Jamiyat | 17:54 / 25.09.2019
46250
7 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahrida yangi qurilgan ko‘p qavatli uy nega huvillab qolmoqda?

Qarshi shahridagi «Qarshi» mahallasidagi 3-ko‘p qavatli uyda 48ta xonadon joylashgan bo‘lsa hozir nari borsa 17–20ta xonadon ahli yashab turibdi.

Qator oilalar amallab sotib olgan uyini yashash sharoiti yo‘qligi uchun tashlab ijaraga uy olib chiqib ketishgan. Hozir bir necha xonadonlar ham mana shu uyi uchun ham, ijara uyi uchun ham har oy pul to‘laydi.

Hech qanday suv tarmog‘isiz ko‘p qavatli turarjoyni tasavvur qiling. Uy 2018 yil foydalanishga topshirilgan bo‘lsa ham hanuz ichimlik suv tarmog‘iga ulanmagan. Aholi uy atrofida qolib ketgan suv jo‘mragidan idishlarda suv tashib ketadi.

Uyning barcha kirish yo‘laklari oldida bitta o‘rindiq o‘rnatilgan. Ammo ana shu har bir o‘rindiq oldida bittadan qo‘lansa hid anqib turadigan kanalizatsiya qudug‘i bor. Aholi kulgi aralash «quruvchi shu yo‘l bilan ustimizdan kulsa kerak-da» deydi. Aksiga olib bu kanalizatsiya quduqlarining bir nechtasining qopqog‘i allaqachon sinib ketgan.

Uyda kommunal xizmatlardan faqat elektr energiyasi bor. Garchi, hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lsa-da negadir quruvchi – «Qarshi inshoot qurilish montaj» MChJ hisoblagichlar sertifikatini aholiga bermay kelmoqda. Bu esa iste'molchi va elektr tarmog‘i korxonasi o‘rtasida muammolarga sabab bo‘lmoqda. Uy egalari quruvchi bilan bog‘lanishning o‘zi katta muammoligini aytishmoqda.

Uylarda isitish tizimi ham mavjud emas. Quruvchi xonadonlardan uy yaqinidagi gaz taqsimlash uskunasigacha quvurni tortib borgan, ammo bir yarim yildirki, gaz ta'minoti idorasi uyni tarmoqqa ulamay kelmoqda.

Xo‘sh, buning sababi nimada? Aholini sarson qilgan narsa shuki, suv va gaz ta'minoti idoralari har safar murojaat qilib borgan odamlarga «quruvchiga bor, o‘sha hal qiladi» mazmunida javob bergan, quruvchi esa «tarmoqqa ulash mening vazifamga kirmaydi» deb javob bergan. Tartib-qoidalardan bexabar aholi ikki o‘rtada sarson.

Sodda qilib aytganda, aslida quruvchi uyning sifati, uy ichidagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga javobgar. Barcha qurilish va hujjat ishlari amalga oshirilgach, suv va gaz ta'minoti korxonalari uyni tizimga ulashi kerak. Uy tizimga ulanmagan holda xonadonlarning kadastr yig‘ma jildlarida barcha kommunal xizmatlarning «bor» deb ko‘rsatilgani ham taajjublanarli.

Shuningdek, loyihada bolalar maydonchasi ko‘rsatilgan bo‘lib bu ham quruvchi zimmasida. Ammo bolalar maydonchasidagi uskunalar o‘ta sifatsiz va allaqachon yiqilish arafasida bo‘lgani sababli uy egalari bundan ham norozi. Uy atrofidagi almisoqdan qolgan chiqindi qutilari va antisanitar holat ham alohida bir muammo.

Darvoqe, biz yuqorida aytgan o‘rindiqlar oldidagi kanalizatsiya quduqlarida qo‘lansa hid anqishi sababi ham suv tarmog‘i ulanmagani, kanalizatsiyaning yuvilib ketmasligidan ekan. Holatni o‘rganish, aholi bilan suhbat jarayonida Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari U.Avazov kelib gaz, suv, elektr ta'minot korxonalari bosh muhandislarini ham qurilish korxonasi rahbarini shu yerga (o‘rindiq oldi) taklif qildi. Aholi va soha rahbarlari o‘rtasida muloqot tashkil etildi.

Soha rahbarlariga ikki kun muddat ichida uyni suv va gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha topshiriq berildi. Bu korxonalar esa tarmoqqa ulanish uchun har bir xonadon bo‘yicha abonentlar ro‘yxati va boshqa tegishli hujjatlar bo‘lishi lozimligi, bu hujjatlarni quruvchi topshirishi kerakligini ma'lum qilgach, bir kun ichida ana shu hujjatlarni topshirish qurilish korxonasi rahbariga ham topshirildi. Shuningdek, uydagi ta'mirtalab joylar, bolalar maydonchasidagi muammolarni ham tezda bartaraf etishni quruvchi tomon o‘z zimmasiga oldi.

Bir qarashda muammoga yechim topilgandek. To‘g‘ri, hokim o‘rinbosari qat'iy va aniq topshiriqlarni berdi. Ammo masalaning yana bir tomoni bor. Yuqorida 48ta xonadondan faqat 15-20tasida odamlar yashayotgani aytildi. Qolganlarning yarmi sharoit yo‘qligidan ijaraga uy topib chiqib ketgan bo‘lsa, yana ko‘plab xonadonlarga ayni paytda bu yerda yashash uchun zarurat yo‘q. Uyni shunchaki, mulk sifatida olib qo‘yishgan. Muammo shundaki, endi uylarni suv va gaz tarmog‘iga ulash uchun mutasaddilar xavfsizlik yuzasidan har bir xonadonni ko‘zdan kechirishi lozim. Biror xonadonda gaz yoki suv sizib chiqmayotganiga ishonch hosil qilmasdan turib hech qaysi korxona uyni tarmoqqa ulamaydi. Uy egalari esa yo‘q.

O‘z vaqtida qilinmagan ish, mas'ul tashkilotlarning uyni ko‘r-ko‘rona qabul qilishining oqibatini bartaraf etish osonlikcha bo‘ladiganga o‘xshamayapti.

Shuncha muammo bor ekan, mas'ul tashkilotlar qanday qilib uylarni qabul qilib olgan, degan savol ham yuzaga kelishi tabiiy. Uylarni qaysi tashkilotlar qabul qilib, imzo qo‘yganini aytishimiz mumkin: Yagona buyurtmachi davlat injiniring kompaniyasi, davlat arxitektura qurilish nazorat inspeksiyasi va loyiha muallifi qabul qilib olgan (shahar hokimligi ma'lumoti). Ammo qanday qilib qabul qilingani haqda bir nima deya olmaymiz.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

P.S.: Biz borib o‘rgangan bu uyni aholi barcha jihozlari bilan emas, «quti» holida qabul qilgan. Kelishuv shunday bo‘lgan. Shahar hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda yana o‘nlab ko‘p qavatli uylar xuddi shu tarzda topshirilmoqda. Aholi esa o‘zingiz guvoh bo‘lgandek, keyin kommunal xizmatlarga ulanish uchun qayerga bosh urishni bilmay yuraverishadi. Aftidan, uylarni qabul qilishda ana shu jihatlarning nazoratini ham yo‘lga qo‘yish kerakka o‘xshaydi. 

Mavzuga oid