Jahon | 11:30 / 15.12.2019
45096
3 daqiqa o‘qiladi

Sudanning sobiq prezidentiga hukm o‘qildi

Sudan poytaxti Xartum shahri sudi mamlakatning  sobiq prezidenti Umar al-Bashirni korrupsiya, noqonuniy sovg‘alar olish va xorijiy valuta saqlashda ayblab, ikki yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Joriy yilning aprel oyida hukumatdan ag‘darilgan al-Bashir muddatni qamoqda emas, axloq tuzatish koloniyasida o‘taydi, chunki Sudandagi qonunlarga ko‘ra 70 yoshdan oshgan kishi qamoqqa jo‘natilmaydi.

Sud shuningdek, to‘ntarish vaqtida prezident qarorgohidan topilgan pullarni musodara qilishga qaror chiqargan. O‘shanda tergovchilar qarorgohdan 6 mln yevro, 351 ming dollar va 5 mlrd sudan funti (105 mln dollar atrofida) miqdoridagi pulni olib ketishgandi.

Sud jarayoni vaqtida al-Bashir pullarning asosiy qismi Saudiya Arabistoni podshohligining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmondan kelgani haqida ma'lumot bergandi. Sobiq prezident pullarni o‘z ehtiyojlariga emas, xayriya maqsadida sarflab kelganini ta'kidlagan.

Umar al-Bashir sud hukmini milliy oq libos kiygan va boshiga salla o‘ragan holda tinglagan. U sud hukmiga e'tiroz bildirmagan.

Sud qarori chiqarilishi arafasida sobiq prezidentning yuzlab tarafdorlari Xartumdagi prezident saroyi oldida to‘planishdi. Bu hududga harbiylar va harbiy texnika joylashtirilgan, saroyga kirish yo‘li va Mudofaa vazirligi binosiga olib boradigan yo‘l to‘sib qo‘yilgan.

Sobiq prezidentning advokatlaridan biri sud hukmiga apellyatsiya berilishini bildirgan. «Sudya siyosiy sabablarga ko‘ra hukm chiqardi, ammo shunga qaramay biz hali Sudandagi sud tizimiga ishonamiz», degan u jurnalistlarga.

Umar al-Bashir shu yilning bahoridan buyon hibsda tutib turilibdi. Aprelda mamlakatda to‘rt oy davom etgan namoyishlardan keyin davlat to‘ntarishi ro‘y bergan va mamlakatni 30 yil boshqargan prezident hokimiyatdan ketkazilgandi. Hozirda Sudanni bosh vazir boshchiligidagi hukumat va suveren kengash boshqarmoqda.

Al-Bashirga 2018 yil dekabridan 2019 yil apreligacha davom etgan norozilik namoyishlari vaqtida namoyishchilarning o‘ldirilishi bo‘yicha ham ayblov qo‘yilgandi. 

Muvaqqat hukumat Bashirni Gaagadagi xalqaro jinoiy sudiga topshirmaslikka qaror qildi. Xalqaro tribunal uni Darfur hududida yuz minglab odamlarning o‘ldirilishi, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda.

Gap 2003-2006 yillarda muxolifat isyonchilari va hukumat o‘rtasidagi nizo haqida ketmoqda. BMT hisobotiga ko‘ra, bu ziddiyat vaqtida qariyb 400 ming kishi halok bo‘lgan, 2,7 mln kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Mavzuga oid