Jamiyat | 15:09 / 13.02.2020
19794
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan o‘zbekistonliklar bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Illyustrativ foto

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) bosh konsulxonasi 2020 yil 11 fevral kuni Samara-Chimkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan va yo‘lovchilari orasida 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus Aqto‘be viloyati hududida buzilib qolganini ma'lum qildi. 

Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotida aytilishicha, nosozlikka sovuq ob-havoda avtobus yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan.

Mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasi 12 fevral kuni Qizil-O‘rda – Pavlodar trassasida Pavlodar viloyati hududida ichida 19 nafar yo‘lovchi – O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mikroavtobus nosozlik tufayli to‘xtab qolgani to‘g‘risida tarqalgan ma'lumotni tasdiqladi.

Ikkala vaziyatda ham hech kim jabrlanmagan, tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmagan. Qozog‘istonning yo‘l politsiyasi va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha organlari xodimlarining tezkor yordami bilan transport vositalari ta'mirlangan va yo‘nalishini davom ettirgan.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolari e'tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishki vaqtda Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratgan.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga o‘tayotganlar, zarur hollarda mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10); Aqtau shahridagi bosh konsulxonaga (tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi bosh konsulxonaga (tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Mavzuga oid