Jamiyat | 23:31 / 07.10.2019
154837
6 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi 50-maktabda o‘qituvchilarni do‘pposlashdi. Muallimlarning jarohati jiddiy

Matematika fani o‘qituvchisining eri do‘sti bilan birga maktabga kelib, direktor o‘rinbosari va navbatchi muallimni do‘pposlagani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi 50-maktabda o‘qituvchilarni urib jarohat yetkazishgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz hodisa yuzasidan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi bilan bog‘landi.

Boshqarma tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, 5 oktabr kuni Andijon shahridagi 50-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabining 2-smenasida ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘rmonov va Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.Ashurov tomonidan kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yusupovaga og‘zaki ogohlantirish beriladi. Ular o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. D.Yusupova maktab mutasaddilariga turmush o‘rtog‘i kelib ularni tartibga keltirishini aytadi.

Natijada, soat 13:35larda D.Yusupovaning turmush o‘rtog‘i do‘sti bilan maktabga bostirib kirib, direktor o‘rinbosari Sh.O‘rmonov va Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.Ashurovlarni maktab kirish qismida temir tayoqlar bilan do‘pposlashgan. Shu paytda ularni ajratishga uringan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularga ham qo‘l ko‘tarishga uringanlar.

Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan. Profilaktika inspektorlari D.Gaziyev va N.Rahmonovlar soat 14:00larda kelganida D.Yusupovaning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lishgan edi.

Maktabning direktor o‘rinbosari Sh.O‘rmonov, o‘qituvchi G‘.Ashurovlar shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialiga olib borilgan.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Sh.O‘rmonovda miya chayqalishi, burun sinishi, o‘ng ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi qattiq zarbada jarohatlangani; G‘.Ashurovda miya chayqalishi, burun va ikki tish sinishi, badani hamda chap qo‘lining zarbadan kattiq jarohatlangani aniqlangan.

Barcha muolajalari o‘z vaqtida qilinganligi sababli hozirda jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i yaxshi, doimiy shifokorlar nazoratida.

Hodisa bo‘yicha Andijon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Kun.uz muxbiri jabrlangan o‘qituvchilar bilan bog‘landi. Ma'lum bo‘lishicha, 50-maktabning direktor o‘rinbosari Sh.O‘rmonov va o‘qituvchi G‘.Ashurov ayni paytda Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialining travmatologiya bo‘limida davolanmoqda.

G‘. Ashurovning holati biroz jiddiyroq, Sh. O‘rmonovning holati esa nisbatan yaxshi ekanligi bois, O‘rmonov bilan telefon orqali suhbatlashdik.

«Direktorimiz Umarov ayni paytda malaka oshirishda bo‘lganligi uchun men vaqtinchalik direktor vazifasidaman. 5 oktabr kuni, 2-smena darslari boshlanishidan oldin maktabga kelayotgan o‘quvchilarni qabul qilayotgan vaqtda, maktabimizda ishlovchi o‘qituvchi ayol bilan ota-onalarga o‘xshab kiyingan bir ayol kirib kelayotgan edi.

Ular bilan so‘rashgach, bilsam, ikkinchi ayol maktabimizga yaqinda «chasovoy» dars o‘tish uchun ishga kirgan D. Yusupova ekan. Uning usti-boshi maktab o‘qituvchisiga mos ravishda emasdi. Juda harir libos kiygan ekan. Unga, o‘quvchilarga xos kiyinish madaniyati haqida gapirdim. Yonimda direktor o‘rinbosari Nabijonova, navbatchi Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.Ashurov ham bor edi.

D. Yusupova e'tiroz bildirdi. Navbatchi G‘. Ashurov ham «rahbarimiz bo‘ladi, to‘g‘ri tushuning» deb gapirdi. Yusupova jahl  bilan gapirishni boshladi. Men, «Barcha o‘qituvchilarga kiyinish madaniyati bo‘yicha eslatma beramiz», dedim. Yusupova: «Erimni chaqiraman, senlar bilan jiddiy gaplashib qo‘yadi», deb kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, voqeani butunlay boshqacha tushuntirdi.

10 daqiqa o‘tmasdan yetib ikki kishi keldi. Men ularga holatni tushuntiray, deb gapni boshlagandim, Yusupovaning eri qo‘qqis yuzimga kuchli zarba bilan musht tushirdi. Ashurov aralashgan edi, Yusupova bilan kelgan erkakni qo‘lida temir tayoq (uni «bita» deyishar ekan) bilan uni do‘pposlay ketishdi. Ajratishga uringan ayol o‘qituvchilarimiz ham jabr ko‘rishdi.

Men 50ga yaqinlashib qoldim. Mushtlashadigan yoshda emasman. Birinchi musht tushgandan keyin o‘zimga kela olmadim. Qon bosimim borligi sabab holatim og‘irlashdi. Ular G‘. Ashurovni ancha do‘pposlashdi. Uning ahvoli ancha og‘ir. Miyasi chayqalib, ikkita tishi singan, burni ham singan, bel-oyoq sohalari ham ancha shikast yedi. Hozir uning burniga bint tiqib qo‘yilgan.

To‘s-to‘polon ko‘p vaqt davom etdi. Keyin IIB xodimlari keldi. Bizni shifoxonaga olib kelishdi. Tibbiyot xodimlari nazoratidamiz. Muolajalardan so‘ng ahvolimiz ancha yaxshilanib qoldi», deydi Sh.O‘rmonov.

Voqea ko‘plab o‘quvchilar ko‘z oldida sodir bo‘lgan. Ayni paytda Andijon shahar ichki ishlar xodimlari tomonidan ikki shaxs ustidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.

Mavzuga oid