Jamiyat | 21:36 / 28.12.2019
90333
3 daqiqa o‘qiladi

Nafosat Olloshukurova ruhiy kasalliklar dispanseridan chiqarildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining 2019 yil 30 sentyabrdagi qaroriga asosan Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseriga davolashga yuborilgan bloger Nafosat Olloshkurova ozodlikka chiqarilgan. Bu haqda huquq faoli Abdurahmon Tashanov feysbukdagi sahifasida xabar berdi.

Uning yozishicha, Nafosat Olloshukurova ayni soatlarda Xorazmdan Toshkentga, oilasi bag‘riga qaytmoqda.

“Bugun [28 dekabr kuni] ruhiy kasalliklar shifoxonasida o‘tkazilgan tibbiy ekspertiza uning salomatligi yaxshilangan, deb topgan va bloger yangi yil bayramini ota-onasi va jajji qizaloqlari bilan birga kutib oladi”, deb yozgan Abdurahmon Tashanov.

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham mazkur ma'lumotni tasdiqladi.

“Agentligimizda Nafosat Olloshukurova masalasiga bag‘ishlab alohida matbuot anjumani tashkil etilib, uning salomatligi haqida batafsil ma'lumotlar berilgan edi.

Endilikda uning muolajalari nihoyasiga yetdi va u yangi yilni ota-onasi hamda farzandlari bag‘rida kutib olishi uchun barcha sharoit yaratildi”, deyiladi agentlikning Telegramdagi rasmiy kanalida e'lon qilingan xabarda.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida Shabnam Olloshukurova nomi bilan tanilgan bloger Nafosat Olloshukurovaga nisbatan Urganch shahar ma'muriy sudining 2019 yil 23 sentabr kungi qaroriga asosan 10 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.

Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, 26 sentabr kuni ma'muriy qamoq jazosini o‘tayotgan N.Olloshukurova ruhiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilib, psixiatrning tavsiyasi bilan u viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan. Viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseri tomonidan blogerning ruhiyatida o‘zgarishlar sodir bo‘layotgani, unda «ruhiy kasalsimon sindrom, paranoyal sindrom» kasalligi alomatlari kuzatilgani, o‘zi yoki atrofdagilar uchun bevosita xavf tug‘dirishi, nochorligi, asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondirishga layoqatsiz deb topilgan va suddan uni psixiatriya muassasasiga joylashtirish so‘ralgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi tomonidan mazkur so‘rov qanoatlantirilgan.

Shu yilning 12 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ruhiy shifoxonaga yotqizilgan bloger Nafosat Olloshukurova bilan bog‘liq holatga oydinlik kiritilgan, rasmiylar bu holat uning blogerlik faoliyati va tanqidiy chiqishlari bilan bog‘liq emasligini ta'kidlashgan.

Mavzuga oid