Jahon | 21:20 / 02.01.2020
31573
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiya parlamenti Liviyaga harbiylar jo‘natilishiga ruxsat berdi

Foto: ANADOLU AGENCY

Turkiya parlamenti Liviyaga BMT tomonidan tan olingan hukumatga yordam berish uchun harbiylar jo‘natilishiga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Lekin bu turk harbiy qismlari darhol Liviyaga yo‘l olishi va marshal Xalifa Haftarga yordam berayotgan rossiyalik yollanma jangchilarga qarshi turishini anglatmaydi.

Liviya milliy kelishuv hukumatiga harbiy yordam jo‘natish to‘g‘risidagi hujjat parlamentga dushanba kuni taqdim etildi. Parlamentdagi 325 deputat uni qo‘llab ovoz bergan bo‘lsa, 184 deputat qarshi chiqdi.  

Turkiya va Liviya Liviya milliy kelishuv hukumati o‘rtasida harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim noyabr oyida ushbu hukumat rahbari Foiz Sarojning Anqaraga tashrifi davomida imzolangandi.

2011 yilda Liviya rahbari Muammar Qazzofiy hokimiyatdan ag‘darilib, o‘ldirilganidan keyin mamlakatda bir-biriga qarshi urushadigan qo‘shhukmronlik vujudga kelgan: G‘arbda poytaxt Tripoli atrofida shakllangan, BMT tomonidan tan olingan Saroj boshchiligidagi hukumat, sharqda Bengazini markaz qilgan, amalda marshal Xalifa Hafta tomonidan boshqariladigan parlament hukumati.

Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi 2019 yilning aprel oyida Tripoliga yurish boshlagandi, ammo hali natijaga erisha olmagan.

Tashqaridagi kuzatuvchilar tasdiqlashicha, Tripolidagi hukumatni Turkiyadan tashqari, Qatar, Italiya va AQSh, Xalifa Haftarni esa Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya, Fransiya va Rossiya qo‘llab-quvvatlaydi.

Erdo‘g‘an Liviya hukumati bilan dengiz hududidan foydalanish bo‘yicha ham kelishuv tuzgan.
Bu neft va gaz havzalarida ishlash uchun muhim / AFP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bir necha marta Liviya sharqida rossiyalik yollanma harbiylar («Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari) joylashganiga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratgandi.

Rasmiy Moskva esa marshal Haftarni qo‘llab-quvvatlashini tan olmay keladi. Rasman Rossiya BMT tomonidan tan olingan hukumatni qo‘llab-quvvatlashini bildirsada, amalda Haftar Moskvaga safarlar qiladi.

Qayd etish kerakki, Turkiya hukumatining Tripoliga yordam berish qarori turk harbiylari Liviyaga rossiyaliklar bilan yuzma-yuz jang qilishi uchun jo‘natilayotganini anglatmaydi.

Xalqaro kuzatuvchilarning fikricha, Anqara rossiyalik harbiylar yoki yollanma jangchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlardan imkon qadar qochishga harakat qiladi. Agar rossiyaliklar u yerda chindan bo‘lsa, Turkiya Suriyada bo‘lgani kabi ular bilan to‘qnashuvdan saqlanadi.

8 yanvar kuni Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Putinni qabul qiladi, kuzatuvchilarning fikricha, bu uchrashuvda muhokama qilinadigan asosiy mavzu Liviyadagi harakatlarni muvofiqlashtirib olish mavzusi bo‘ladi.

Tripoli atrofida 10 oydan buyon jang ketmoqda / AFP

Wall Street Journal nashri Turkiya hukumatidagi manbasiga tayanib xabar tarqatishicha, turklar Liviyadagi ehtimoliy to‘qnashuvlardan qochish uchun Moskva bilan muzokaralarni boshlab yuborgan.

Bundan tashqari, Turkiya Liviyaga harbiylarini darhol jo‘natmoqchi emas.

Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay chorshanba kuni Anadolu agentligiga bergan intervyusida, qurolli kuchlar harakatlanishga tayyorligi, ammo Tripolidagi hukumatga yordam berish qarori - hozircha shunchaki Haftar armiyasiga berilgan siyosiy signal ekanini aytib o‘tgan.

«Agar parlament qaroridan keyin ular (Haftar armiyasi) qarorini o‘zgartirishsa va «Okey, biz ketamiz, o‘t ochishni to‘xtatamiz», deyishsa, biz uyoqqa borib nima qilamiz?» - degan Oktay.

Va nihoyati, jahondagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya Liviyaga muntazam armiya qismlarini emas, Turkiyaga ittifoqchi bo‘lgan Suriyadagi harbiy guruhlarni, jumladan, Suriyadagi turkmanlarni jo‘natishni rejalashtirgan.

«Hozirda Turkiya Liviyaga suriyalik jangchilarni jo‘natishni boshlayotgani yo‘q, ammo baholash ishlari o‘tkazilgan, bu mavzuda yig‘ilishlar bo‘lib o‘tgan, voqealar rivoji shunga olib borishi ham mumkin», degan shaxsi sir qolishini so‘ragan turkiyalik yuqori martabali amaldor Reyter agentligiga.

Mavzuga oid