O‘zbekiston | 19:26 / 03.02.2020
121941
6 daqiqa o‘qiladi

Haj ziyoratiga borish tartibi qanday? (batafsil)

O‘zbekistonda yiliga 7 mingga yaqin fuqaro Haj safariga yuboriladi. Ziyorat narxi 2019 yilda 33,5 mln so‘mni tashkil etgandi. Talabgorlar o‘rtacha 3-5 yil navbat kutadilar. Shu bilan birga, navbatga yozilib, to‘lov qilishning o‘zi kifoya emas – muayyan talablarni ham bajarish lozim.

Aholisining aksariyatini musulmonlar tashkil etadigan O‘zbekistonda Haj ziyoratiga borish uchun talab yuqori. Hozir Umra ziyoratiga xususiy firmalar orqali ham borish mumkin, ammo Hajga faqatgina davlat organi – Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita tomonidan yuborilishi hamda bu ziyoratning mavsumiy (Oy taqvimi bo‘yicha Zulhijja oyi, Quyosh taqvimi bo‘yicha doimiy o‘zgarib turadi) bo‘lgani bois navbat kutishlar uzoq vaqt talab qiladi.

Haj uchun navbatga turish tartibi yuzasidan savollar ko‘pligi bois quyida bu borada batafsil ma'lumot keltiriladi.

Haj ziyoratiga fuqarolarni yuborish Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan «Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra amalga oshiriladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, ilgari Hajga borish istagini bildirgan har bir fuqaro navbatga qo‘yilar edi. Hozirda bu ish o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahalla fuqarolar yig‘inlari tavsiyasi asosida amalga oshiriladi.

Haj ziyoratiga yuborish bir necha bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich: hujjat topshirish

Fuqaro doimiy yashash manzili bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY)ga hujjat (pasport nusxasi va ariza) topshirishi lozim.

Ikkinchi bosqich: nomzodni o‘rganish

Fuqaroning belgilangan mezonlarga muvofiqligi o‘rganiladi. Nomzod quyidagi talablarga javob berishi kerak:

·       moddiy (ziyorat uchun xarajatlarni to‘lay olish) va jismoniy (salomatligining yaxshi bo‘lishi) jihatdan ziyoratga qodir bo‘lishi;

·       Haj ibodatini to‘kis ado etish uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lish;

·       oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi;

·       yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi;

·       bundan oldin Haj ibodatiga bormagan bo‘lishi.

Mirobod tumani, «Movarounnahr» MFY raisi Ma'mura Odilovaning ma'lumot berishicha, ushbu ma'lumotlarni jamlashda mahallada uyboshi, yo‘lakboshi, nomzodning qo‘ni-qo‘shnisidan so‘rab-surishtirilishi mumkin. Ya'ni fuqaro haqidagi jamoatchilik fikri o‘rganiladi.

Uchinchi bosqich: suhbat

Hajga borish istagida bo‘lgan fuqaro bilan suhbat o‘tkaziladi. Suhbat 7 nafar mutaxassis ― tuman bosh imomi, mahallaga biriktirilgan imom, mahalla raisi, diniy ma'rifat va ma'naviy-ahloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika ispektori, Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Nuroniy» jamg‘armasidan jamlangan vakillardan iborat komissiya tomonidan o‘tkaziladi.

Suhbat har oyning beshinchi sanasidan kechiktirilmagan muddatda o‘tkazilishi kerak. Ya'ni agar fuqaro 1 fevral sanasida ariza topshirsa, 5 fevralga qadar u bilan suhbat o‘tkazilishi lozim.

Suhbatda fuqaroning Hajga borish uchun layoqati, diniy bilimi, sog‘ligining darajasi, moliyaviy ta'minoti, mahalla hayotida faolligi, qo‘ni-qo‘shnilar bilan munosabatlari, huquqbuzarlik sodir etgan-etmagani o‘rganiladi. Shu mezonlar asosida nomzodlar saralanadi, ularni navbatga qo‘yish haqida komissiya tomonidan tavsiya beriladi va navbatga kiritiladi. Nechanchi navbatga qo‘yilgani xususida unga tasdiqnoma beriladi. Navbatda turganlar ro‘yxati MFY binosida e'lon qilingan bo‘lishi kerak.

To‘rtinchi bosqich: kuzatuv

Fuqaro navbatga qo‘yilgandan keyin mahalla fuqarolar yig‘inining doimiy nazoratida bo‘ladi. Bu davrda mahalla tadbirlarida ishtirok etish, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladagi turmushi og‘ir oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xayriya tadbirlarida qatnashish, oilasi bilan boshqalarga namuna bo‘lish, kommunal to‘lov va soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash kabi tartiblarga rioya qilish jihatlari kuzatib boriladi.

Beshinchi bosqich: kvota taqsimoti

Haj ziyoratiga fuqarolarni yuborish uchun saralash ziyorat mavsumidan kamida besh oy avval boshlanishi kerak. Tuman/shahar hokimliklari shu hududdan Hajga odamlarni yuborish uchun ajratilgan kvotani mahallalarga taqsimlaydi. Taqsimotda mahalladagi aholi soni, din amaliyotiga rioya qiluvchilarning ko‘rsatkichlaridan kelib chiqiladi.

Mahalla uchun ajratilgan kvotadan kelib chiqib, ro‘yxatga binoan navbati kelganlar xabardor qilinadi. Agar navbati kelgan fuqaro turli sabablarga ko‘ra shu mavsumda ziyoratga bora olmasa, undan bu haqida yozma bildirishnoma olinadi. Mazkur nomzoddan keyingi navbatda turgan fuqaroga navbat tegadi.

Ma'mura Odilovaning aytishicha, talabgorlar o‘rtacha olganda 3-5 yil navbat kutishadi.

Haj ziyorati uchun to‘lov miqdori qancha?

Ziyoratga borish uchun xarajatlarning umumiy summasi har yili o‘zgarib boradi. 2019 yil uchun bu ko‘rsatkich 33,5 mln so‘mni tashkil etgan.

Ma'lumot o‘rnida, 2016 yilda O‘zbekistondan 5200 kishi Haj amallarini ado etib kelgan bo‘lsa, 2017-2018 yillarda 7200 nafar atrofida o‘zbekistonlik islom dinining muqaddas arkonlaridan birini ado etish imkoniga ega bo‘lgan. 2019 yilda esa respublika bo‘yicha 6970 nafar fuqaro Hajga borish uchun tavsiya qilingan.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzuga oid