O‘zbekiston | 16:33 / 05.07.2019
48786
9 daqiqa o‘qiladi

«Damas»lar mojarosi. Termizdagi holat tafsilotlari

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Termiz shahar hokimining «Termiz shahrida avtobus xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tib, qaror qabul qilindi.

Hujjat bilan 2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugashi e'tirof etilishi belgilandi. 2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faqat avtobuslarga belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchi tashishga ruxsat berildi.

O‘z navbatida, qaror ostida yuzlab norozilik ohangidagi fikrlar qoldirilgan bo‘lsa-da, u bildirilgan fikrlar inobatga olinmasdan qabul qilingan. Buning natijasida, Termiz shahar hokimligi binosi oldida haydovchilar to‘planib, o‘z noroziligini bildirishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Islomjon Zokirov Termizda «Damas» avtomashinalari yo‘lovchi tashish yo‘nalishidan olib tashlangani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirib chiqdi.

Aytilishicha, prezidentning 2017 yil 10 yanvardagi «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2724 sonli qarorida «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash haqidagi biror jumlaning o‘zi yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi PQ-2724 sonli qarori bilan to‘liq tanishmagan aholida, «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash go‘yoki, «Prezident qarori bilan amalga oshirilayotgan ekan», degan noto‘g‘ri xulosa paydo qiladi.

«Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu PQ-2724 sonli qarori bitta shahardagi 700ga yaqin kishini ishsiz qoldirish uchun emas, balki, aynan mamlakat shahar va qishloqlarida aholi bandligi muammolarini hal etishda avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish maqsadida qabul qilinganini ham unutmasligimiz kerak», - deydi deputatlar.

«Albatta, joylarda aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yaxshilash zarur. Biroq bunga shu kunga qadar faoliyat ko‘rsatib kelgan tadbirkorlarning faoliyatini taqiqlash bilan emas, balki sog‘lom raqobat muhitini, qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda ichki avtomobil yo‘llarining sifatli darajaga keltirish kabi ishlarni yo‘lga qo‘yish orqali erishish lozim deb hisoblaymiz», - deyilgan munosabatda.

Shundan so‘ng, Termiz shahar hokimligi matbuot xizmati Termiz shahrida «Damas» haydovchilari ishsiz qolib ketgani» haqidagi postlar va fikrlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Aytilishicha, o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra shahar hududida harakatlanuvchi transport vositalari aholiga noqulayliklar keltirmoqda.

«Shahar hududida faoliyat yurituvchi «Damas» yo‘nalishli taksilarning tartibsiz qatnovi natijasida 2018 yil davomida 32ta, 2019 yilning 4 oyi davomida 11ta transport hodisasi sodir etilib, jami 17 kishi turli darajadagi tan jarohati olgan. Shahar ichidagi yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi «Damas»larning aksariyati noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan», - deyilgan xabarda.

«Asosiy masala yo‘nalishli «Damas» haydovchilarining doimiy bandligini ta'minlash maqsadida, Termiz shahriga shahar atrofidan kirib kelayotgan taksilar («Damas») uchun yangi yo‘nalishlar tegishli tartibda tashkil qilinib, barcha «Damas» haydovchilarining ish bilan bandligi ta'minlangan. 

Avtobuslar harakatlanishiga noqulay bo‘lgan hududlarda yangi yo‘nalishlar tashkil etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlarni yaratish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida 10ta shahar atrofi yo‘nalishlari ikki tomonlama tashkil etildi», - deyiladi hokimlik izohida.

Adliya vazirligi esa Termiz shahri hokimligi tomonidan shahardagi «Damas» rusumli avtomashinalarga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi bilan bog‘liq masala yuzasidan taqdimnoma kiritdi.

«Ta'kidlab o‘tish lozimki, mazkur qaror loyihasi Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi va raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prinsiplarini buzishi mumkinligi tufayli Savdo-sanoat palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilishi lozimligi haqida xulosa taqdim etilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan qonun hujjatlari rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi lozim.

Biroq, Termiz shahar hokimligi tomonidan qaror tegishli idoralar bilan kelishilmasdan, adliya bo‘limining huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha ijobiy xulosasini olmagan holda qabul qilinganligi natijasida qator qonun hujjatlari talablari buzilgan.

10 kunlik muddatda mazkur qarorni bekor qilish, shuningdek aybdor shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishi uchun 2019 yil 3 iyul kuni Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan Termiz shahar hokimligiga taqdimnoma kiritildi», - deyilgan vazirlik ma'lumotida.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham Termizda yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanib kelgan «Damas» avtomashinalari haydovchilarining noroziligi aks etgan xabarlar yuzasidan o‘z surishtiruv ishlarini olib bordi.

«Termiz shahar hokimligi shahar ichida harakatlanayotgan yo‘nalishli taksilar («DAMAS») harakatini 2019 yil 1 iyuldan to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmasi aks ettirilgan qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonuni 12-moddasi to‘rtinchi va oltinchi xatboshilari va Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-son qarori talablarini buzilishiga olib kelgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mazkur holatlar yuzasidan Termiz shahar hokimining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlariga baho berish yuzasidan tegishli ish yurituvga olindi.

Ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma'lum qilinadi», deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Shundan keyin, yo‘nalishli taksilar bilan bog‘liq masala yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari, adliya va monopoliya organlarining Termiz shahar hokimining 2019 yil 13 iyundagi «Termiz shahrida transport xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori yuzasidan bildirgan e'tirozlari ham muhokama etilib, qayd etilgan qarorni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berilgan.

Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 17 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan «Shaharda yo‘lovchilarni tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etishga oid» nizomda belgilangan shartlar va tartib asosida ochiq tenderlar o‘tkazish hamda bugungi kunga qadar tender kontraktiga muvofiq tegishli yo‘nalishda ishlash huquqini tasdiqlovchi guvohnomasiz faoliyat ko‘rsatib kelgan transport vositalari uchun tashkil etilgan yangi yo‘nalishlarda ular faoliyatining davomiyligi ta'minlash bilan bog‘liq masalalar belgilab olingan.

Mavzuga oid