O‘zbekiston | 15:20 / 14.09.2019
36636
2 daqiqa o‘qiladi

2019 yilning 6 oyida O‘zbekistonga qancha go‘sht olib kirilgan?

Foto: Depositphotos.com/AChubykin

O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma'lumotlar portali bu boradagi raqamlarni oshkor qildi. Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yilning birinchi yarmi davomida respublikamizga yirik shoxli qoramol go‘shtidan 985 tonna import qilingan. Bu mahsulot qiymati 3 mln. AQSh dollari atrofida bo‘lgan.

Shu turdagi go‘shtning muzlatilganidan esa 204 tonnaga yaqin import qilingan. Bu salkam 478 ming AQSh dollari ekanligi qayd etilgan.

O‘tgan bu davrda 5,8 mln. AQSh dollari qiymatida bo‘lgan 7674 tonna parranda go‘shti va mahsulotlari import qilingan. Tirik baliq miqdori 4,5 tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, muzlatilgan baliqdan 260 ming AQSh dollari qiymatida 47,7 tonna olib kirilgan.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi paytlarda go‘sht mavzusi ko‘p muhokama qilindi. Xususan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitovning “Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar? To‘g‘ri, ozuqa yetishmasligi birinchi sabab, ikkinchidan, bugun biz juda ko‘p go‘sht iste'mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti. Buni «Amerika kasalligi» deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor. Men faqat go‘shtni aytmayapman, ovqatlanish madaniyatimiz yo‘q...” degan so‘zlari ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatovning “Go‘sht narxi yana qimmatlashadi” — Vodiyning uch viloyatidagi go‘sht narxi haqida” nomli maqolasida bu mahsulot qiymatining o‘sish sabablari atroflicha tahlil qilingan.

Mavzuga oid