O‘zbekiston | 20:53 / 06.12.2019
5188
3 daqiqa o‘qiladi

Yutuq va kamchiliklar: O‘zbekiston ilmiy taraqqiyoti xorijiy ekspertlar nigohida

Elsevier xalqaro kompaniyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida o‘zbekistonlik olimlarga Elsevier tomonidan ta'sis etilgan «Scopus award - 2019» mukofoti topshirildi.

Taqdirlash marosimida ishtirok etgan qator xalqaro ilmiy tashkilotlar vakillari O‘zbekiston ilmiy salohiyati, OTMlardagi o‘zgarishlar haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Feliks Heast

Elsevier xalqaro kompaniyasi vitse-prezidenti:

— O‘zbekistonda ilmiy maqolalar samaradorligi o‘tgan 2 yil ichida 60 foizga o‘sdi. Qayd etish joizki, bu juda katta raqam. Aynan ushbu mukofotni olish ham mana shu mehnat yaratuvchilariga yaxshi motivatsiya bo‘lishi shubhasiz.

Bundan tashqari, mukofot butun ilmiy soha odamlarini, ayniqsa, yosh tadqiqotchilarni ruhlantirishiga ishonamiz.

Shuningdek, ilmiy sohani rivojlantirishda katta mas'uliyat universitetlar gardaniga tushadi. OTMlarni birdaniga butunlay o‘zgartirish oson emas, bu juda ko‘p rejalashtirish va ehtiyotkorona harakatlarni talab qiladi.

O‘zbekistondagi OTMlar xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy o‘zgarishlar qilayotganidan xabarim bor.

Buning isboti sifatida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti xalqaro QS reytingiga kiritilganini misol qilib keltirish mumkin.

Biroq ilmiy maqolalar foizini oshirishdan tashqari, ularni to‘g‘ri nashrlarga yo‘naltirish va sifatini oshirish borasida hanuz kamchiliklar bor.

Zoya Zayetseva

QS (Quacquarelli Symonds) xalqaro reyting agentligi hududiy direktori:

— O‘zbek universiteti xalqaro reytingga kirgani va bu jarayonda bo‘lganimdan xursandman. Bundan tashqari, yana 2ta OTMning QS reytingiga kirishiga deyarli juda oz qolgandi. Kelasi yillarda ularda ham yaxshi natija ko‘rishga umid qilamiz.

Buning uchun esa OTMlardan ingliz tili talablariga javob berish, yaxshi dizayn qilingan sayt, sifatli akademik platforma bo‘lishi talab qilinadi.

Gandolfo Iogano

Lexis Nexis tashikiloti direktori:

— Eng muhimi, mamlakatda muvaffaqiyatga yo‘l ochib beradigan intiluvchanlikni ko‘rib turibman. Bu bilan har bir kishi davlat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga harakat qiladi.

Aynan bugungidek ilm bayramlari boshlanishining o‘ziyoq mamlakat uchun katta yutuq. Xalqaro tashkilotlar ham bu kabi tadbirda ishtirok etayotganidan mamnun.