O‘zbekiston | 11:52 / 05.02.2020
65939
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Uxandan 79 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga olib kelindi

O‘zbekiston Xitoy hududidagi fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayonida ikkinchi charter reysni amalga oshirdi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Xitoydan O‘zbekiston fuqarolarini olib uchgan samolyoti bugun mahalliy vaqt bilan soat 11:42da Toshkent aeroportiga yetib keldi.

Samolyotda Uxandan evakuatsiya qilingan 84 nafar yo‘lovchilar, ekipaj a'zolari, shuningdek, tibbiyot xodimlari va zamonaviy himoya vositalari bilan virusologiya sohasi mutaxassislari vatanga olib kelindi.

Bu samolyot yo‘lovchilari ham koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalarida 14 kun davomida karantin holatida saqlanadi.

«Ayni paytda tibbiyot xodimlari tomonidan samolyotdagi yo‘lovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning ust-boshi hamda yuklarini to‘liq zararsizlantirish choralari ko‘rilmoqda. Shundan so‘ng ularni maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasiga joylashtirish ko‘zda tutilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

 

Tashqi ishlar vazirligidan ma'lum qilishlaricha, Qozog‘iston tomonining so‘roviga binoan, mazkur samolyot bortida 79 nafar o‘zbekistonlikdan tashqari 5 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham Xitoydan ortga qaytgan. Ular ham karantin davrida maxsus jihozlangan tibbiyot muassasalarida bo‘ladi.

Yo‘lovchilarning vaqtincha turar joy markazida bo‘lishiga oid savol uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligining bosh ofisiga quyidagi telefon orqali murojaat qiling: +998 (71) 276-49-66.

4 fevral kuni O‘zbekiston Xitoydan 250 nafar fuqarosi evakuatsiya qilgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi ushbu fuqarolarda koronavirus aniqlanmaganini ma'lum qilgan.

UPD. Tashqi ishlar vazirligi xabaridan so‘ng, reysdagi o‘zbekistonliklar soni 79 nafar ekani aniq bo‘lgach, xabarga tuzatish kiritildi.

Mavzuga oid