Iqtisodiyot | 15:00 / 26.09.2019
20215
6 daqiqa o‘qiladi

QQS stavkasining pasaytirilishi va soliq islohotlariga nazar: yutuqlar va muammolar

Demak, qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirish haqidagi qaror qabul qilindi. Nega prezident va hukumat bunday dadil va shubhasiz ijobiy qadam tashlaganini tushunib olish uchun, uni alohida bir tadbir sifatida emas, balki shu yilning 1 yanvaridan boshlangan soliq islohoti kontekstida ko‘rib chiqish lozim.

Soliq islohoti biznesga soliq va ma'muriy yuklamani pasaytirish, xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi va legalizatsiyasi uchun zarur bo‘lgan sharoitni yaratish masqadida mamlakatning soliq tizimini to‘lig‘icha qayta qurishni ko‘zlagan.

Islohotlarning ilk bosqichining asosiy yutuqlari quyidagilar bo‘ldi:

  • Mehnatni soliqqa tortishning tubdan qisqarishi. Bu nodavlat korxonalari uchun hal bo‘lgan muammo: ular va ularning ishchilari bugun ish haqidan atigi 2ta soliqni 12 foizdan to‘lashmoqda. 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat korxonalari ham shu tizimga o‘tadi.
  • Mehnatning ijtimoiy taqsimotini va QQS zanjirining shakllanishini o‘ldiradigan aylanmadan (oborotdan) olinadigan soliqlar sohasi ta'sirining keskin qisqarishi. Boshqarish oson bo‘lishiga qaramay, aylanmadan olinadigan soliqlar (yagona soliq to‘lovi), Davlatning maqsadli jamg‘armalariga (DMJ) ajratmalar bitta qiymatni ko‘p marta soliqqa tortilishi tufayli, QQS uzun zanjirini shakllantirishga to‘sqinlik qiladi. Bu esa O‘zbekiston iqtisodiyotini dunyo iqtisodiyotining xomashyo bazasiga aylantirib qo‘yadi. Aylanmadan olinadigan soliqning o‘rnini QQS egalladi. Bu vazifani bajarish uchun juda ko‘p ishlar qilindi: DMJga ajratmalar bekor qilindi (aylanmadan 3,2 foiz), QQS to‘lovchilar soni yil boshidan 41 mingtaga oshdi (7 mingdan 48 minggacha), demak, yagona soliq to‘lovchilar soni ham pasaydi.
  • Soliqqa tortishning umumiy tizimidagi korxonalarga soliq yuklamasining keskin pasayishi. Avval buning og‘irligini ko‘tarolmagan korxonalar soliqqa trtishning soddalashtirilgan tizimiga o‘tishga majbur bo‘lishar yoki «soya»ga o‘tib olishardi. Bunda DMJga majburiy ajratmalar bekor qilindi, yagona ijtimoiy to‘lov, yuridik shaxslarning foyda solig‘i va mulk solig‘i stavkalari pasaytirildi.

Biroq, ba'zi muammolar hal qilinmasdan qoldi:

  • Ko‘plab sohalarda soliqqa tortishning umumiy va soddalashtirilgan tizimi orasidagi soliq yuklamalaridagi farq juda yuqoriligicha qolmoqda. Bu farq korxonalarni rivojlanishdan to‘smoqda, o‘z daromadlarini yashirishga, yiriklashishdan qochishga, bu bilan soddalashtirilgan tizimda qolishga majburlamoqda. Umumiy tizimga o‘tgan korxonalarning bir qismi soddalashtirilgan tizimda boshqa korxonalar bilan teng bo‘lmagan sharoitda qolishdi. Menimcha bu soliq islohotlarining bugungi kundagi asosiy muammosidir.
  • QQS hisob-kitobi va to‘lovi murakkabligicha qolyapti. Bu esa korxonalar ishini qiyinlashtirmoqda, soliqdan qochishga va korrupsiyaga yo‘l ochmoqda. Bu QQS to‘lash qoidalari va jarayonining tajribadan o‘tkazilmagani, shuningdek uni qaytarib berish mexanizmi yo‘qligi bilan ham bog‘liq (eksport holatidan tashqari).
  • QQS to‘lov zanjiridagi uzilishlar tufayli, ko‘plab soliq to‘lovchilar qo‘shimcha zarar ko‘rmoqda. Bu soliq to‘lovining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq: qo‘shilgan qiymatni yaratuvchi avvalgi zanjir QQS to‘lovchisi bo‘lmasa, keiyingi zanjir qo‘shilgan qiymatdan emas, balki umumiy tushumdan soliq to‘lashiga to‘g‘ri keladi, bu esa unga bo‘lgan soliq yuklamasini oshiradi.

Nega uzilishlar yuz bermoqda? Birinchidan, ba'zi sohalar QQS to‘lovchisi emas (maslan, qishloq xo‘jaligi), mos ravishda ularning mahsulotlarini xarid qiluvchilar avval to‘langan QQSni hisobga ololmaydi va soliqni o‘zi uchun ham, zanjirning boshqa ishtirokchilari uchun ham to‘lashga majbur bo‘ladi.

Ikkinchidan, QQSdan ozod qilingan ko‘plab imtiyozga ega korxonalarning mavjudligi. Uchinchidan, qo‘shilgan qiymatni yaratuvchi zanjirda soddalashtirilgan tizimda ishlovchi korxonalarning borligi. Ular to‘lovda mavjud bo‘lgan murakkabliklar tufayli, QQS umumlashtirilgan tizimiga o‘tishni xohlashmayapti.

Soliq islohotlarining ikkinchi bosqichida bu muammolarni yechish yoki yechishni boshlash zarur. Buning uchun qabul qilingan va muhokama qilinayotgan me'yoriy aktlarda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • QQS stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirish, bu soliqqa tortishning umumiy va soddalashtirilgan tizimidagi korxonalar o‘rtasidagi soliq yuklamasidagi farq qisqarishiga olib keladi.
  • QQS bo‘yicha beriladigan imtiyozlarni imkoni boricha ko‘proq qisqartirish. Gap alohida korxonalar, sohalar (yirik agroishlab chiqaruvchilar, importchilar, qishloq xo‘jaligi texnikasini va avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchilar) uchun mo‘ljallangan imtiyozlarni bekor qilish haqida ketmoqda.
  • Soddalashtirilgan QQS amaliyotidan voz kechish. U to‘laqonli QQS emas va hisobga olish tizimini murakkablashtiradi.
  • QQSni qaytarib berish amaliyotini joriy qilish (nafaqat eksportda, balki barcha holatlarda).
  • QQSni hisoblash va to‘lash jarayonini soddalashtirish, avvalo jarayonni elektronlashtirish hisobiga.

Ko‘rib turganimizdek, QQS stavkasini pasaytirish – juda murakkab bo‘lgan soliq islohotini amalga oshirishdagi qadamlardan biridir. Umid qilamizki, rejalashtirilgan qadamlar biznes yuritish sharoitini yaxshilashga, tadbirkorlarga ishlab chiqarishni kengaytirishga va xufyona iqtisodiyotni legallashtirishga imkon beradi.

Yuliy Yusupov

Mavzuga oid