Jamiyat | 17:45 / 22.10.2019
23133
2 daqiqa o‘qiladi

Nurxon Nafasov va karate federatsiya ishi. Qaror o‘z kuchida qoldi

Joriy yilning 27 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasovning lavozimdan ozod etilishiga oid nizo bo‘yicha ish ko‘rilib, tegishli hal qiluv qarori e'lon qilingandi. Unga ko‘ra, federatsiyaning N. Nafasovni lavozimdan bo‘shatish to‘g‘risidagi 2018 yil 26 sentabr kungi yig‘ilish bayonnomasi va 2018 yil 27 sentabr kungi buyruq g‘ayriqonuniy deb topilgan edi.

Bugun, 22 oktabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan Karate milliy federatsiyasining shikoyati apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqildi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sudlov hay'ati federatsiyaning shikoyatini rad etish, birinchi bosqich sudining hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirish haqida ajrim chiqardi.

Sudlov hay'atining mazkur ajrimi Nurxon Nafasov O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi rahbarligidan qonunga zid ravishda chetlatilganini yana bir karra tasdiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Nurxon Nafasov o‘tgan yilning sentabr oyida vazifasidan chetlatilgach, «O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasining tegishli yig‘ilish qarori va 27.09.2018 yildagi 1-sonli buyruqni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida» fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga murojaat qilgandi.

Mavzuga oid