Sport | 16:01 / 22.06.2019
24673
2 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan - «Lokomotiv» bosh murabbiyi

Foto: KUN.UZ

Toshkentning «Lokomotiv» klubida jamoa Superliga 12-turida Samarqandda «Dinamo»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng yig‘ilish o‘tkazildi. Unda jamoaning yangi murabbiyi ma'lum qilindi.

Shu vaqtgacha jamoada maslahatchi bo‘lib ishlab kelgan Samvel Babayan «Lokomotiv» bosh murabbiyi etib tayinlandi. O‘tgan yil «Lokomotiv» bilan qiyin vaziyatdan chiqib ketib, mamlakat chempioniga aylangan Andrey Fyodorov qoniqarsiz natijalar sabab iste'foga chiqarildi.

Samvel Babayan hozirgacha «Navbahor» va «Paxtakor»da menejyer, «Paxtakor» va O‘zbekiston milliy jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. JCh-2018 saralashida o‘zi xohlagan futbolchilarni o‘ynatgani uchun muxlislarning keskin e'tiroziga sabab bo‘lgan Babayan Janubiy Koreya bilan o‘yindan so‘ng o‘zi ishtirokidagi oxirgi matbuot anjumanida savollarga ham javob bermay ketib qolgandi.

Keyinchalik futbolchilarning hujjatlarini o‘zgartirish va o‘z manfaatlarini milliy jamoa manfaatlaridan ustun qo‘ygani uchun Babayan butun umrga futboldan chetlashtirilgandi. Lekin keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Babayanning diskvalifikatsiyasi u e'lon qilinganidan ikki hafta o‘tib bekor qilingan bo‘lgan.

Mavzuga oid