Iqtisodiyot | 20:48 / 27.02.2020
43971
12 daqiqa o‘qiladi

Ekspert fikri: O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni sekinlashtirayotgan 5ta omil haqida

Foto: facebook.com/bakhrom.bahodirovich

Siyosatshunos-iqtisodchi, PhD darajasiga ega ijtimoiy va davlat sektoridagi innovatsiyalar sohasi mutaxassisi Bahrom Rajabov Uzbek Review'ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni sekinlashtirayotgan omillar va investitsion muhitni qanday yaxshilash mumkinligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Bahrom Rajabovning fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar so‘mning erkin konvertatsiyasi joriy etilganidan keyin boshlandi. Ammo konvertatsiyaga qadar jiddiy munozaralar boshlanib ketgan edi. Qarorlarda hal qiluvchi ovozga ega ba'zi shaxslar orasida erkin konvertatsiyani kechiktirishni so‘raganlar ham bo‘ldi. Ular:

– mavjud status-kvodan foyda olgan va arzon valutaga ega bo‘lish imkoni bo‘lganlar;

– valuta kurslarining erkinlashtirilishi iqtisodiyot uchun kutilmagan oqibatlarga va buning ortidan kelib chiqadigan ijtimoiy-siyosiy silkinishlarga olib keladi deb xavotirlanganlar bor edi.

Ikkinchi holatda, xavotirlar behuda bo‘lgan. Odamlar va biznes shundoq ham anchadan buyon o‘rnatilgan kurs bo‘yicha emas, haqiqiy kurs bo‘yicha yashab kelayotgandi. Status-kvodan foyda ko‘rganlar uchun bu xavotirlar qulay bahona bo‘lgan.

O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga nimalar to‘sqinlik qilyapti?

Oldindan nimani kutishni bilmaysan

Yangi hukumat endigina islohotlarni boshlaganida, biznes vakillari jimlik bilan kutishdi. Xo‘sh, yangi hukumat qanday qadam qo‘yadi, uning «o‘yin qoidalari» o‘zgaradimi? Tezkorlik bilan o‘z yechimini kutayotgan muammo, bu – yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalasi edi. Qolaversa, davlatning o‘zi ham biznesning katta qismi yashirin iqtisodiyot izmida ekanligini tan olardi.

E'lon qilingan soliq islohoti biznesni yashirin iqtisodiyotdan chiqarishni rag‘batlantirishga qaratildi. Hozircha bunga to‘liq erishishning imkoni bo‘lmayapti: chunki biznes istiqbolini oldindan ko‘ra bilish imkoniyati yaratilmagan, davlat sektorida munosib ish haqiga ega ishchilar o‘rni yetishmayapti.

Iqtisodiyotda davlat ulushining yuqoriligi va ijtimoiy kreditlarni ajratish sohasida mukammal o‘ylanmagan qarorlar

Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish bo‘yicha muammolar ko‘p, ya'ni tabiiy monopoliya kabi omillar hamon soya solmoqda. Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va bir qator infratuzilmaviy loyihalarni kreditlashga yo‘naltirilgan dasturlarda javobsiz savollar bisyor.

Hammani birdek tadbirkor qilib bo‘lmaydi. Bu kabi dasturlarga ajratilayotgan mablag‘larning bir qismini yuqoriroq foizlar evaziga biznesni kreditlash uchun sarflagan ma'qul. Bahonada yangi ish o‘rinlari paydo bo‘larmidi?!

Kreditlarning hamma uchun berilishi tarafdoriman, lekin tadbirkorlikni boshqa yo‘l bilan ham yaxshilash mumkin. Davlat katta mablag‘ini infratuzilmaviy loyihalar va dasturlar uchun sarflaydi, imtiyozli kreditlar beradi. Bunday siyosat asosan inqirozlar, urushlar, ocharchilik yillari, ishsizlik sharoitida, talabni qo‘llab-quvvatlash va odamlarni ish bilan ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Islohotchilarning taqchilligi

Amerikalik biznesmenlar bilan uchrashganimda,  ular menga yana bir masalada o‘z xavotirini bildirdi: «O‘zbekistonda islohotlarni qo‘llab-quvvatlay oladigan va bozor iqtisodiyotini tushunadigan yaxshi ma'nodagi texnokrat insonlar yetarlimi?»

Bu kabi texnokratlar yetarli emas, shuning uchun:

– mamlakatda tez-tez kadrlar almashinuvi yuz beradi;

– fuqarolar xorijdan qaytishni va o‘z vatanida ishlashni istamaydi.

Sohadan yaxshi xabardor texnokratlarning yangi avlodi qayerdan paydo bo‘lsin? Otabek Nazirov (Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori), Odilbek Isoqov (Moliya vaziri o‘rinbosari) kabi chet eldan qaytib kelgan oz sonli vatandoshlarimiz mas'ul lavozimlarga qo‘yilgan bo‘lsa-da, lekin katta o‘zgarishlarga qodir jamiyat hali hosil bo‘lgani yo‘q.

To‘g‘ri, jarayon allaqachon boshlangan, lekin bu kabi odamlar sohada yetarli emas. Bir guruh texnokrat insonlarga tegishli vakolatlarni bergan holda, ularni rahbar lavozimlarga tayinlash orqali, ma'lum bir sohaga yo‘naltirish kerak, deb o‘ylayman. Balki shunda sezilarli samara bo‘lar.

Qarindosh-urug‘chilik

Mahalliy bozorda ro‘y berayotgan ko‘p hodisalar erkin raqobat natijasida erishiladigan sohadan xabardorlik xususiyati va g‘alabalarga emas, aynan tanish-bilishchilik va qarindosh-urug‘chilikka bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Bu holat hattoki, iqtisodiy rivojlangan davlatlarda ham kuzatilishi mumkin. Aynan tanish-bilishchilik tufayli amalga oshgan biznes yoki startaplarga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ammo haqiqat shundaki, rivojlangan davlatlardagi raqobat kurashida g‘alabaga erishish uchun sohadan xabardorlik xususiyati muhimroq sanaladi.

Investitsion muhitni yaxshilash uchun nima qilish kerak?

Kuchli institutsional islohotlar

Avvalo bozor iqtisodiyoti talab etadigan institutlarni mustahkamlash kerak: ya'ni, mustaqil va professional sudlar, parlament, OAV kabi. Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga yordam beradigan mexanizmlarni yaratish darkor. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlovchi asosiy shartlardan biri ― bu saylovlar va hokimiyatning xalq tomonidan saylanishini ta'minlashdir. Saylov institutlarini mukammallashtirish va mustahkamlash lozim.

Shuningdek,  davlatning rolini keskin kamaytirib, bir qator qo‘mita va idoralar faoliyatini tugatish kerak:

– yangi tashkil etilgan Mahalla va oila masalalari vazirligi. Avval boshidanoq uning ishi sezilmagan. Bundan bu yog‘iga ham yaxshiroq ishlashiga shubham bor.

– iste'molchilar uchun monopol tarzda, samarasiz va qimmat narxga biznes yurituvchi idoralar (masalan, aviatsiya, avtomobil-yo‘l qurilishi). Bu kabi monopoliyalar bizda yuzdan ortiq. Hech bo‘lmasa ushbu idoralarning faoliyatini to‘liq isloh qilib, ularni erkin raqobat maydoniga qo‘yib yuborish kerak.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ham bizga kerak emas, degan fikrlar bor, ammo shaxsan men uchun bu keskinroq taklif.

Sud tizimini isloh qilish

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda sudyalar rolini kuchaytirish bo‘yicha bir qator jarayonlar ketmoqda: prokuraturaning ba'zi vakolatlari sudlarga qo‘shimcha ravishda berilyapti, sudyalar kollegiyasi ishi yaxshilanyapti.

Xususiy mulk huquqini amalda ta'minlash masalasi jamiyat diqqat markaziga chiqishi kerak. Usiz islohotlar haqida fikr yuritishdan ma'no yo‘q.

Sudlar mustaqil bo‘lishi uchun, ijroiya hokimiyatining sud ishlariga aralashmasligi kafolatlanishi lozim. Sudyalar malakasini oshirish, ularning moliyaviy mustaqilligini ta'minlash darkor. Sud tizimi o‘z mablag‘lari va kadrlarini mustaqil ravishda boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ya'ni pulni qayerga ishlatishi va kimni qaysi lavozimga tayinlashini o‘zi belgilashi kerak. Balki sudyalarni saylash yoki maslahatchilar ishtirokidagi sud majlislarini joriy etish kerakdir.

Shuningdek, sudlarning OAV oldidagi ochiqligini ta'minlash zarur. Garchi bu qonunda belgilangan bo‘lsa-da, lekin ushbu talab gohida sudyalarning o‘zi tomonidan bajarilmaydi.

Budjet intizomini kuchaytirish

Bu ishda «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni samarali vosita sifatida xizmat qiladi. U makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash uchun, yirik investitsiya maqsadlarida davlat qarzini ko‘paytirish hisobiga davlat budjeti, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishga nisbatan cheklovlar o‘rnatadi.

Shuningdek, iqtisodiyot ishiga to‘sqinlik qiluvchi quyidagi kamchiliklar va nomutanosibliklarni bartaraf etishga ham e'tibor qaratish kerak:

– keng qamrovdagi xususiylashtirish ishlarini olib borish;
– xususiy mulk daxlsizligini amalda kafolatlash;
– turli iqtisodiyot sektorlarida, ushbu sektorlarning jozibadorligini oshirish hisobiga, narxlarni liberallashtirish siyosatini davom ettirish;
– biznes sohasida amaliy qo‘llash uchun soliq siyosatiga o‘zgartirish kiritish;
– tashqi savdoni liberallashtirish;
– bank sektorini isloh qilish.

Bu yo‘nalishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijobiy iqtisodiy samara berishi mumkin bo‘lgan ba'zi sohalar xolos.

Ekspert kutayotgan o‘zgarishlar

Bugungi kunda iqtisodiyotga doir masalalar va unga ta'sir o‘tkazadigan sohalarda ko‘p narsa ijobiy tomonga o‘zgaryapti. Men quyidagi sohalarda yaxshi o‘zgarishlarni kutyapman:

Davlat boshqaruvi. Ma'muriy islohotning ishlashini, nihoyat, davlat xizmatiga meritokratiya (sohadan yaxshi xabardorlik) prinsipi bo‘yicha ishga saralab olishlarini kutyapman. Davlat xizmatlari yanada ochiq va innovatsion bo‘ladi, odamlar emas,  hujjatlar harakatlanadi. «Davlat xizmati to‘g‘risida»,  «Ochiq ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilinadi. Davlat biznes samaraliroq uddalaydigan iqtisodiyot sohalaridan chetlashib, samaradorlik yo‘lidan ketadi.

Kapital bozorining rivojlanishi. U bizda endigina paydo bo‘lyapti. Uning rivojlanishi uchun investitsiya kiritish foyda berishi kerak. Moliyaviy bozorda daromad va foyda keltiradigan turli vositalarni yaratish lozim. Bank sohasida islohotlar ro‘y berib, «jamg‘armalar – investitsiya» mexanizmi ishlashi zarur. Chunda aholi pullarini «yostig‘i ostida» saqlamay, omonatlar tarzida banklarda jamg‘ara boshlaydi.

Monopoliyaga qarshi kurashish sohasida. Bu borada sezilarli siljishlar bor. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bir qator (shu jumladan,  munozaralarga sabab bo‘lgan) qarorlari va xulosalari yig‘ilib qolgan. Shular ichidan eng ko‘p muhokama qilinganlari: bu gaz hisoblagichlarni yetkazib beruvchi Rossiya kompaniyasiga berilgan imtiyozli shartlarning tanqid ostiga olinishi (bu raqobatning cheklanishiga olib kelgan edi). Yoki elektr energiyasi hisoblagichlarini o‘rnatishda iste'molchilar huquqlarining himoya qilinishi.  Shuningdek, dori vositalari va ularning narxini asossiz ravishda oshirishga doir tashabbusga qo‘mitaning munosabati ham meni xursand qildi.

Ijtimoiy kafolatlar haqida ham unutmaslik darkor. O‘zbekiston intilayotgan erkin bozor sharoiti o‘z-o‘zidan aholining farovon hayotini ta'minlab bermaydi. Bu borada to‘g‘ri davlat siyosati kerak. Mazkur vaziyatda davlatning vazifasi adolatli qayta taqsimotda o‘z aksini topadi. Bozor kamdan-kam hollarda ijtimoiy muammolar haqida qayg‘uradi. Shu sababdan davlat bozordagi «o‘yin qoidalari», insonlar uchun eng kichik bo‘lsa ham ijtimoiy kafolatlar haqida bosh qotirishi kerak.

Ma'lumki, YaIMning o‘sishi odamlar farovonligini oshirishga ko‘maklasha olmasligi ham mumkin. Rivojlanish iqtisodiyotida shunday fikr bor, ya'ni YaIM haqiqiy rivojlanishni to‘liq aks ettirmaydi. Eng muhimi, davlat ijtimoiy siyosat bobida o‘z rolini bajarib, bozorga xalaqit bermasa bas.

Mavzuga oid