Deputatlar avtomobil oynalarini qoraytirish masalasini qanday hal qilmoqchi?
2019 yil 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qonun loyihalari bilan birga, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishning asosiy mavzusi tonirovkaga nisbatan kamroq qoraytirilgan oynalarga ruxsat berish masalasi bo‘ldi.
Bu yilgi yoz oylari O‘zbekiston meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida eng issiq ekani qayd etilmoqda. Ayniqsa, bunday jazirama kunlar avtomobil haydovchilariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik, ayniqsa, haydovchilar tomonidan qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan mavzu, shubhasiz, avtomobil oynalarini qoraytirish («tonirovka») masalasidir.
Yig‘ilishda «Adolat» SDP fraksiyasi deputatlariga xalqimiz tomonidan haydovchi va yo‘lovchilarni yozning jazirama issig‘idan himoya qilishda yetarlicha sharoitlar yaratish masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani ta'kidlangan. Murojaatlarda asosiy masala sifatida, yozning issig‘idan, quyoshning nurlaridan, ayniqsa, ultrabinafsha nurlaridan saqlanishda avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berish so‘ralgan.
«Hozir foydalanishda zavoddan chiqadigan standart bo‘yicha oyna va pul evaziga qilinadigan tonirovkali oynalar bor. Biz yurtimizdagi issiq ob-havoni hisobga olib termal plyonkali oynalar bo‘yicha taklif kiritmoqchimiz. Haydovchilar e'tiroz bildirishmoqda. Biz taklif bermoqchi bo‘lgan oynalar zavoddan chiqqan standartli oynalarga nisbatan 15 foiz qoraytirilgan bo‘ladi. Bu issiqlikni qaytarmaydi, lekin ultrabinafsha nuri bilan quyoshning zararli nurlarini, 85 foiz issiqligini o‘zida ushlab qoladi. Ammo, yorug‘lik tushadi. Ichini bemalol ko‘rish mumkin. Nega biz buni taklif qilib kirityapmiz? Standart bo‘yicha zavoddan 30 foiz qoraytirilib ishlab chiqarilsa, buni qo‘shganda 45 foiz qorayib javobgarlikka asos bo‘lib qoladi. Qonun bo‘yicha 70 foizdan oshmasligi kerak. Buning uchun tegishli to‘lovni amalga oshirish kerak. Tajriba qilib ko‘rdikki, 45 foizdan oshib ketsa, ichkari ko‘rinmay qoladi. Tajribani ««O‘zstandart»» agentligi vakillari bilan o‘tkazdik», deydi Oliy Majlis deputati Umid Sulaymonov.
Shuningdek, deputat hozirgi kunda ushbu qarorga sezilayotgan ehtiyoj va aholiga nisbatan notenglik haqida ta'kidlab o‘tdi.
«O‘zi tonirovka qilish yozning issig‘idan, ayniqsa bu yilgi issiqni ko‘rib turibsiz, quyosh nuridan, ultrabinafsha nuridan saqlanish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Hammaga ma'lumki, avtomobil oynalari tusini qoraytirish, ya'ni tonirovka eng kam oylik ish haqining 90 barobari hisobida to‘lov qilinishi kerak. Bu 18 million so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lashga to‘g‘ri keladi. Shunda ham to‘lovga qurbi yetsa. Shunda ham faqat orqa oynalar qoraytirilishi mumkin. Haydovchilar quyosh issig‘idan baribir aziyat chekishadi. Pul to‘laydi, lekin baribir o‘sha ahvol. Ommaviy axborot vositalarida aytildiki, ichki ishlar organlari tomonidan xavfsizlik nuqtai-nazaridan to‘g‘ri emas. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Ham xalqimizga, ham xavfsizligimizga to‘g‘ri keluvchi yechimga kelish mumkin. Izlanishlarimiz bilan yuqoridagi taklifga keldik. Bunda ham haydovchining sog‘lig‘i ziyon ko‘rmaydi, ham xavfsizlik masalasi o‘z yechimini topadi. Biz ikkita mashinani 10-15 daqiqa issiqda qoldirib sinab ko‘rdik. Biri termal plyonkali oynada, biri zavoddan chiqqan holatdagisi. Shu vaqt oralig‘ida farq 5-8 darajada bo‘ldi. Uzoq tursa, yana ham bu farq oshadi. Shu sababli, tonirovka pul hisobiga bo‘lsa ham, lekin shu turdagi oynalar bepul bo‘lishi lozim», deya deputatning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ushbu masalada partiya a'zolari, deputatlar yakdillik bilan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini jo‘natishni va bu bo‘yicha tezroq qaror qabul qilish kerakligini aytishdi.
Biroq Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirishga) ruxsatnoma olish jismoniy shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining to‘qson baravari (18 245 700 so‘m), yuridik shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining bir yuz yigirma baravari (24 327 600 so‘m) miqdoridagi mablag‘ni to‘lash orqali amalga oshiriladi. Tabiiyki, ko‘plab fuqarolarimizda buncha mablag‘ to‘lash evaziga bir yilgagina ruxsatnoma olishga moddiy imkoniyat yetarli emas.
Deputatlar tomonidan ta'kidlanganidek, agar ushbu summani to‘lashga haydovchining qurbi yetsa ham, unga buning issiqdan himoyalanishga xech qanday nafi bo‘lmaydi, chunki qarorga asosan, oynalarining tusini o‘zgartirish avtotransport vositasining faqatgina orqa oynalariga ruxsat beriladi, xolos. Demak, haydovchi qaror talablarini bajaraman deb pul to‘laydi va o‘zi yana o‘sha quyosh nurlarida qoladi.
Albatta, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda, turli veb-saytlarda bu narxning juda qimmatligi, uni butunlay bekor qilish yoki mablag‘ miqdorini kamaytirish, darpardaga ruxsat berish to‘g‘risida takliflar bildirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari esa, mablag‘ miqdorini o‘zgartirishga hech qanday munosabat bildirmagan holda, oynalarining tusini o‘zgartirish fuqarolarimiz xavfsizligiga salbiy ta'sir o‘tkazishini ma'lum qilish bilan cheklanmoqda, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zolari fuqarolarni qiynayotgan ushbu masala yuzasidan, aholi fikrlari, ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlar va mutasaddi vazirlik pozitsiyasini o‘rganib, ham xalq manfaatlari, ham xavfsizlik talablarini inobatga olgan holda, o‘z takliflarini ishlab chiqdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda avtotransport vositalariga ehtiyot qismlari bilan savdo qilish do‘konlarida termal plyonkani uchratish mumkin. Ushbu plyonka bir muncha shaffof bo‘lib, uning asosiy vazifasi avtomobil salonini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlab, jaziramada isib ketishini bir muncha kamaytiradi.
Shuningdek, yig‘ilishda haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida taklif etilayotgan termal plyonka bilan qoplangan avtomabil oynalarining bir nechta namunalari ko‘rgazmali ko‘rinishda taqdim etilib, ularning afzalligi va qulayliklari bo‘yicha yig‘ilganlarga batafsil axborot berildi.
Taqdim etilgan namunalardan ko‘rish mumkinki, termal plyonka o‘zining xususiyatiga ko‘ra, tonirovka plyonkasidan ancha ustunlikka ega va haydovchilar uchun ham yon-atrofni ko‘rishga xalaqit bermaydi. Eng asosiysi, transport vositasining ichidagi shaxslar tashqaridan bemalol ko‘rinadi va hech kimning xavfsizligiga daxl qilmaydi.
Deputatlarning ushbu tashabbusini yig‘ilishda hozir bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimlari, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi va “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari qo‘llab-quvvatlashdi va bu orqali fuqarolarimizga avtomobildan foydalanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratilishi ta'kidlandi.
Deputatlar e'tirof etganidek, ushbu masalada muammoning yechimi sifatida Hukumat qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi taklif tayyorlanmoqda. Ya'ni, Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.4-bandiga muvofiq, transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70 foizdan kam bo‘lsa, undan foydalanish taqiqlanishi belgilangan normani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Unga ko‘ra, mamlakatimizda ushbu 70 foiz cheklovi 15 foizga, ya'ni 55 foizgacha tushirilsa, haydovchilar bemalol termal plyonkadan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa, nafaqat yo‘lovchilarga, balki, haydovchilarga ham afzalliklar tug‘diradi. Deputatlar, shuningdek, ushbu amaliyotni jamoat transportlarida ham qo‘llash mumkinligi taklifini ilgari surishdi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar va muhokamalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan fraksiyaning takliflarini Vazirlar Mahkamasiga yuborishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
12:54 / 05.10.2024
Hindistonlik erkak noodatiy avtomobillar kolleksiyasi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi
16:22 / 09.07.2024
Islohotlar agentligi ma’muriy jarimalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar bildirdi
17:58 / 01.09.2023
Santa Fe’dan Traverse’gacha - dunyo avtomobil bozorida taqdim etilgan so‘nggi krossoverlar
19:24 / 15.08.2023