Sport | 17:10 / 02.07.2019
18390
12 daqiqa o‘qiladi

Shart bo‘lgan sharhlar: Yevropa futboliga nazar

Bugundan aksariyat Yevropa klublarda futbolchilar ta'tildan qaytishdi va yangi mavsum uchun tayyorgarlikka kirishishdi. Transfer bozori ham avjida, bu ham yangi mavsum oldidan turli mulohazalarga undaydi. Biroz sokinlikdan foydalanib, Yevropa futbolidagi bugungi holat, ba'zi voqealarga nisbatan fikrlar bilan o‘rtoqlashishning ayni payti. 

YeChL yoki LIGA?

Xosep Gvardiolaning klublar yevrokubokdan ko‘ra, milliy chempionatga ko‘proq urg‘u berishi kerakligi haqidagi mulohazalarida mantiq bor. Uning 2011 yildan beri, biror marta YeChL finaliga chiqa olmay, 7 marta ichki chempionat g‘olibi bo‘lganining bunga aloqasi yo‘q. Albatta, Pep Gvardiola ham, u boshqargan klublar ham, o‘sha chempionliklardan har qaysisini yevrokubokka almashgan bo‘lardi. Ammo bu yerda gap sovrinlar nufuzi emas, tayyorgarlik jarayoni haqida.

Ya'ni klub mavsumga tayyorlanar ekan, bir o‘yinda barchasi hal bo‘lishi mumkin bo‘lgan musobaqalarga urg‘u bermaydi. To‘g‘ri, alohida o‘yinlarda jamoa o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishi mumkin, jamoa kuchi ham shu yerda ko‘rinadi, ammo aksincha, bir uchrashuvda omadsizlikning ham ehtimoli katta. Yangi asrdagi YeChL g‘oliblarini qarang: Uch marta «Real», «Chelsi»- 2012, «Liverpul» – 2005, «Milan» – 2007... Qarang, so‘nggi 12 yilning yarmida g‘olib jamoalar hatto o‘z chempionatlarini yuta olishmagan, biroz beqaror mavsum o‘tkazgan jamoalardir. Demak, o‘sha yillarda aslida Yevropada eng kuchli bo‘lgan qaysidir jamoa g‘olib bo‘la olmagan. Demak, bunday turnirlarda eng kuchli klubning yakunda chempion bo‘lish ehtimoli 50 foiz xolos.

Ligada esa unday bo‘lmaydi. Mavsumni bir tekisda va barqaror o‘tkaza olgan, yaxshi tayyorgarlik va tarkibga ega bo‘lgan jamoa yakunda g‘olib bo‘lishi aniqroq. Klub liga uchun tayyorlanar ekan kuchli poydevor qurishga harakat qiladi. Albatta, bunday tayyorgarlikka ega jamoada Yevropaning eng kuchlisi bo‘lish ehtimoli ham yuqori bo‘ladi. Demak, Gvardiolaning fikrlarida ma'no katta, aslida milliy chempionatga urg‘u berish orqali ham, Chempionlar Ligasi uchun favorit jamoa tayyor bo‘ladi.

«YuVeNTUS»NING SIRI NIMADA?

Turinliklar hali bir sent sarflamay turib ham, «Arsenal»ning so‘nggi yillardagi eng yaxshi futbolchisi Aaron Remzini o‘z safiga qo‘shib oldi. Fransiyalik iqtidorli yarimhimoyachi Rabo ham «Yuventus» a'zosiga aylandi. Bu transfer ham tekinga amalga oshdi. Umuman, o‘tgan yillarni qarasangiz ham, juda ko‘p yulduz yoki iqtidorli o‘yinchilarning erkin agent sifatida Turinga kelganini ko‘ramiz. Evra, Alvesh, Xedira, Pirlo, Pogba... Xo‘sh, buning siri nimada?

Albatta, «Yuventus» rahbariyatining aniq va kuchli transfer siyosatini, ularning mehnatini pastga urmagan holda, bu yerda yana bir, juda oddiy sabab borligini ham e'tirof etish kerak.

Xo‘sh, «Yuventus» qanday klub? Italiyada so‘nggi 8 yilda qatorasiga chempion bo‘lgan, ya'ni har mavsumda kamida bitta sovrin yutishi naqd bo‘lib, yevrokuboklarda ham imkoniyatga ega bo‘lgan buyuk klub. Ayni damda xuddi shu darajadagi klublarni qidirsak, «Real», «Barselona», «Bavariya», «PSJ» va balki «Manchester Siti»ni ko‘rishimiz mumkin. Demak, agar «Yuventus»ning transfer bozoridagi ustunliklari haqida fikr yuritganda, aynan shu klublar bilan raqobatni kuzatish kerak, «Arsenal», «Chelsi» yoki «Manchester Yunayted» kabi yildan yilga beqarorlashayotgan klublarni emas.

Ana endi vaziyatga qarash osonlashdi, shundaymi? Rabo yoki Remzining osongina «Yuventus»ga o‘tishga rozi bo‘lganining sababi, «Real» yoki «Barselona» bu futbolchilarni o‘z safida ko‘rishga u qadar oshiqqani yo‘q. Ya'ni «Yuventus» yuqorida tilga olingan eng top-jamoalar bilan emas, sovrin yutish imkoniyati biroz pastroq bo‘lgan klublar bilan raqobat qilmoqda. «Yuventus» o‘z safiga qo‘shib olayotgan futbolchilar bilan eng top-klublar deyarli qiziqishgani yo‘q. Tabiiyki, ular uchun bu transferlar oson amalga oshadi.

Esingizda bo‘lsa, nolinchi yillar o‘rtalarida xuddi shunday maqomda «Milan» bo‘lgandi. Anchagina top tarkibga ega bo‘lgan milanliklar osonlik bilan erkin agentlarni yoki arzonga tushib qolayotgan yulduzlarni o‘z saflariga qo‘shib olishardi. Ayni o‘sha paytlarda Rivaldo, Ronaldo, Bekhem, Ronaldino kabi futbolchilar «Milan» libosini kiyishgandi.

«LIVeRPUL»: XAVFLI MUKAMMALLIK

Har xil murabbiylar bor. Ba'zilar, masalan, Gvardiola doimo mukamallikka intiladi va shunday jamoa qurish mumkin deb hisoblaydi. Maqsadga erishilgach, ko‘pincha, cho‘qqida qolish qiyin bo‘ladi – turli yangiliklar ish bermay qolishi mumkin. Masalan, Gvardiola «Barselona»da eng zo‘r mavsumini o‘tkazgach, shunday yashab yura olmagan, boshqacharoq nimadir yaratishga muvaffaqiyatsiz uringan.

Ba'zi murabbiylar uchun bu kerak emas, jamoa doimiy rivojlanish, o‘zgarish jarayonida bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar. Masalan, Fergyusonning «MYu»sida doim kuchaytirilishi mumkin bo‘lgan chiziqlar, pozitsiyalar bo‘lardi. Ser bunga shoshilmas, qachonki, o‘sha jihat kuchaytirilsa, ta'mirga muhtoj yangi nuqtalar paydo bo‘lardi. Aynan shu jarayonning ichida yashash, sovrinlar yutish mumkinligini shotlandiyalik murabbiy isbotlagan.

Yurgen Kloppni men har ikki toifaga ham qo‘shishga qiynalaman. Chunki u yuqorida tilga olingan murabbiylar kabi, imkoniyati cheksiz bo‘lgan klubda ishlamagan, masalan «Borussiya»da aynan nimani ko‘rmoqchi bo‘lganini bilolmaymiz. Sababi, har yili klubni bir yulduz tark etar, hammasini boshqatdan boshlashga to‘g‘ri kelardi.

«Liverpul» moliyaviy jihatdan hozir barqaror, har qanday futbolchini sotib olish mumkindir, ammo bu yerda ham Klopp o‘z jamoasini cheklangan resurslar bilan qurgan, to‘g‘rimi? Saloh birinchi tanlov emasdi sotib olinayotganda, agar bir paytlar «Liverpul»da imkoniyat ko‘p bo‘lganida, Maneni emas, Neymarni sotib olardi, balki. Firmino haqida ham shunday deyish mumkin.

Go‘yoki, Fergyuson kabi, doimiy jarayon ichida bo‘lishga uringan Kloppda qayerdandir mukammal jamoa qurilib qolgandek. Axir «Hall Siti»dan olib kelingan Roberson dunyoning eng yaxshi qanot himoyachilaridan biri bo‘lishini kim o‘ylabdi deysiz?

Aynan shunday holat qaysidir ma'noda «Liverpul»ning keyingi qadamlarida noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Aytaylik, to‘rt yil oldingi «Barselona»ni eslang. Neymar–Suares–Messi uchligini. Aynan o‘sha davrda «Barselona» o‘z safiga to‘rtinchi yaxshi hujumchini qo‘shib olishi imkonsiz edi. Chunki u kim bo‘lishidan qat'i nazar, bu uchlikdan birini raqobatda yutishi qiyin, demak boradigan futbolchi, oldindan zaxirada o‘tirishni qabul qilishi kerak bo‘lardi.

Qaysidir ma'noda, «Liverpul»ning bugungi hujum chizig‘ini qiyoslash mumkin. Mane–Firmino–Salohning birortasini jamoadan chetda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Va kimdir kelib, bu uchlikning birortasining o‘rniga kirib, yaxshiroq uchlik hosil qilishi mumkinligiga ham ishonish qiyin. Xo‘sh, nima bo‘libdi, dersiz. Yaxshi, ammo bu uchlikning «Barselona» uchligidan farqi bor, menimcha. Hurmatni saqlagan holda, «Liverpul» hujumchilari Messi, Neymar yoki Suares darajasida emasdek tuyuladi menga, demak, qachondir ular o‘tgan yilgi barqarorlikni ko‘rsata olmay qolishadi. Buni oldindan davolash imkoni ham oz – yuqorida aytganimdek, bu darajadagi boshqa hujumchi bu sharoitda «Liverpul»ni tanlashga qo‘rqadi. Mavsumni zaxirada boshlashga kim ham rozi bo‘lardi?

Nazarimda, bu mavsum «Liverpul»ga sal qiyin bo‘lsa kerak.

«ARZIMAYDIGAN» REShFORD

Ba'zi manbalar hatto 300 ham deyishyapti, ishonchlirok odamlardan 200 ming funt deb eshitdik ham – 21 yoshli Markus Reshford klub bilan yangi shartnoma imzoladi. Agar APLdagi boshqa klublar, u yerdagi yulduz futbolchilarning maoshi bilan taqqoslasak, Reshford uchun to‘lov juda katta, buning ustiga o‘tgan mavsumda Markus u qadar barqaror bo‘lmadi, faqat ayrim pallalarda o‘zini ko‘rsatdi, xolos. Lekin, boshqa tarafdan, klubda boshqa yo‘l qolmaganini va maosh qancha katta belgilangan bo‘lsa-da, yangi shartnoma to‘g‘ri yechim bo‘lganini ta'kidlash kerak.

Birinchidan, Reshford hali yosh. Endigina 21 yoshga kirdi. Barqaror mavsum uyoqda tursin, xuddi shunday salohiyatga ega bo‘lgan futbolchilar yuz millionga yaqin baholanayotganini ko‘rib turibmiz. Uch yillik tajribaga ega bo‘lgan Reshford bilan shartnoma tuzmaslik, mana shunday boylikni tekinga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lish demakdir. Bunday jarayondan «Barselona» ham, «Yuventus» ham bemalol foydalanib qolishi mumkin edi.

Bu shartnoma yordamida «Manchester Yunayted» hech narsa yo‘qotmaydi. Agar Reshford Sulsher qo‘l ostida yanada o‘sib, top darajaga chiqsa, bu shartnoma hech narsa emas, hatto yanada qimmatroq yangi kelishuvga ham rozi bo‘lish mumkin.

Mabodo, Reshford yana mavhum taassurot uyg‘otsa, kutilgan o‘yinni namoyish qila olmasa ham, yechim qiyin emas. O‘sha holatda ham, Reshford yaxshi tezlik, texnika va tajribaga ega bo‘lgan atigi 22 yoshli hujumchiligicha qoladi. Bunday aktivni esa, yaxshigina narxga pullasa bo‘ladi. Ya'ni kelayotgan mavsum uchun Reshford uchun haftasiga 100 ming funtni qizg‘anmaslik oqibatida, katta qiymatdagi futbolchiga bo‘lgan egalik huquqi saqlab turiladi, xolos.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid