Jamiyat | 16:10 / 12.09.2019
50712
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkino»da rahbar o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga binoan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov «O‘zbekkino» Milliy agentligi direktori etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Firdavs Abduxoliqov

U bu lavozimda 2017 yilning avgustidan buyon «O‘zbekkino»ga rahbarlik qilib kelgan Furqat Zokirov o‘rnini egalladi.

Ayni vaqtda 56 yoshda bo‘lgan Firdavs Abduxoliqov 1992—1995 yillarda O‘zbekistondagi dastlabki xususiy telekanallardan biri — «STV» va ilk nodavlat gazetalardan biri — «Darakchi»ga asos solgan. 2003 yildan O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib keladi.

Firdavs Abduxoliqov qator hujjatli filmlarga prodyuserlik qilgan. Uning rahbarligida O‘zEOAVMA tomonidan Rossiya telekanallari bilan hamkorlikda «O‘zbekiston – qumliklar javohiri», «Qoraqalpog‘iston vaqt qumliklari oralab», «O‘zbekiston. Qo‘lga kiritilgan kashfiyotlar», «Nukus. Noma'lum kolleksiya» singari hujjatli filmlar suratga olingan. 

Shuningdek, Firdavs Abduxoliqov BBC, EURONEWS, CNBC  va boshqa bir qator xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda ko‘plab medialoyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Yaqinda efirga uzatilgan «Katta Langar Qur'oni: sirlar va haqiqatlar» hujjatli filmi shular jumlasidan.

Firdavs Abduxoliqov shuningdek, 2018 yilda Sankt-Peterburgda «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» loyihasi doirasida o‘tkazilgan II Xalqaro kongressda 300dan ortiq jahon olimlari tashabbusi bilan tuzilgan O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi hisoblanadi.

Mavzuga oid