O‘zbekiston | 18:00 / 22.01.2020
84923
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning yangi tarkibiga nomzodlar deputatlar tomonidan ma'qullandi

O‘zbekiston hukumati tarkibida o‘zgarishlar ro‘y beradi. Transport vazirligida Ochilboy Ramatov o‘rnini bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Elyor G‘aniyev egallaydi, Madaniyat vazirligida Baxtiyor Sayfullayev o‘rnini uning o‘rinbosari bo‘lgan Ozodbek Nazarbekov egallaydi. Hukumat tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimi joriy etilib, bu lavozimga Aziz Abduhakimov tayinlanadi. Bungacha Turizmni rivojlantirish qo‘mitasiga Abdulaziz Oqqulov rahbarlik qilayotgandi.

Bugun, 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yangi shakllangan parlament quyi palatasi deputatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqishdi.

Parlament quyi palatasida qaror topgan yangi amaliyot asosida Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mas'ul qo‘mitalarida, so‘ngra siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi. Majlisda Hukumat a'zosining lavozimiga nomzodlarning har biri Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli aniq ko‘rsatkichlar va natijalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etishdi.

Shundan so‘ng savol-javoblarga o‘tildi. 

Hukumat a'zoligiga nomzodi ko‘rsatilganlar parlament a'zolari tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar hamda savollarga atroflicha javob qaytardilar. Ular e'tiboriga mazkur lavozimga kirishganidan so‘ng vazirliklar bilan parlament o‘rtasidagi munosabatlar yanada faol va samarali bo‘lishini bildirishdi.

Savol-javob va qizg‘in muhokamalardan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Hukumat a'zoligiga nomzodlarni lavozimiga ma'qullash haqida qaror qabul qilishdi.

Ushbu Qarorga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga – Ramatov Ochilboy Jumaniyazovich;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri lavozimiga – Qo‘chqorov Jamshid Anvarovich;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga – Abduhakimov Aziz Abduqahhorovich;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston xotin–qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga – Bositxonova Elmira Irkinovna;

Foto: YUKSALISH umummilliy harakati

Transport vaziri lavozimiga – G‘aniyev Elyor Majidovich;

Qurilish vaziri lavozimiga – Zokirov Botir Erkinovich;

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimiga – Soliyev Muzaffar Xoldarboyevich;

Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga – Xo‘jayev Botir Asadillayevich;

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga – Husanov Nozim Baxtiyorovich;

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga – Umurzoqov Sardor O‘ktamovich;

Energetika vaziri lavozimiga – Sultonov Alisher Saidabbosovich;

Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga – Xo‘jayev Jamshid Abduhakimovich;

Suv xo‘jaligi vaziri lavozimiga – Hamroyev Shavkat Rahimovich;

Adliya vaziri lavozimiga – Davletov Ruslanbek Kuroltayevich;

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri lavozimiga – Majidov Inom Urishevich;

Xalq ta'limi vaziri lavozimiga – Shermatov Sherzod Xotamovich;

Maktabgacha ta'lim vaziri lavozimiga – Shin Agrippina Vasilevna;

Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga – Shodmonov Alisher Qayumovich;

Jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimiga – Nabiyev Dilmurod Hamidullayevich;

Innovatsion rivojlanish vaziri lavozimiga – Abdurahmonov Ibrohim Yo‘lchiyevich;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga – Sodiqov Shuhrat Muhamadjanovich;

Madaniyat vaziri lavozimiga – Nazarbekov Ozodbek Ahmadovich;

Mudofaa vaziri lavozimiga – Qurbonov Bahodir Nizomovich;

Ichki ishlar vaziri lavozimiga – Bobojonov Po‘lat Razzaqovich;

Tashqi ishlar vaziri lavozimiga – Komilov Abdulaziz Hafizovich;

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga – Qo‘chqorov Bahrom To‘lqinovich;

Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga – Ismoilov Oybek Ortiqovich;

Davlat statistika qo‘mitasi raisi lavozimiga – Begalov Bahodir Abdusalomovich;

Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga – Musayev Behzod Anvarovich;

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi lavozimiga – Islamov Bobir Farhodovich;

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga – Azimov Murotjon Berdialiyevich;

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga – Abdullayev Abdushukur Hamidovich;

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga – Bakirov Nizomiddin Jalilovich;

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga – Norqobilov Bahromjon To‘rayevich;

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga – Gulyamov Baxtiyor Vaxabovich nomzodi ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a'zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi. 

Mavzuga oid