O‘zbekiston | 14:20 / 23.12.2019
218805
2 daqiqa o‘qiladi

Parlament saylovi natijalari e'lon qilindi

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 150 saylov okrugining 128tasida deputatlar saylandi.

22 dekabr kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan saylovlarning dastlabki natijalari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi parlamentda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov 23 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qilishicha, parlament saylovi o‘tkazilgan 150ta saylov okrugidan 128tasidan deputatlar saylangan:

  • O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi – 43 nafar;
  • «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi – 35 nafar;
  • «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi – 21 nafar;
  • Xalq demokratik partiyasi – 18 nafar;
  • Ekologik partiya – 11 nafar.

Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, ya'ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan, deb hisoblanadi. 

Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 22 okruglarda nomzodlarning birortasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmaganligi sababli mazkur okruglardan deputat saylanmadi. Bu okruglarda ikki haftadan keyin takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

MSK raisining aniqlik kiritishicha, xorijdagi saylovchilarni ham hisobga olganda umumiy davomat 67,8 foizni (13 963 627 nafar saylovchi) tashkil etgan.

150 ming saylovchi muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalangan. Qirqqa yaqin mamlakatda tashkil etilgan ellik beshta saylov uchastkasida 112 ming 411 saylovchi ovoz bergan.

Mavzuga oid