Jamiyat | 08:41 / 29.12.2019
21307
7 daqiqa o‘qiladi

Qarshidagi 400 o‘rinli maktabda 1600 nafar bola o‘qimoqda

Qarshi shahridagi «Otchopar» mahallasiga ichki yo‘llarning holati bilan bog‘liq muammoni o‘rganish uchun borgan edik. Ammo mahalla ahli bilan suhbatlashish asnosida yana bir jiddiy muammo — maktab yetishmasligi haqidagi muammo yuzaga chiqdi.

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur mahalladagi 44-maktab 2004 yilda 434 o‘rinli qilib qurilgan. Maktab qurilgan paytda mahalladan yer uchastkasi olgan fuqarolarning bir qismi ko‘chib kelgan, boshqalari uyini endi ko‘tarayotgan bo‘lgan. Oradan vaqt o‘tib, mahalla ahlining asosiy qismi ko‘chib kelganidan so‘ng atrofda boshqa maktab yo‘qligi uchun ushbu maktabda o‘quvchilar soni keskin oshib ketgan.

Bugungi kunda ushbu maktabda 1600 nafardan ko‘proq o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy yilning sentyabrida maktab ma'muriyati 21ta sinfni Qarshi shahar maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga joylashtirgan. Bundan uch hafta oldin kollej binosi Qarshi davlat universitetiga berilgan. Shundan so‘ng batamom chorasiz qolgan maktab ma'muriyati o‘quvchilarning bir qismini sobiq mahalla idorasi va uning yonida joylashgan sobiq MTM binosiga ko‘chirgan. Qisman ta'mirlangan ushbu binodan maktab filiali sifatida foydalanilmoqda.

Biz filialni ko‘zdan kechirganimizda u yerda o‘quvchilar og‘ir sharoitda ta'lim olayotganiga guvoh bo‘ldik.

O‘qituvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, filialda bugun 14ta sinf, 375 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil olayapti. Ammo mahalla idorasi va MTMning sobiq binolari ta'lim talablariga umuman javob bermaydi. Mahalla ahlining ma'lum qilishicha, 2014 yilda yangi 4-5 gektar joy maktab qurilishi uchun qoldirib ketilgan. O‘sha joy bugun ham bo‘sh turibdi. Agar bu yerda maktab qurilsa, hududda ko‘pchilikni qiynayotgan muammo o‘z yechimini topadi. Biroq, bir necha yildan beri maktab qurilishi boshlangani yo‘q.

Bugun 44-maktabda ta'lim olayotgan bolalarning bir qismi 2–2,5 km, maktab filialida o‘qiyotgan o‘quvchilar esa kamida 3–3,5 km masofaga qatnab o‘qishyapti. Ota-onalarning aytishicha, ikkinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar uyiga yetib borguncha kech bo‘lib ketadi. Bu holat esa ularni xavotirga solmoqda.

Maktabda sinf xonalari yetishmayotgani bois, ma'muriyat direktor xonasi, kutubxona, o‘qituvchilar xonalarini sinfxonalar uchun bo‘shatib berib, maktab binosining katta zalini gipskarton bilan xonalarga ajratib, u yerdan ma'muriy xonalar sifatida foydalanmoqda.

2018 yil 13-14 dekabr kunlarida prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida delegatsiya tarkibida kelgan Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov 44-maktabga borib, mazkur muammo bilan tanishgan.

Vazir 2019 yilda ushbu maktab yonidan qo‘shimcha bino yoki «Otchopar» mahallasida yangi maktab qurilishini dasturga kiritishni va'da bergan. Vazir gapida turib ushbu hududda maktab qurilishini dasturga kiritgan. Ammo, ayrim sabablarga ko‘ra 2019 yilda «Otchopar» mahallasida qurilishi lozim bo‘lgan yangi maktab binosi viloyatning boshqa hududida qad rostlagan.

Bu holatga Qarshi shahar hokimining ijtimoiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Nasimovdan izoh so‘radik.

«O‘shanda viloyatimizda «Otchopar» mahallasidagi holatdan og‘ir hududlar bor edi, shuning uchun «Otchopar» mahallasida qurilishi lozim bo‘lgan maktabni boshqa hududda qurdik», dedi u.

Otchoparliklarni qiynayotgan yana bir og‘riqli masala — bu mahalla ko‘chalari. Mahalla 2018 yilda «Obod mahalla» dasturiga tushgan. Ammo, mablag‘ masalasida yetishmovchiliklar bo‘lgani uchun mahalla ko‘chalarini asfalt qilish ishlari qolib ketgan.

Qarshi shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Avazovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil noyabr oyida shahar hokimligi «Sho‘rtangazkimyo» majmuasi homiyligida 70 km uzoqlikda joylashgan karerdan shag‘al keltirilib, mahalladagi jami 10 kilometrlik yo‘ldan 6,5 kilometriga shag‘al to‘kib berilgan.

Ammo mahalla ahlining to‘kilgan shag‘aldan ko‘ngli to‘lmayapti. Sababi, shag‘al deb to‘kilgan qorishmaning 70 foizi tuproq bo‘lib chiqqan. Mahalla ko‘chalarini ko‘zdan kechirayotganimizda bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Hali yoyilmagan shag‘alning aksariyat qismi tuproqdan iborat.

Mahalla ahliga ko‘ra, tuproq to‘kilgandan so‘ng ko‘chaning ahvoli avvalgidan ham battar bo‘lgan, yog‘ingarchilik bo‘lgan kunlarda mahalla ko‘chalarida umuman yurishning imkoni bo‘lmayapti.

Bu borada Qarshi shahar hokimiing qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.Avazovdan izoh so‘raganimizda u «Otchopar» mahallasidagi ko‘chalarga shag‘al to‘kish o‘tgan yil mablag‘ yetishmovchiligi uchun qolib ketgani, hokimlik bu yil homiylarni jalb qilib bajargani, shag‘alni G‘uzordagi yagona karerdan keltirishgani, karerdan o‘sha paytda o‘shanday sifati pastroq shag‘al chiqqanini, kuz-qish mavsumi yaqinlashayotgani tufayli shag‘alning borini to‘kishga majbur bo‘lishganini bildirdi.

Mahalla ahli ko‘chaga o‘zlari pul yig‘ib sifatli shag‘al to‘kishlarini, mutasaddilar faqat mahallaning o‘rtasidan kirib boradigan 2 km uzunlikdagi asosiy yo‘lni asfalt qilib berishsa yetarli bo‘lishini aytmoqda.

Bugun mahalla ko‘chalariga shag‘al o‘rniga tuproq to‘kilgani va mahalla markaziy ko‘chasining asfalt qilinmagani uchun bu mahalla hududiga yog‘in-sochinli kunlarda transport kirmay qo‘ygan. Bu esa mahalla ahlining katta ko‘chagacha chiqishida ko‘p noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Kun.uz tahririyati Qarshidagi bu muammolar tez kunlarda hal etilib, aholini qiynab kelayotgan maktab va yo‘l masalalari o‘z yechimini topishiga umid bildirib qoladi.

 G‘ayrat YO‘LDOSh.

Mavzuga oid