O‘zbekiston | 13:15 / 16.03.2020
168221
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik koronavirusga chalingan bemorlarning ahvoli haqida ma'lumot berdi

Vazirlik O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilayotgani, epidemiologik surishtiruv hamda kasallik tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilayotgani haqida ma'lum qilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ahvoli hozircha qoniqarli darajada ekanini ma'lum qildi.

«Hozirga qadar koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 6 nafar bemor klinikamizda yotqizilgan. Ular Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan stantdartlar asosida davolanmoqda. Bemorlar shifokorlar tomonidan kecha-yu kunduz tibbiy nazoratga olingan. Umumiy ahvoli doimiy kuzatuvga olingan. Ayni paytda bemorlarimizning ahvoli qoniqarli.», – deydi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev.

«Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha sharoit yaratilgan.

Jumladan, tibbiyot muassasalari zarur dori-darmon vositalari hamda  mutaxassislar bilan yetarli darajada ta'minlangan. Shu bois aholidan vahimaga berilmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirilgani ma'lum qilingan.

«Koronavirus infeksiyasi yoki o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligi bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa shu raqamga qo‘ng‘iroq qilib, mutaxassislardan tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalarni olishingiz mumkin. 

Call-markaz tunu kun xizmatingizda bo‘ladi», deyiladi vazirlik xabarida.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan ilk bemor 15 mart kuni aniqlandi, u 11 mart kuni Fransiyadan kelgan o‘zbekistonlik ayol bo‘ldi. Kun oxiriga borib uning o‘g‘li va qiziga ham virus yuqqani tasdiqlandi. 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys bilan Toshkentga kelgan yana bir O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
  • 16 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusning ilk bemori bo‘lgan ayolning oila a'zolaridan yana ikki nafarida virus aniqlandi - uning turmush o‘rtog‘iga va nabirasiga koronavirus yuqqan.

Mavzuga oid