O‘zbekiston | 11:30 / 21.06.2019
73964
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Senat raisi bo‘ldi

Xotin-qizlar qo‘mitasining sobiq raisi Tanzila Kamalovna Norboyeva Senatning yangi raisi sifatida tasdiqlandi. Bu haqda Senatning 20-yalpi majlisi vaqtida ma'lum qilindi.

Majlisda tashkiliy masala ko‘rildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaning 86-moddasiga muvofiq Senat Raisi lavozimiga Norboyeva Tanzila Kamolovna nomzodini taqdim etdi. (Shavkat Mirziyoyev 20 iyundagi farmoni bilan Tanzila Norboyevani senator etib tayinlagan. Prezident Senatning 16 nafar a'zosini tayinlashi mumkin - tahr).

«Men Tanzila Norboyevaning hukumatdagi faoliyati doirasida qilgan ishlari, ayniqsa, bolalar mehnatini yo‘qotishdagi harakatlarini e'zozlayman.

Xalqaro hamkorlikda ham uning mehnatlari salmoqli», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senatorlar nomzodni qo‘llab-quvvatlagan.

Tanzila Norboyeva bu lavozimda 20 iyun kuni Bosh prokurorlikka o‘tgan Nig‘matulla Yo‘ldoshev o‘rnini egalladi.

Tanzila Norboyeva 1956 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Toshkent Davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan, 1995-2010 yillarda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda ishlagan, 2010-2016 yillarda O‘zbekiston Kasaba-uyushmalari federatsiyasiga raislik qilgan. U 2016 yilning dekabridan buyon O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgandi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston tarixida ilk marta Senatga ayol kishi rais bo‘ldi.

Mavzuga oid