O‘zbekiston | 22:32 / 06.08.2019
54948
5 daqiqa o‘qiladi

Akmal Saidov «snos»lar bo‘yicha: Ba'zi amaldorlar bir oy ko‘zimni ochirishmagandi

Bugun, 6 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan brifing o‘tkazildi. Unda qatnashgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taqiqlangan bolalar mehnati, amaldorlar bosimi haqida ham aytib o‘tdi.

«Xalqaro tashkilotlar, turli inson huquqi himoyachilari tomonidan bolalar mehnati borasida statistikalar keltirilgan. Men ularning ma'lumotlarini keltira olaman. Unga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 3 millionga yaqin bolalar paxtaga olib chiqilar edi. Lekin men ushbu ma'lumotlarga doimo ishonmaganman. Oddiy arifmetika bo‘yicha hisoblasangiz ham bu ma'lum. Oddiy arifmetika bilan hisoblasangiz qayerdadir 5-sinfdan, qayerdadir 7-sinfdan olingan. Shuning ortidan 60dan ortiq kompaniyalar bizga boykot e'lon qilgandi. O‘ylaymanki, bu ishlar siyosiy tazyiqqa aylantirilgan. Iqtisodiy tarafdan bu AQSh Osiyo bozorida O‘zbekistonga boy berganidan deb o‘ylayman.

Qonunchilikdagi yangilik sifatida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi. Hukumat tomonidan qonunchilik palatasiga keldi va hozir mening qo‘mitamga kelib tushdi. Hozir men buni birinchi o‘qishga tayyorlayapman. Bu masalada barcha yechimlar shu qonunda beriladi. Bolalarning masjidga borish masalasida savol berildi. Bolalarning asosiy vazifasi bu o‘qish. O‘qishdan tashqarida ota-onasi bilan masjidga borishida hech qanday tazyiq yo‘q. Libos masalasiga kelsak, maktab bizda dunyoviy. Agar maktab diniy bo‘lsa, madrasami yoki Xadichai Kubromi, marhamat o‘sha maktab qoidalari bo‘yicha kiyinavering. Lekin dunyoviy davlatda dunyoviy talablarga amal qilishingiz kerak. Diniy libos masalasida dunyoda biror joyda aniq tushuncha yo‘q. Hayit namozlari, hatto juma namozlaridan olib chiqilgan holatlarni ham ko‘rsatdi deyishyapti. Bu noto‘g‘ri. Bu nima degan gap?» deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Markaz direktori hozirgi kundagi «snos»larga ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Men ham bu masala bo‘yicha o‘z talablarimni bildirdim. Hokimlar fuqarolarni qabul qilishi shart dedim. Bunga hokim janoblari qachon amal qiladi? Xo‘jayevning uyi buzib yuborilganda Ortiqxo‘jayev janoblari bilan kim uchrashuv tashkil qildi? Ortiqxo‘jayev menga murojaat qilib, rosa kesatdi-ku: «Janob Saidov menga xat yozdi», deb.

O‘sha vaqtda men aytgan gaplarni bajarishganda edi, hozirgidek holatga tushmasdik. Bir oy ko‘zimni ochirishmagandi. O‘sha rahbarlar, katta-kattalar. Murojaat qilgan odamlar mening tug‘ishgan qarindoshimmas. Menga murojaat qilishdi, yordam so‘rashdi. «Qabul qilishsa bo‘ldi. O‘zim tushuntirib olaman» deyishdi. Buzilishlar qonun doirasida bo‘lsin dedim. Agar o‘sha odam qonunni buzgan bo‘lsa ham, uyni buzish uchun sudning qarori bo‘lishi kerak. Kompensatsiyani qilinglar dedim. Agar o‘shanda hamma boshini ko‘targanda edi, Yakkabog‘, Rishton voqealari bo‘lmasdi. O‘zbekistonning yuziga dog‘ tushirgan aynan shu ishlar bo‘ldi. Xususiy mulk daxlsiz bo‘laturib shunday holatlar kuzatilsa, xorijiy sarmoyadorlar keladimi?! Men chet elda ishlaganman. Chet elliklar bilan muloqot qilaman. Ularning munosabatini bilaman-ku. Qonunga, xususiy mulkka ishonch bo‘lishi kerak. Mustaqil sud bo‘lishi kerak, mulkimni himoya qila olishim kerak. Shuningdek, menga birov tazyiq o‘tkazmasligi kerak. Bu oddiy bir odamning uyini buzishmas, buning katta siyosiy ahamiyati ham bor. Biz mamlakat miqyosida emas, xalqaro miqyosda fikrlashimiz kerak», deydi Akmal Saidov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 27 aprel kuni shahar hokimligi binosida investor Muhammadbobur Xo‘jayev va uning sherigi, xususiy quruvchi Aziz Zokirov bilan muloqot o‘tkazgandi. Uchrashuv boshida shahar hokimi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi rahbari Akmal Saidov tomonidan yuborilgan xatni o‘qib eshittirgandi. Xatda tadbirkorning shikoyati o‘rganib chiqilishi hamda OAVda tarqalayotgan xabarlarni qonuniy va adolatli ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Mavzuga oid