O‘zbekiston | 15:51 / 25.02.2020
220534
4 daqiqa o‘qiladi

Otabek Murodovga sud hukmi e'lon qilindi

O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Otabek Murodovga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi, DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning o‘rinbosari bo‘lgan Jahongir Egamov 19 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi oldi.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan sobiq bosh prokuror Otabek Murodov hamda DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning o‘rinbosari Jahongir Egamovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, yetmishdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib, muhokama qilindi. Dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirilgan.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Otabek Murodovni bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.

«Sudlanuvchi O. Murodovga nisbatan jazo chorasini belgilashda sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga ham asoslandi. Xususan, sudlanuvchining sodir etgan jinoyatlari uchun chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh qilishda faol yordam berganligi hamda jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar to‘la qoplanganligi e'tiborga olindi.

Natijada, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, oilaviy ahvoli, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani kabi jazoni yengillashtiruvchi holatlar e'tiborga olinib, O. Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, sudning hukmiga ko‘ra, Ixtiyor Abdullayevga 19 yil, Jahongir Egamovga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

  • Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning yanvaridan O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan Otabek Murodov 2019 yil yozida lavozimidan ozod etilib, sentabr oyida qamoqqa olingandi.

  • 2015 yil aprelidan 2018 yil 31 yanvariga qadar O‘zbekiston bosh prokurori, 2018-2019 yillarda Davlat xavfsizlik xizmati rahbari bo‘lgan Ixtiyor Abdullayev esa 2019 yil yanvarida ishdan ketganidan bir oy vaqt o‘tib qo‘lga olingan, unga nisbatan mansab vakolatini suiiste'mol qilish, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgandi. 2019 yil sentyabrida Harbiy sud Ixtiyor Abdullayevni jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste'mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilgani xabar qilingandi.

  • 2018 yil fevralida DXX raisi Ixtiyor Abdullayevga o‘rinbosar etib tayinlangan Jahongir Egamov 2018 yil dekabrida ishdan olingan, 2019 yil 2 yanvarida qo‘lga olingandi. 2019 yil sentyabrida unga nisbatan 16 yilga ozodlik mahrum etish jazosi tayinlangandi. 

Mavzuga oid