda bo‘ladi:
Davlat xizmatlari markazi (DXM) orqali — 5ta OTM (TDYuU, QDU, FarDU, SamDU, GulDU);
My.gov.uz orqali — yuqoridagi 5ta OTM;
OTMlarning o‘zida — qolgan OTMlar uchun.

Endi abituriyent hujjat topshirmaydi, balki original hujjatlarini ko‘rsatib, ro‘yxatdan o‘tadi va o‘zi bilan qaytarib olib ketadi;

Ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagilar kerak:

  1. Pasport (u yo‘q bo‘lsa, yoki 09-forma, yoki tug‘ilganlik guvohnomasi);
  2. Diplom yoki shahodatnoma (ilovasi bilan);
  3. Mabodo imtiyozi bo‘lsa, uni tasdiqlovchi hujjat.

OTMlar orqali ro‘yxatdan o‘tganda ham xuddi shu hujjatlar talab etiladi, avvalgi yillardagidek rasm, papka, 086-ma'lumotnoma shart emas;

DXM va portal orqali ro‘yxatdan o‘tiladigan 5ta OTMning tartibi quydagicha:

  • ushbu 5ta OTM faqat birinchi OTM sifatida tanlanayotgandagina DXMga (portal) borish kerak. Masalan, abituriyent 1-FarDU; 2-TDTU; 3-FarPI ketma-ketligida topshirmoqchi bo‘lsa, DXMlarga boradi;
  • agar ushbu 5ta OTM 2 yoki 3-OTM sifatida tanlanayotgan bo‘lsa, unda DXMlarga emas, balki OTMlarga borish kerak. Masalan: 1- TDTU; 2-FarDU; 3-FarPI.
  • bundan tashqari, abituriyentlarga yengillik berish maqsadida, Yuridik universitetdan tashqari qolgan 4ta OTMning o‘zida ham DXMdagi kabi qabullar bo‘ladi. Ya'ni masalan, GulDUni 1-OTM sifatida tanlamoqchi bo‘lganlar, xohlasa DXMga, xohlasa GulDUning o‘ziga borishi mumkin. Xuddi shu tartib FarDU, SamDU, QDU uchun ham amal qiladi.

OTMlardagi qabullar tartibi quyidagicha:

  • istalgan OTM orqali boshqa joylarga hujjat topshirish mumkin. Buning uchun aynan o‘sha OTMning o‘ziga borish shart emas. Masalan, buxorolik abituriyent BuxDUga borib Toshkentdagi 3ta OTMga: 1) TTA; 2) Pediatriya; 3) Farmatsevtika ko‘rinishida hujjat topshira oladi.
  • Yoki surxondaryolik abituriyent TerDUga borib 1) QarDU 2) SamDU 3) O‘zMU ko‘rinishida topshira oladi. Faqat bitta joyi - mabodo SamDU 1-OTM bo‘lsa, unda yuqorida aytganimizdek yoki tumandagi DXMga yoki SamDUning o‘ziga borish kerak;

«Yodingizda bo‘lsa, ancha oldin magistraturaga faqat turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr diplomiga egalar hujjat topshirishga oid cheklovni bekor qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgandim. Buni mutasaddilar ham tasdiqladi, joriy yildan ushbu tartib amal qiladi.

To‘lovlar miqdori quyidagicha:

  • joriy yilda bitirganlar - tekin;
  • o‘tgan yillarda bitirganlar - 101 365 so‘m.

Boshqa hech qanday to‘lov yo‘q», deyiladi postda.

Xushnud Xudayberdiyev abituriyent testni qayerda topshirishi haqidagi savolga ham aniqlik kiritgan.

«Bu yil abituriyentlar respublikaning istalgan hududida hujjat topshirib, boshqa hududda test imtihonidan o‘tishi mumkin. Faqat ular ro‘yxatga olinayotganida qayerda test topshirmoqchiligini ko‘rsatishi kerak». Matbuot anjumanida mutasaddilar abituriyentlar testni qaysi hududda topshirishlari haqidagi savolga shunday javob qaytarishgan.

«Bundan xulosa shuki, masalan, qoraqalpog‘istonlik abituriyent Toshkentdagi 3ta OTMga hujjat topshirdi, deylik. Lekin arizasida testni Qoraqalpog‘istonda topshiraman deya belgiladi. Demak, u Toshkentga borishi shart emas, testni Nukusda topshiradi. Qachonki o‘qishga kirgan taqdirdagina, keyin Toshkentga keladi.

Tushunishim bo‘yicha, test topshiradigan joyi aynan OTM joylashgan yoki o‘zi yashaydigan hudud bo‘lishi shart emas. Masalan, navoiylik abituriyent Buxorodagi 3ta OTMni tanladi. Lekin u testlar o‘tadigan vaqtda oilaviy sabablarga ko‘ra, Navoiyda emas, Samarqandda bo‘ladi deylik. Bunday paytda u hujjat topshirayotganda arizasida testni Samarqandda topshirishni belgilaydi.

Xulosa: navoiylik abituriyent Buxorodagi OTMlarga hujjat topshirib, Samarqandda testga kirsa bo‘ladi.

Umuman olganda bu juda ajoyib tartib. Ko‘plab ovoragarchilik va ortiqcha xarajatlarning oldi olinadi. Faqat birgina jihati, bunday tizimda qattiqqo‘llik hamma joyda bir xil bo‘lishi kerak. Yo‘qsa, katta-katta jinoiy guruhlar atayin o‘z «mijozlari»ni chekkaroq hududlarda testga kiritib, o‘yin qilishga urinib ko‘rishlari ehtimoldan xoli emas.

Shuningdek, bu masalada yana boshqa bir tushunmovchilik ham bor va kecha shu haqida ham savol berdim.

Ya'ni 07.06.2019 yili Vazirlar Mahkamasining 468-sonli qarori bilan tasdiqlangan reglamentning 4-bandida quyidagicha qoida belgilangan:

«Abituriyentlar Markazga murojaat etgan hududda (Yagona portal orqali murojaat etganda doimiy ro‘yxatda turgan hududida) tashkil etiladigan test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin».

Reglamentning ushbu bandi DTM rahbari aytgan tizimga biroz to‘g‘ri kelmaydi. Boz ustiga Reglamentning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan so‘rovnomada ham test topshirish hududini tanlash degan savol mavjud emas.

Reglamentdagi bu band haqida eshitib DTM direktori ham, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri ham hayron bo‘ldi. Lekin shunday bo‘lsa-da, Majid Karimov ishonch bilan aytdiki, abituriyent o‘zi istagan hududda test topshira oladi, buning uchun hujjat topshirishda maxsus tanlanadigan band ham bo‘ladi. Reglamentga kelsak, uni Davlat xizmatlari agentligi ishlab chiqqani sababli, nima uchun bu narsa inobatga olinmaganiga biror izoh bera olmasligini aytdi.

Mayli, hujjatda qanaqa yozilganidan qat'i nazar, amalda abituriyentlar uchun o‘zi istagan joyda testga kirish huquqi kafolatlanadi. Isboti sifatida pastdagi suratga qarang, Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tishda test topshiradigan hududni belgilaydigan alohida band mavjud.

ESLATMA: tag‘in abituriyentlar «istalgan joyda test topshirishim mumkin ekan» deb, test kuni o‘zi xohlagan joyga borib o‘tirmasin, hudud oldindan belgilanadi. Ro‘yxatdan o‘tayotganda test topshirish joyini yetti o‘lchab bir kesgan holda tanlash kerak, chunki hududni keyinchalik o‘zgartirib bo‘lmaydi. Masalan, hujjat topshirayotganda Toshkentni tanlab, keyin test kuni Andijonga borish befoyda», deya yozadi bloger.

Mavzuga oid