Jamiyat | 18:03 / 03.01.2020
160394
8 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda qiynoqqa solingan bola ishi. Voqealar rivoji qanday kechishi mumkin?

Yunusobodda qiynoqqa solingan bola ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar oshkor qilindi.

2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda taxminan 10-15 yoshlardagi bolaning Yunusobod tumanida akasi tomonidan qiynoqlarga solinib, kaltaklab kelingani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Xususan, telegramdagi kanallardan birida e'lon qilingan xabarda «Yunusobodda yashovchi bu bolakay har kuni ayovsiz kaltaklangani, uni o‘zining tug‘ishgan akasi kaltaklab yurgani, akasining turmush o‘rtog‘i bolakayni yomonlab, unga qarshi qayrab har kuni kaltaklatgani, bola uy yerto‘lasida saqlab kelingani» aytilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, qiynoqlarga solingan bola mashhur aktrisa Madina Muxtorovaning kenja o‘g‘li hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birinchi videoda bola o‘z akasi tomonidan muttasil ravishda qiynoqqa solinib, kaltaklanishi bayon qilingan. Tasvirlarda bolaning yuzi, qo‘llari, barmoqlari va ayniqsa oyog‘ining son qismi qizargani, ko‘kargan va qontalash bo‘lgani aks etgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bolaga uning akasi tomonidan jismoniy kuch ishlatilgan va buning natijasida u tan jarohatlari olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tibbiyot muassasasi tomonidan 2 yanvar kuni berilgan 62-sonli ma'lumotnomaga ko‘ra, bolaga yuz va tana sohasining ko‘plab qontalashlari va lat yeyishlari tashxisi qo‘yilib, ambulator davolanish tavsiya etilgan.

Ko‘p o‘tmasdan ijtimoiy tarmoqda jabrlanuvchining murojaati tarqaldi.

Unda bola aktyorlik to‘garagiga qatnashishi, ushbu videoda ham aktyorlik mahoratini ko‘rsatgani, tanasidagi ko‘karishlarni esa onasining bo‘yoqlaridan foydalanib grim qilgani, aslida ahvoli yaxshiligi, akasi uni hech qachon urmaganini aytadi hamda undan xavotir olayotgan, uyigacha izlab kelayotgan odamlarga minnatdorchilik bildiradi.

Aktrisa va uning kenja o‘g‘li holat bo‘yicha aktrisaning o‘rtancha o‘g‘liga da'volari yo‘qligini ma'lum qilishib, bu haqda ariza yozishdan bosh tortishgan.

Yunusobod tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi holat yuzasidan bayonot berdi.

«Bolaning onasi O‘zbekiston milliy akademik drama teatri aktrisasi Madina Muxtorova voyaga yetmagan M.A.ning (ko‘rsatmalariga ko‘ra) tarbiyasi buzilib, ko‘p vaqtini ko‘chada o‘tkazayotganligi va uning xulq-atvoridagi o‘zgarishlar sababli 2020 yil 2 yanvar kuni soat taxminan 12:30 larda o‘rtancha o‘g‘li Sanjar Muxtorovdan ukasi bilan gaplashib qo‘yishni so‘ragan.

Shu sababli S.Muxtorov Yunusobod tumani 19-mavze 35-uy 115-xonadonga kelib, ukasi voyaga yetmagan M.A bilan onasi M.Muxtorova ishtirokida suhbatlashgan vaqtida ukasining qo‘pol muomalada bo‘lganligi va gaplariga quloq solmaganligi sababli uni qo‘li bilan yuz va tana qismidan turtib siltalaganligi natijasida voyaga yetmagan M.A.ning tanasi ko‘karib, uning tan jarohati olgan, shundan so‘ng M.Muxtorova voyaga yetmagan farzandining tanasida ko‘karishlar borligi sababli uni sog‘lig‘ini tekshirtirish maqsadida shifoxonaga olib borgan.

So‘ng tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazib farzandini ish joyi, ya'ni O‘zbekiston milliy akademik drama teatri binosidagi xonasiga olib borgani, so‘ng M.Muxtorova o‘rtancha farzandi S.Muxtorov unga kam e'tibor berayotgani uchun uni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida voyaga yetmagan M.A bilan kelishib uning tanasining ko‘kargan joylarini tanal bo‘yoqlar bilan bo‘yab tanadagi ko‘karishlarni bo‘rttirib ko‘rsatishgani, so‘ng go‘yoki uning akasi muttasil ravishda uni qiynab urib kelayotgani to‘g‘risida onasiga aytib bergani, ushbu holatni M.Muxtorovaning telefon apparati orqali videotasvirga olishgani, ammo aslida bunday holat bo‘lmaganini ma'lum qilgan.

Ushbu videotasvir ijtimoiy tarmoqlarga M.Muxtorova shu kuni telefon apparatini quvvatlash uchun xonasida qoldirib ketgan vaqtida uning kasbdoshlari tomonidan beruxsat olinib (hozirda kim tomonidan tarqatilganligi aniqlanmoqda) tarqatib yuborilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan M.A bilan onasi ishtirokida Yunusobod tumani IIO FMB XPB voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha inspektori va psixologi ishtirokida o‘tkazilgan suhbat vaqtida voyaga yetmagan M.A tan jarohati ehtiyotsizligi oqibatida va o‘zining aybi bilan olganligi holati bo‘yicha akasi S.Muxtorovga nisbatan da'vo e'tirozi yo‘qligini, ariza yozishdan bosh tortishini, akasi tomonidan unga jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmaganligini ma'lum qilgan», deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tomonlarning ko‘rsatmalarini tekshirish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mazkur holatga albatta mutasaddi tashkilotlar tomonidan huquqiy baho beriladi va tegishli choralar ko‘riladi. Shu o‘rinda ko‘pchilikni voqealar rivojining qanday kechishi qiziqtiradi.

Qonun hujjatlariga ko‘ra, shaxsga yetkazilgan tan jarohati va uning og‘irlik darajasi sud-tibbiy ekspertizasi orqali aniqlanadi. Agarda bola va uning yaqinlari sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tishni istashmasa, unda bolani u davolanayotgan tibbiy muassasada tan jarohatlari bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish haqidagi ma'lumotlar asosida ham sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazish mumkin.

Shu bilan birga, bola va uning onasi o‘rtancha o‘g‘ilni javobgarlikka tortishni so‘rab shikoyat arizasini yozmasa nima bo‘ladi degan savol tug‘iladi.

Bordi-yu, bolaning olgan tan jarohatlari sog‘liqning qisqa vaqt, ya'ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, yuqoridagi holat bo‘yicha o‘rtancha o‘g‘ilga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 110-moddasi (qiynash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin.

Jinoyat-protsessual kodeksining 325-moddasiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 109- va 110-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi jinoyat ishlari aybdorni javobgarlikka tortishni so‘rab jabrlanuvchi bergan shikoyat arizasi asosidagina qo‘zg‘atiladi. Biroq yana ushbu moddaga ko‘ra, jabrlanuvchi nochor ahvolda bo‘lgani, ayblanuvchiga qaram bo‘lgani tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqini va qonuniy manfaatlarini o‘zi himoya qila olmaydigan alohida hollarda prokuror jabrlanuvchining shikoyatisiz ham jinoyat ishini qo‘zg‘atishi shart.

Mavzuga oid