O‘zbekiston | 23:13 / 07.11.2019
53874
8 daqiqa o‘qiladi

Qachongacha? Vodiy viloyatlarida qish boshlanmay elektr ta'minoti izdan chiqdi

Dunyoning boshqa burchaklarida insonlar fazoga uchish haqida o‘ylab, robotlardan foydalanayotgan bir paytda, Farg‘ona vodiysida uyni yoritish va kiyimni dazmollashga qiynalib yashashmoqda.

Ob-havo biroz sovushi bilan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida har yili kuzatiladigan holat boshlandi. Yana o‘sha – elektr ta'minotidagi muammolar. Yana cheklovlar joriy etildi.

Murojaatlar turfa...

«Muxbir aka, To‘raqo‘rg‘onda 6 noyabr kuni 7 soat tok berishdi. Kasallar va qariyalarga qiyin bo‘lyapti»...

«Namangan shahri Boburshoh ko‘chasida 5 noyabr kuni kunduzi soat 11lardan boshlab 15gacha tok bo‘lmadi, 6 noyabr kuni esa Marg‘ilon ko‘chasida kunduzi to‘rt marta o‘chib yondi. Xuddi svetoforning o‘zi».

«Chimyondanman. Elektr bir kunda 10 marotaba o‘chdi. Aholining qarzdorligi bo‘lmasa, nega o‘chirishadi?»

«Tadbirkorman. Andijonning Buloqboshi markaziga sutkaning yarmida tok berishmayapti. Elektr tarmoqlariga telefon qilsak, «Cheklov boshlangan», deyishdi. Biznesimiz nima bo‘ladi?»

«Buvayda tumanining Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida sutkaning yetti soati davomida tok yo‘q. Qiynalib ketdik...»

Aholining bu kabi arzlari – bu yil o‘tgan yildan ham ahvol yomonlashganidan darak.

Energetiklar o‘tgan yillar davomida elektr energiyasidagi uzilishlarga dadil fikr bildirishar edi. Eng ishonarli bahonalar – «Aholining elektrdan qarzi ko‘p, noreal qarzdorlik oshib ketgan», «To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushsa, yaxshi bo‘lib ketadi».

Qarangki, aholidan elektr haqini MIB qurutdek sanab olyapti. To‘raqo‘rg‘on IES ham ishga tushgan. Biroq, noyabr oyining birinchi haftasidan boshlab, yana o‘sha eski muammoga duch kelindi.

Uch viloyatning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari nima deydi? 

Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan bog‘lanib, mutasaddilardan quyidagi javobni oldik:

«Ob-havoning keskin pasayib ketishi natijasida so‘nggi kunlarda iste'molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlari ortib bormoqda. Jumladan, birgina Farg‘ona viloyati bo‘yicha noyabr oyining ilk kunlariga nisbatan keyingi ikki kun davomida kunlik elektr energiyasi iste'moli hajmi o‘rtacha 1,9 mln kVt/s ga, yoki 70-80 mVt quvvatga o‘sishi kuzatildi. Bu holat energotizimda  quvvat tanqisligiga olib keldi.

Energotizimning barqaror, ishonchli rejimda ishlashini ta'minlash maqsadida  «Milliy elektr tarmoqlari» AJ dispetcherlari tomonidan berilgan topshiriqlarga  asosan elektr ta'minotida cheklovlar joriy etildi. Lekin korxona tasarrufidagi elektr tarmoqlarda nuqsonli (avariyali) o‘chishlar kuzatilmadi».

Namangan viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi dispetcherlik xizmati izohi:

«Havo haroratining pasayishi energetiklarga muammo tug‘dirib, bir qator qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Sovuq boshlanishi bilan xonadonlarda tabiiy gaz bosimi keskin pasayib ketdi. Bu xonadonlarda tabiiy gaz o‘rniga elektr energiyasidan ovqat tayyorlash, xonalarni isitish uchun foydalanish zaruratini tug‘diradi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda isitish tizimi yo‘qligi (borlari ham ishlamasligi), yangi zamonaviy ko‘p qavatli uylarda isitish tizimi gazga bog‘liqligi barchamizga ma'lum. Xonadonlarda tabiiy gaz bosimi qishki me'yorga o‘tkazilgunga qadar,  qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz.

Markazlashgan energotizimga energiya beruvchi Issiqlik stansiyalariga yetarli gaz berilmayotgani sababli tizimda quvvat pasayib ketgan. Tabiiy gazda tanqislik bo‘lmasa, elektr ta'minotida uzilishlar sodir bo‘lmasligi mumkin edi.

O‘tgan 2018 yil 6 noyabrida Namangan viloyati elektr energiya iste'moli 11,6 mln kVt/s edi. Sutka davomida 0,6 mln kVt/s cheklov kiritilgan. Maksimal quvvat 580 mVt bo‘lgan. 

Bugungi kunda 12,5 mln kVt/s iste'mol kutilyapti. Sutka davomida qariyb 1,5 mln kVt/s cheklov kiritildi. Maksimal quvvat 730 mVt gacha ko‘tarildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun aholi hali bozordan ko‘mir sotib olmagan. Sotib olganlari ham hozir ko‘mir yoqishmaydi, chunki oldinda qish mavsumi turibdi. Agarda elektr energiyasidan yoritish, sovutgich, televizor, dazmol, kompyuter kabi elektr jihozlari uchun foydalanilsa, tabiiy gaz va isitish tizimi ishlasa, elektr ta'minoti yaxshiroq bo‘lar edi».

Eng ko‘p murojaat kelib tushayotgan Andijon viloyati bo‘yicha savollarimizga hududiy elektr tarmoqlaridan quyidagi javobni oldik:

«Andijon viloyatining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 2018 yil noyabr oyida kunlik iste'moli 12,2 mln kVt/soatni tashkil etgan.

Joriy yilning noyabr oyida amalda sutka davomida 1-1,500 mln kVt/soat cheklov kiritilgandan tashqari kunlik iste'mol 14 mln kVt/soatni tashkil qildi.

2019 yil 28 oktabr kunidan ob-havoning keskin sovib ketishi va iste'molchilar tomonidan elektr energiyasi iste'moli keskin oshib ketish natijasida energiya tizimda quvvat taqchilligi vujudga keldi. Energiya tizimini mo‘'tadil ishlashini ta'minlash uchun cheklovlar kiritildi».

Qachongacha?

Uch viloyat «Hududiy elektr tarmoqlari» MChJlaridan olingan ma'lumotlar faqat yana qator savollarni tug‘dirdi xolos.

Markazlashgan energotizimda quvvat past ekan. Barchamizga ayon, viloyatlardagi  «Hududiy elektr tarmoqlari» energotizimdan iste'molchilarga tok olib tarqatadi. Issiqlik stansiyalari qancha ko‘p ehtiyoj uchun energiya ishlab chiqarsa, ularda muammo bo‘lmaydi. Biroq ayni paytda kaltak hududiy elektr tarmoqlari boshida sinmoqda.

Axir soha vakillari kuz-qish mavsumida elektrga bo‘lgan ehtiyoj oshishini bilishar edi-ku?

Yil boshidanoq, «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror ijrosiga kirishiladi. Amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ko‘plab hisobotlar beriladi. Biroq kuz kelib, birinchi ayoz boshlanishi bilan yana har yilgi ayanchli holatni kuzatamiz.

Gaz idoralari «aravani teng tortmayaptimi»?

«Hududiy elektr tarmoqlari» jamiyatlari tomonidan berilgan ma'lumotlarda elektrdagi uzilishlar, cheklovlarga aholi va ijtimoiy soha tashkilotlarining tokdan isitish uchun foydalanayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Bu fikrlarda jon bor. Ayni paytda vodiyning shahar va tumanlaridagi juda oz hududlargina tabiiy gaz ta'minotidan foydalanadi. Qishloqlarga murojaatlar o‘rgangani borsak, aholi birinchi navbatda tabiiy gaz qachon kelishini so‘raydi. Ko‘mir esa  qimmat. Yaxshi ko‘mirning bir kilogrammi erkin savdoda 800-1000 so‘mdan sotilmoqda. Xonadonda bir xonani isitishga bitta pechkaga yoqish uchun bir kunda o‘rtacha 18-20 kg, ya'ni 18 ming so‘mlik ko‘mir solinadi. Bu – bir oyga o‘rtacha 540 ming so‘m deganidir.

Joylardagi gaz ta'minoti korxonalari sovuq mavsumda energetiklar bilan «aravani teng torta olmayapti». Ko‘mir ta'minoti esa haminqadar. Bor kuch elektr tizimi gardaniga tushmoqda.

Nahotki, aholining eng og‘riqli muammolaridan bo‘lgan – isitish tizimida yangiliklarni joriy etib bo‘lmasa? Qish esa, doimgidek, qo‘qqis kelib qoladi...

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri.

Mavzuga oid