Jamiyat | 12:41 / 30.12.2019
58147
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar o‘zbek oilalarida ajrimlar soni ortishi ehtimolidan ogohlantirdi

O‘zbek oilalarida o‘zaro tushunish, hissiy intilish va o‘zaro hurmat kabi omillar 1990 va 2010 yillarga nisbatan bugungi kunda pastlab bormoqda.

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, markazning so‘nggi tadqiqotlaridan ana shunday xulosa kelib chiqqan.

Tadqiqot o‘tkazgan olimlarning izoh berishicha, 1990, 2010 va 2019 yillarda o‘zbek oilalarida er-xotin o‘rtasidagi «o‘zaro hurmat», «hissiy intilish» va «o‘zaro tushunish» kabi omillarning dinamikasi o‘rganilgan bo‘lib, natijalar yillar kesimida taqqoslanganda farqlar namoyon bo‘lgan.

Er-xotin munosabatlaridagi bunday muhim omillarning ko‘rsatkichlari pastlab borayotganiga asosiy sabablardan biri, psixologlarning fikricha, yoshlarning oilaviy hayotga tayyorlab borilmaganidir. Ya'ni ota-onalar oilada shaxslararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mustahkam oilani barpo etish hamda oilada sog‘lom muhitni yaratish uchun zarur bilimlarni o‘z farzandlariga yetarli darajada o‘rgatishmayapti.

Tadqiqotchilar, agar bunday holat davom etaversa, o‘zbek oilalarida ajrimlar sonining ortishi, nizoli vaziyatlarning ko‘payishi, qolaversa, nikohdan tashqari munosabatlarning ortib borishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.

«Bunday holatni har bir oila a'zosi ongli ravishda anglab yetishi va ogoh bo‘lishi, sergaklik bilan o‘z vaziyatiga o‘zi baho bera olishi muhim ahamiyatga ega», – deyiladi «Oila» ilmiy-amaliy markazi xulosasida.

Ma'lumot uchun, 2019 yilga qadar O‘zbekistonda 10 yil davomida oilaviy ajrimlar soni ikki barobarga oshgan. 2008 yilda 16 mingdan ortiq nikohdan ajralish hollari qayd etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilga kelib 32 mingdan ortib ketgan. 2019 yilda esa ajrimlar soni o‘sishdan to‘xtab, 23 mingga tushgani aytilmoqda.

Mavzuga oid