Jamiyat | 21:00 / 17.10.2019
216873
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin qarindoshlar avtomobilni ishonchnomasiz boshqarishi talablari ma'lum qilindi

Prezident qarorida 1 oktyabrdan yaqin qarindoshlar tomonidan avtomobilni ishochnomasiz boshqarish huquqi berilgandi.

Bugun, 17 oktabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi tashabbusi bilan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbir davomida ko‘plab savollarga sabab bo‘layotgan yaqin qarindoshlar tomonidan ishonchnomasiz avtomobil boshqarish talablari haqida axborot berildi.

«Prezident qarorida 1 oktyabrdan yaqin qarindoshlar tomonidan avtomobilni ishochnomasiz boshqarish huquqi berildi. Lekin hali qonunosti hujjatlari qabul qilinmadi. Bu bo‘yicha huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

O‘ylanmanki, yaqinda loyiha tasdiqlanib amalga kiritiladi. Ayni paytda yaqin qarindoshlar ism-familiyasi sug‘urta polisida ko‘rsatilgan bo‘lsa yoki sug‘urta polisi cheksiz (boshqaruvchilar soni bo‘yicha) bo‘lsa, fuqarolar yaqin qarindoshlarining avtomobilini ishonchnomasiz boshqarishi mumkin», deya IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Akmal Yunusovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabridan Transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) o‘rtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish to‘g‘risidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi.

Mavzuga oid