Iqtisodiyot | 07:32 / 11.07.2019
38216
4 daqiqa o‘qiladi

Bug‘doy uni va guruch narxi nega qimmatlashdi?

Foto: iStock

Davlat statistika qo‘mitasi 2019 yil iyun oyida iste'mol sektorida narx o‘zgarishi yuzasidan hisobotini e'lon qildi. Unga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli o‘sish kuzatilganligi qayd etildi . 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida tovarlar va xizmatlar narxi 5,6 foizga qimmatlashdi. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan iste'mol sektoridagi narxlar 13,6 foizga oshdi.

Shunga mos ravishda, asosiy iste'mol mahsulotlari bo‘lgan guruch va bug‘doy qimmatlashdi. Guruch narxi joriy yilning birinchi yarmida 9,7 foizga, bug‘doy uni 3,6 foizga qimmatlashdi. Ushbu mahsulotlar narxlarining eng yuqori darajada qimmatlashganligi joriy yilning yanvarida qayd etilgan bo‘lib, unda narxlar mos ravishda 2,4 foiz va 1,6 foizga ko‘tarilgan.

Davlat statistika qo‘mitasining xabar berishicha, iste'mol tovarlari va xizmatlari narxlari indeksi (INI) inflatsiya darajasini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, ushbu ma'lumotlar qo‘mita, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy Bank kelishuvi bilan ishlab chiqilgan «Tovar va xizmatlarning iste'mol narxlari (tariflari) kuzatuvini tashkil etish va iste'mol narxlari indeksini hisoblash bo‘yicha uslubiy nizom» ga asosan olib boriladi.

Iste'mol narxlari indeksi ma'lumotlari har oyning 10 va 20 kunida respublikaning 120 ta tuman va shaharlaridagi alohida tartib asosida tanlab olingan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida aniq turdagi tovar va xizmatlarni narxlari kuzatiladi va ular asosida yagona ma'lumotlar bazasi shakllantiriladi. Hosil bo‘lgan natijalar xuddi shu tartib bo‘yicha avvalgi davrlarda shakllantirilgan ma'lumotlar bilan o‘zaro taqqoslagan holda narxlarning oshganligi yoki pasayganligi aniqlanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi guruch va bug‘doy uni narxi oshishiga o‘tgan yilgi qurg‘oqchilik asosiy sabab bo‘ldi, deya axborot berdi. 

«Guruch narxining qimmatlashgani ushbu mahsulot zaxirasi kamligidan bo‘ldi. O‘tgan yili yog‘ingarchilik kam bo‘ldi. Boshqa ekinlarga ham suv yetkazish zaruriyati tufayli sholi maydonlari qisqartirildi. Natijada, belgilangan reja bajarilmay qoldi. Hozir savdo rastalaridagi guruch o‘tgan yilgi hosil hisoblanadi. Joriy yilda mavsum seryog‘in kelganligi hisobiga oktyabr-noyabr oylarida (yangi hosil olinganda) narx pasayishi kutilmoqda»,  —  deyiladi axborotda.

Vazirlik izohiga ko‘ra, bug‘doy uni o‘tgan yili asosiy lalmi yerlarga g‘alla ekilmay qolgani hisobiga qimmatlagan. 

«Faqat suvli g‘alla maydonlaridan hosil olindi. Qolaversa, Qozog‘istonda ham un narxi ko‘tarilishi O‘zbekistondagi vaziyatga ta'sirini o‘tkazdi. Rossiyada ham o‘tgan yili hosil kam bo‘ldi va shuning uchun Qozog‘istondan bug‘doy import qilindi. O‘z navbatida, Qozog‘iston narxlarni oshirdi. O‘zbekistonda bu yilgi vaziyat ancha barqarorlashdi (seryog‘in mavsum tufayli). Shu oyda bug‘doy narxiyam mo‘'tadillashadi», — deya qo‘shimcha qilinadi izohda. 

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi

Mavzuga oid