Xitoyda ahvol hamon yomon, ammo jahonda vaziyat o‘nglanmoqda. So‘nggi ma'lumotlar
Xitoyning Xubey provinsiyasida vaziyat og‘irligicha qolayotgan bo‘lsa-da, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lum qilishicha, dunyo bo‘yicha koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar o‘sishi kuzatilmayapti.
Yagona istisnoli holat - Yaponiya qirg‘oqlari yaqinida karantinga olingan kruiz laynerida kuzatilmoqda, kemada yana 44 kishida virus aniqlangan.
JSST ma'lumotlariga ko‘ra, kasallanganlar orasida o‘lim holati keskin o‘sishi yoki kasallarning ahvoli og‘irlashishi sezilarli darajada oshmagan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan yana 122 kishi vafot etgan, infeksiya qurbonlari soni 1381 nafarga yetgan.
Xitoy Sog‘liqni saqlash masalasi bo‘yicha milliy komissiya xabariga ko‘ra, 14 fevral kuni virusdan zararlanganlar soni 63 851 nafarni tashkil etgan.
Vafot etganlar orasida - olti kishi tibbiyot xodimlaridir, jami 1716 nafar tibbiy xodim virusdan zararlangan.
Vafot etgan shifokorlardan biri Li Venlian yanvar oyi boshidayoq virus haqida hukumatni ogohlantirgan, ammo u mish-mish tarqatishda ayblangandi. U 2019-nCov haqida birinchi bo‘lib xabar berganlardan edi, u shifoxonada bemorlardan virus yuqtirib oldi va 7 fevral kuni vafot etdi.
Xubey provinsiyasida 13 fevral kuni 116 o‘lim va 4823ta virusdan zararlanish bilan bog‘liq holat qayd etilgan. Bu bir kun avvalgi ko‘rsatkichlardan kam, 12 fevral kuni 240 kishi halok bo‘lgan va 15 mingga yaqin kishi virus yuqtirgani aniqlangandi.
JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda holatlar bo‘yicha dasturi rahbari Mayk Rayanning so‘zlariga ko‘ra, bu ma'lumotlar kasallik tarqalishi ko‘rsatkichlari keskin ko‘tarilishini anglatmaydi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoydan tashqarida ikki kishi vafot etganidan tashqari, 24 mamlakatda jami 447 kishi virusdan zararlangan.
13 fevral kuni Yaponiya hududida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgandi. Tokiodan shimoli-g‘arbdagi Kanagava shaharchasida yashagan 80 yoshli ayol olamdan o‘tgan.
Yapon nashrlari xabariga ko‘ra, unga tashxis o‘limdan keyin qo‘yilgan, u koronavirus o‘chog‘i sanalgan Xubeyda bo‘lmagan.
13 fevral kuni AQSh Davlat departamenti Shimoliy Koreya hududida kasallik keng tarqalishi mumkinligidan xavotir bildirgan, bu davlat hukumati hozirga qadar kasallik bilan bog‘liq hech qanday ma'lumot bermagan.
«Daymond prinsess» laynerida nimalar bo‘lmoqda?
Layner Yaponiyaning Yokogama portida karantin holatida qolmoqda.
Uning bortida 3700 kishi bor, hozircha ularning barchasi virusni aniqlash bo‘yicha testdan o‘tkazib bo‘linmagan.
Virus aniqlangan bemorlar qirg‘oqqa tushirilib, karantinga joylashtirilmoqda, bortda qolganlar asosiy vaqtini kayutalardan chiqmasdan o‘tkazmoqda.
Japan Times nashri xabariga ko‘ra, 14 fevral kuni yapon hukumati 80 yosh va undan katta bo‘lgan yo‘lovchilarga qirg‘oqqa tushishga ruxsat berdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Katsunobu Katoning so‘zlariga ko‘ra, ular qirg‘oqqa tushishi mumkin, ammo hukumat ajratgan maxsus hududda yashab turishadi.
Xuddi shu vaqtda yana bir kruiz layneri, bortida 2 mingdan ortiq kishi bo‘lgan «Vesterdam» Kamboja portiga kelgan, Yaponiya, Tayvan, Guam, Filippin va Tailand hukumatlari bu kemani o‘z portlariga qabul qilishni istamagandi, holbuki uning bortida kasallanganlar aniqlanmagan.
Xubey provinsiyasida zararlanganlar soni keskin o‘sgani nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin?
Xubey provinsiyasidagi holat 12 fevralga qadar barqaror edi.
Shu kuni 250ga yaqin kishi halok bo‘lgani va bemorlar soni 60 mingga yaqinlashgani ma'lum qilindi.
Mayk Rayanning so‘zlariga ko‘ra, bu virusni aniqlash uchun tashxis qo‘yishning yangi usuli - «klinik tashxis» qo‘llanayotgani bilan izohlanadi: bungacha aniqlanayotgan kasallar virusni bir necha kun yoki hatto bir hafta oldin yuqtirgan bo‘lgan.
Xitoylik mutaxassislarning fikricha, bu bemorlarga «kasallikning erta davridayoq davo olish imkonini beradi» va shu sababli ko‘rilayotgan choralar samaradorligini oshiradi.
Boshqa davlatlardagi holat:
- Buyuk Britaniyada rasmiylar koronavirus tarqatishi mumkin bo‘lganlarni kuzatishga harakat qilishmoqda. Bir necha kun muqaddam Xitoydan Londondagi Hitrou aeroportiga kelgan ayol taksida shifoxonaga keldi, u Covid-19 tashxisi qo‘yilgan to‘qqizinchi britaniyalik bo‘ldi.
- Avstraliya Xitoyning materik qismidan kelishuvchilar uchun taqiqni yana bir haftaga, 22 fevralga qadar uzaytirdi.
- Xitoyda bir necha maktablar fevral oy oxiriga qadar yopiq turadi.
- Xitoy bilan chegaradosh bo‘lgan Vetnamda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq bir necha holat aniqlangach poytaxt Xanoy yaqinidagi qishloqda 10 mingga yaqin odam karantinga joylashtirildi. Hukumat kamida 16 bemorni aniqlagan.
- Qizil Xoch jamiyati Shimliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni va u yerga dori-darmon yetkazishni osonlashtirishni so‘ramoqda. Mamlakatda virusni aniqlash vositalari hamda virus tarqalishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun himoya vositalariga zarurat yuzaga kelgan.
- Britaniyada rep yulduzi Stormzy Osiyoga turnesini qoldirdi - u mart oyida gastrol doirasida Shanxay, Hongkong, Singapur va Malayziyada konsert berishi rejalashtirilgandi.
- Karantinga joylashtirilgan, keyin qochib ketgan rossiyalik ayol kuch bilan shifoxonaga qaytarildi. 32 yoshli Alla Ilina Sankt-Peterburgdagi kvartirasi eshigini politsiyaga ochmagandi.
Mavzuga oid
09:34 / 05.08.2024
Viyetnam prezidenti To Lam Kompartiya Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi etib saylandi
11:54 / 26.08.2023
AQShning «manglayidagi qora dog‘» – amerikaliklar Vetnamdagi qishloq aholisini nega qatliom qilgandi?
18:30 / 23.05.2023
«General asirni o‘ldirdi, men fotoapparatim bilan generalni o‘ldirdim» – Vetnam urushining shafqatsizliklari tasvirlangan surat tarixi
11:11 / 23.03.2023