Kim Chen In oq otda Pektusan tog‘iga ko‘tarildi: Bu G‘arb uchun signalmi?
Birinchi qor yog‘ishi bilan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In oq ot minib mamlakatning eng yuqori nuqtasiga - koreyslar muqaddas sanaydigan Pektusan tog‘iga ko‘tarildi. Markaziy telegraf agentligi davlat rahbari palto kiyib ot ustida ketayotgan suratlarni tarqatdi.
«Bu bizning inqilobiy tariximizda katta ahamiyatga ega bo‘lgan muhim voqea. Bu ko‘tarilish bukilmas irodasi bilan vatanimizni ulkan kuchga ega qudratli davlatlarga qarshi kurashga boshlab borayotgan o‘rtoq Kim Chen Inning afsonaviy jasoratini ifodalaydi», deyiladi xabarda.
Tarqalgan suratlarda KXDR rahbari qorga burkangan Pektusan tog‘lari orasida ketayotgani tasvirlangan. U toqqa ko‘tarilish chog‘ida AQSh tomonidan qo‘llangan sanksiyalarni tanqid qilgan.
«Mamlakatdagi vaziyat bekor qilinmagan sanksiyalar va dushman kuchlari bosimi tufayli og‘irlashmoqda, biz ko‘p sinovlar va qiyinchiliklarga qarshi turishimiz kerak bo‘ladi. AQSh rahbarligidagi dushmanlar koreys xalqiga bergan og‘riqlar g‘azabga aylanadi», — deya Shimoliy Koreya rahbari so‘zlarini keltirgan Janubiy Koreyaning «Yonhap» agentligi.
Kim Chen In odatda mamlakat yoki o‘zi uchun muhim pallalarda tog‘ yuqorisiga ko‘tariladi.
Ekspertlar KXDR yetakchisining bu safargi Pektusanga chiqishi ham G‘arb mamlakatlari va o‘z ittifoqchilari uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi mumkinligini istisno etishmayapti.
«Aytishlaricha, Kim Chen In bu safar uzoq radiusli raketalar va yadro quroli sinovi o‘tkazishdan tiyili haqidagi va'dasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Hozir AQSh bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, Donald Trampni ham hozirda Amerikaning ichki siyosati va boshqa xalqaro masalalar ko‘proq tashvishga solmoqda», deydi Bi-bi-sining Seuldagi muxbiri Laura Biker.
U OAVda «butun dunyoni hayratlanishga majbur qiladigan katta amaliyot» o‘tkazishga harakat qilinishi to‘g‘risida xabarlar tarqalganiga e'tibor qaratgan.
«Ehtimol, Shimoliy Koreya rahbari tog‘ning tiniq havosi unga Tramp ma'muriyati e'tiborini o‘ziga qaratish uchun yangi vositalar o‘ylab topishga yordam berishidan umid qilayotgandir?
Pxenyan AQShga yadroviy quroldan xoli bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash uchun yil oxiriga qadar muhlat bergan. Bungacha Kim Chen In bir necha marta Pxenyan yadro dasturini susaytirish borasidagi harakatlarni amalga oshirayotgani tufayli sanksiyalarni to‘xtatishni talab qilgandi, ammo u Vashingtonni ishontira olmagandi. Balki Kim Chen In G‘arbga bosim o‘tkazish uchun bir necha raketa uchirish kerak deb hisoblayotgandir? O‘ylaymanki, uning toqqa chiqishi sababini yaqin vaqtlar ichida bilib olamiz», deya qo‘shimcha qilgan Laura Biker.
2017 yilda Kim Chen In millatga yangi yil tabrigidan (unda Janubiy Koreya bilan munosabatlar yaxshilanishiga ishora qilingandi) biroz muddat oldin tog‘ yuqorisiga chiqqandi.
Kim Chen In o‘z boshqaruvi davrida Pektusanga kamida uch marta ko‘tarilgan. 2018 yilda u cho‘qqiga Janubiy Koreya prezidenti Mun Je In bilan birga chiqqan.
«Muqaddas inqilob tog‘i»
Oktabr oyi boshida AQSh va KXDR vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgandi. Bu Kim Chen In va Donald Trampning KXDR va Janubiy Koreya chegarasida shu yil iyunida o‘tkazilgan uchrashuvdan keyingiilk muzokara bo‘ldi. O‘shanda KXDR Tashqi ishlar vazirligining alohida ishlar bo‘yicha elchisi Kim Myon Gil amerikaliklar bilan muzokaralar Pxenyanning umidlarini oqlamagani, yakunda muzokaralar barbod bo‘lgani haqida ma'lum qilgandi.
AQSh esa, aksincha, Shvetsiyada amerikaliklar va shimoliy koreyaliklar delegatsiyasi sinchkovlik bilan muhokama o‘tkazishgani haqida aytgandi.
Muzokaralardan oldin Shimoliy Koreya yangi tipdagi ballistik raketa sinovini o‘tkazgandi - bu yil boshidan buyon hisob bo‘yicha 11-sinov bo‘lgandi.
Pektusan — Koreya yarimorolidagi eng yuqori nuqta (2744 metr) bo‘lib, KXDR va Xitoy o‘rtasidagi chegara hududda joylashgan. KXDR gerbida ham bu tog‘ tasviri mavjud. Koreyaliklar bu tog‘ni muqaddas hisoblashadi: afsonaga ko‘ra, to‘rt ming yil muqaddam bu tog‘dan qadimgi koreys davlati Choson asoschisi Xvanun tushib kelgan. Bundan tashqari, KXDRning rasmiy tarixshunosligiga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi vaqtida Pektusan tog‘ida KXDR davlati asoschisi Kim Ir Sen rahbarligidagi partizanlar lageri joylashgan edi. Bu lagerda 1941 yil fevralida uning o‘g‘li va vorisi Kim Chen Ir ham tug‘ilgan.
Mavzuga oid
16:21 / 25.12.2024
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
12:20 / 24.12.2024
NYT: KXDR qo‘shinlarini Rossiyaga yuborish g‘oyasi Pxenyandan chiqqan
19:15 / 23.12.2024
KXDR Rossiya-Ukraina urushida mingdan ortiq harbiysidan ayrilgani ma’lum qilindi
09:12 / 23.12.2024