Jamiyat | 15:00 / 06.08.2019
49510
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda avtobus ag‘darilib ketishiga haydovchi uxlab qolgani sabab bo‘lgan

Buxoroda «Olmaota—Nukus» yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobusning ag‘darilib ketishiga haydovchini uyqu elitishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

4 avgust kuni «Buxoro—Xorazm» (Olmaota—Nukus) yo‘nalishida harakatlanib borayotgan yo‘lovchi avtobusi yo‘l chizig‘idan chiqib ketib, ag‘darilgani haqida xabar berilgan edi. Yo‘l transport hodisasi oqibatida avtobusda 1 yo‘lovchi voqea joyida vafot etib, 2 kishi og‘ir va 8 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Buxoro viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor harakatlar natijasida holatga oydinlik kiritilgan. Van Hool rusumli, KZ545 APV13 raqam belgili ushbu yo‘lovchi avtobus qozog‘istonlik «Yug Trans Layn» jamiyati haydovchisi, Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi, 1978 yilda tug‘ilgan Rustamjon Aliyev boshqaruvida bo‘lgan. Rustamjon Aliyev uyqu elitishi tufayli Jondor tumanidagi «Luqmon» MFYga qarashli cho‘l hududidan o‘tuvchi A-380 xalqaro ahamiyatdagi yo‘l — Buxoro—Xorazm (Olmaota—Nukus) yo‘nalishining 299-kilometrida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtobus yo‘l chizig‘idan chiqib ketgan va yo‘lning chap tomoniga ag‘darilgan.

Avtobusda jami 46 kishi bo‘lgan, ulardan 13 nafari qozog‘istonlik (ikki haydovchi), 33 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan.

YTH oqibatida 2008 yilda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan, Nukus shahridagi 31-maktabning 4-sinfini tamomlagan Aray Saparbayevna Umurzakova voqea joyida vafot etgan. 12 nafar yo‘lovchi esa avariyadan so‘ng yo‘lovchi transportlar orqali yashash manzillariga ketib qolgan. Hozirda ushbu fuqarolarning ham shaxsini aniqlash bo‘yicha tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i I.Narziyevning ma'lum qilishicha, jabrlangan fuqarolar zudlik bilan Gazli shaharchasi shifoxonasiga yetkazilgan. Bu yerda ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

«Mudhish avariya sodir bo‘lgani haqidagi xabar kelgach, zudlik bilan yetib kelindi va jabrlanganlar Gazli shaharchasidagi shifoxonaga yetkazildi. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Jabr ko‘rgan va ahvoli nisbatan xavotirli bo‘lgan 12 nafar fuqaro Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelindi. 8 nafariga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvoli o‘nglangach, uylariga ruxsat berildi. Qolgan 4 nafar bemorning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda bo‘lib, muolajalar davom ettirilmoqda», — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev yo‘l transport hodisasi oqibatida jabrlanganlar holidan xabar olish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga kelgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi
Foto: Buxoro viloyati hokimligi
Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Holat yuzasidan avtobus haydovchisi Rustamjon Aliyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid