O‘zbekiston | 14:29 / 29.02.2020
18410
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning «Tolibon» bilan muloqoti qanday tamoyilga asoslangan? Vazir izoh berdi

Joriy yilning 29 fevralida Qatar poytaxti Doha shahrida AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida uzoq kutilgan va afg‘on xalqi uchun umummilliy yarashuv jarayonini boshlashi mumkin bo‘lgan “tinchlik kelishuvi”ning imzolanishi kutilmoqda

Foto: RIA Novosti

“Xalq so‘zi” Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan hal etishning asosiy jihatlari xususida O‘zbekistonning qarashlari va respublikaning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qo‘shayotgan hissasi haqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan suhbatlashdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, toliblar afg‘on jamiyatining bir qismi.

“Toliblar afg‘on jamiyatining bir qismi va Afg‘oniston fuqarolari sifatida o‘z davlatining kelajagini belgilashda ishtirok etishlari lozim degan tamoyilga asoslanganmiz.

Eng yangi tarix nuqtai nazari bilan qaraganda, “Tolibon” harakati bilan bugungi muloqotni biz ko‘p tomonlama tinchlik jarayonini qayta tiklash va mustahkamlash sifatida ko‘ramiz. O‘zbekiston ushbu jarayonni 1990-yillarda “6+2” formatida qo‘llab-quvvatlashga ancha uringan edi. Ayni o‘sha paytlarda bizning vakillarimiz Qandahorda toliblar rahbarlari bilan uchrashgan.

Bu borada e'tiboringizni bir masalaga qaratmoqchiman.

Fikrimizcha, 2001 yilgi Afg‘oniston bo‘yicha Bonn konferensiyasining asosiy xatosi shundan iborat ediki, mamlakatda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarga tolibonlar jalb qilinmaganligi oqibatida urush yana 18 yildan buyon davom etib kelmoqda.

Avvalgi yillarda bo‘lganidek, bugun ham umumiy vazifa o‘zgarmasdan qolmoqda, ya'ni imkoni bor masalalarda asta-sekinlik va sabr bilan o‘zaro konsensusga erishish maqsadida har yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri keng qamrovli afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarni yo‘lga qo‘yishdir.

Shu ma'noda, toliblar bilan muloqot nafaqat maqsadga muvofiq, balki o‘ta zarur hamdir. Biroq har qanday tinchlik jarayonining boshlanishi “Tolibon” harakatining har qanday terrorchilik faoliyati va zo‘ravonlikdan voz kechishi, AQSh bilan imzolangan bitim mohiyatida ko‘zda tutilganidek, o‘t ochishdan voz kechishga, albatta, rioya qilishni taqozo etadi”, - deydi Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid