Jamiyat | 00:12 / 14.09.2019
71870
2 daqiqa o‘qiladi

Senator Iqbol Mirzo to‘ylarga oid yangi taklif bilan chiqdi

Foto: senat.gov.uz

Bugun, 13 sentabr kuni Senat binosida Oliy Majlis Senati yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishdagi ishlar samarasini oshirish, shuningdek, Yoshlar ittifoqi bilan vakillik hamda ijro hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda yoshlar orasida uchrayotgan muammolardan biri sifatida to‘y marosimlarining ortiqcha dabdaba bilan o‘tayotgani,  buning oqibatida yangi oila qurgan kelin-kuyovning xonadonida moliyaviy qiyinchiliklar paydo bo‘lishi holati ham bildirilgan.

Mavzu yuzasidan muhokamaga Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, shoir Iqbol Mirzo qo‘shilib, to‘y marosimi asl milliy odatlarimizga xos tarzda, ortiqcha sarf-xarajatlar va dabdababozliklarsiz tashkil etilishi kerakligi  hamda Respublikadagi namunali o‘tayotgan har bitta to‘y marosimini markaziy telekanallar orqali yarim soat, qirq daqiqa vaqt davomida namoyish qilib borish taklifini bildirgan va "Sizlar nima deysizlar?", deya Madaniyat vazirligi va Yoshlar ittifoqi mutasaddilariga savol bilan yuzlangan. O‘z o‘rnida ular senator Iqbol Mirzoning taklifini ma'qullashgan, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid