O‘zbekiston | 09:40 / 19.06.2019
38537
7 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilda 1-sinfga qabul pulli bo‘lmaydi - Sherzod Shermatov

Toshkentdagi 81ta talabgir maktabga bolani joylashtirishning antikorrupsion choralarining ijrosini ta'minlash yo‘li topilmaguncha, bu maktablarga qabulda hozircha pul olinmaydi. Bu haqda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov feysbukdagi sahifasida e'lon qildi.

«Prezidentimiz Toshkent shahridagi maktablar ahvolini yaxshilash uchun bu yil qo‘shimcha 400 mlrd so‘m va keyingi yil yana shuncha ajratish bo‘yicha topshiriq berdilar. Undan avval Sergelida yangi qurilayotgan dahalarda 4ta yangi 1580 o‘rinli maktablarni qurish bo‘yicha 100 mlrd so‘m qo‘shimcha ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan edi.

Ya'ni 2019 yilni o‘zida qo‘shimcha 500 mlrd so‘m. Bu degani 1 yilni o‘zida oxirgi 5 yilda Investitsiya dasturlari doirasida ajratilgan miqdordan deyarli 2 marta ko‘p qo‘shimcha mablag‘ ajratilyapti! (raqamlardagi farqni osonroq tushunish uchun grafikka qarang).

O‘zi Prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan avvalgi davrni tahlil qilsak, Toshkentda maktablar asosan yopilgan ekan. Sababi asosiy e'tibor kollejlarga bo‘lgan. Shu vaqtgacha 23ta maktab yopilib, boshqa tashkilotlarga berib yuborilganini aniqladik. Shuning uchun, hozir Toshkentda maktablar uchun hech narsa qilinmayapti deb jar soluvchilar, biroz yolg‘on gapirishdan or qilsalar yaxshi bo‘lardi...

Toshkentdagi 81ta maktabning birinchi sinfiga qabul jarayonining yangi tizimini joriy etishning ijobiy taraflari qolib, ba'zilar «qabul pullik bo‘ldi» deb noto‘g‘ri talqinga o‘tib ketdi. Natijada, «hukumat maktablarga pul ajratmayapti», «aholidan pul yig‘ishga o‘tib ketilyapti» va h.k. kabi noto‘g‘ri izohlar ko‘payib ketganiga ushbu masalaga biroz oydinlik kiritib qo‘yishni maqsadga muvofiq deb o‘yladim.

Birinchidan, Uchtepa tumanidagi 50 yildan beri kapital ta'mir qilinmagan, quvvatidan deyarli 3 barobar ko‘p o‘quvchi o‘qiyotgan maktabga Prezidentimiz tashrif buyurganlaridan keyin Toshkent shahridagi maktablarni ahvolini tubdan yaxshilash bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Natijada, shu ikki yil davomida Toshkent shahridagi maktablar ahvolini yaxshilash uchun qo‘shimcha 800 mlrd. ajratiladigan bo‘ldi. Hozir tegishli qaror loyihasi tayyorlanyapti. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan beri, bu birinchi marta Toshkentdagi maktablarga shuncha katta miqdordagi qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi. Natijada boshqa maktablardagi moddiy texnik ahvol ham anchagina yaxshilanishi kutilyapti. Bu aholisi o‘sib borayotgan poytaxtimiz uchun juda kerak (yangi tizim va tanqid asosan Toshkent shahriga bog‘liq bo‘lganiga faqat Toshkent shahridagi mablag‘larni yozdim, boshqa hududlarda ham anchagina qo‘shimcha mablag‘lar ajratilmoqda).

Ikkinchidan, «prestijnyy» deb shu paytgacha aytilayotgan maktablarda ta'lim sifati zo‘r degani emas. Sinfda 40-50 nafar o‘quvchi bo‘lsa, ularning orasida ta'lim tilini bilmaydiganlari tushunmay o‘tirsa qanday sifat bo‘lsin?

Oddiy misol, yaqinda o‘tkazilgan respublika olimpiadasi g‘oliblarining atigi 9 foizi ushbu maktablarga to‘g‘ri kelyapti (22 nafar g‘olibdan 2tasi ushbu maktablarda o‘qigan), vaholanki Toshkentdagi o‘quvchilarning deyarli 43,4 foizi shu maktablarga to‘g‘ri keladi (aslida 81ta maktab Toshkentdagi maktablar sonining atigi 26 foizini tashkil etadi, ya'ni shaharning 26 foiz maktabida 43 foiz o‘quvchi o‘qiyapti!). Shunga boshqa maktablarda ta'lim sifati yomon degan iddao umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ishlab chiqilayotgan ta'lim sifatini obektiv baholash bo‘yicha yangi tizim joriy etilsagina qaysi maktabda ta'lim sifati yuqori ekani aniq bo‘ladi (ikkinchi grafikdagi ulushlarga yaxshilab e'tibor bering!).

Uchinchidan, qaror chiqqani bilan uning ijro mexanizmlari, tegishli dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishga va uning to‘g‘ri ishlashini tekshirishga, ayniqsa to‘lov bilan bog‘liq tizimlarga, qanchadir vaqt ketadi, shunga hozir faqat bepul qabul amalga oshiriladi.

Shuning uchun ayni paytda maktablarga pulli qabul haqida hech qanday gap yo‘q! Shu sababli ortiqcha ehtirosga berilmaslikni, «prestijnyy» maktabga bolangizni joylashtirish uchun tanish-bilish yoki pul qidirmaslikni tavsiya etaman.

Biror tushunmovchilik bo‘lsa, uni maktab ma'muriyati yoki tuman ta'lim bo‘limi vakillari bilan maslahatlashib hal qilishga harakat qilgan ma'qul, internet orqali turli xil «hayplar»ga berilmasdan.

Press-brifingda boshqa barcha masalalarga to‘liq oydinlik kiritiladi.

PS. Toshkentdagi qaysi maktablar birinchi navbatda ta'mirga muhtoj ekanligini izohlarda rasmlar bilan qoldirsangiz bizga yordam bo‘ladi. Mutaxassislar ro‘yxatlar tayyorlashgan, lekin ularni ham yana bir bor tekshirib olinsa foydadan xoli emas. Rasmlar «avvalgi» va «hozirgi» holat uchun kelgusida foydalanishga ham qo‘l keladi, albatta.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-qaroriga muvofiq Toshkentdagi 81ta maktabda 1-sinfga qabul uchun  tajriba sifatida yangi tizim joriy qilinmoqda. Unga ko‘ra boshqa mikrohududdagi maktablarning 1-sinfiga hujjat topshirganlar va maktab yoshiga yetmagan bolalar qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi, buning uchun eng kam ish haqining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘im undirilishi belgilangan.

Bu tartib ijtimoiy tarmoqda ko‘pchilikning noroziliklariga sabab bo‘lib kelmoqda.

Xalq ta'limi vaziri bungacha bir  necha marta yangi tizim bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Mavzuga oid