O‘zbekiston | 12:20 / 08.12.2019
35368
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh qomus 27 yoshda. Konstitutsiya haqida nimalarni bilamiz?

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 27 yil bo‘ldi. Bosh qomus 1992 yil 8 dekabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11-sessiyasida qabul qilingan.

Konstitutsiya muqaddima, olti bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat.

1-bo‘lim ─ Asosiy prinsiplar: O‘zbekistonda davlatchilik shakli, qonunlar ustuvorligiga bag‘ishlanadi.

2-bo‘lim ─ Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari: O‘zbekistonda fuqarolik shakli, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, burchlari, ularning himoya qilinishi xususida so‘z yuritiladi.

3-bo‘lim ─ Jamiyat va shaxs: jamoat birlashmalari, oila instituti, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi moddalarni jamlaydi.

4-bo‘lim ─ Ma'muriy-hududiy va davlat tuzilishi: Respublika hududining ma'muriy bo‘linishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud.

5-bo‘lim ─ Davlat hokimiyatining tashkil etilishi: hokimiyatning uchga bo‘linish prinsipi, Prezident, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Sud hokimiyati, mahalliy hokimliklar, Prokuratura organlari vakolatlari hamda vazifalari, mudofaa va moliya tizimiga bag‘ishlangan.

6-bo‘lim: Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibi xususida.

O‘tgan 27 yil davomida Konstitutsiyaga 11 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. 127-moddaga ko‘ra, Konstitutsiyaga o‘zgartirish Qonunchilik palatasi va Senat a'zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirokida qabul qilingan qonun asosida yoki referendum yo‘li bilan kiritiladi.

Konstitutsiya matnida eng ko‘p qo‘llanilgan so‘zlar: Respublika ─ 390 marta, O‘zbekiston ─ 354 marta, qonun ─ 210 marta, davlat ─ 98 marta, huquq ─ 90 marta, Konstitutsiya ─ 70 marta, fuqaro ─ 66 marta, Prezident ─ 62 marta, Qoraqalpog‘iston ─ 33 marta, shaxs ─ 32 marta, erkinlik ─ 27 marta, xalq ─ 24 marta, demokratiya ─ 7 marta. Jami matn 7543ta so‘zdan iborat.

Konstitutsiya matni ilk bor 1992 yil 15 dekabr sanasida «Xalq so‘zi» gazetasining 247-sonida e'lon qilingan. 

Mavzuga oid