Jahon | 08:40 / 01.04.2020
17849
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik qariya dunyodagi eng keksa erkak deb topildi

29 mart kuni 112 yoshini qarshilagan britaniyalik Robert Ueyton ayni vaqtda dunyodagi eng keksa erkak deb topildi. Bungacha eng keksa erkak nomi yaponiyalik Titetsu Vatanabega tegishli edi.

Foto: guinnessworldrecords.com

Bu haqda Ginnes rekordlar kitobi saytida ma'lum qilindi.

Xabarda ta'kidlanishicha, ayni vaqtda Britaniyada koronavirus epidemiyasi sababli kiritilgan ijtimoiy masofalashuv qoidalari rekordlar kitobi vakiliga qariya bilan shaxsan uchrashish imkonini bermagan. Buning o‘rniga qariya o‘zi yashaydigan qariyalar uyi balkonida turgan va qariyalar uyi xodimlari unga Happy Birthday qo‘shg‘ini kuylab, eng keksa erkak ekanligini tasdiqlovchi sertifikatni topshirishgan. 

Bu nom britaniyalikka 23 fevralda 112 yoshida vafot etgan yaponiyalik Titetsu Vatanabedan o‘tdi. 

Qariya yuqoridagi sababga ko‘ra o‘z tug‘ilgan kunini oila a'zolari davrasida nishonlay olmagan. Ueytonning 3 farzandi, 10 nabirasi va 25 nabirasi bor bo‘lib, ular qariyani telefon orqali tabriklashgan.

Ayni vaqtda dunyoning eng keksa odami yaponiyalik 116 yoshli ayol Kane Tanaka hisoblanadi.

“Men juda uzoq umr ko‘rish nasib qilgan oddiy yigitman”, deb aytgandi o‘tgan yil Ueyton Daily Mail nashriga bergan intervyusida. Uning ta'kidlashicha, u yoshligida “hamma kabi” tepki, qizamiq va ko‘kyo‘talga chalingan, “ispanka” epidemiyasi va ikkita jahon urushini boshdan kechirgan, Kanada va Tayvanda yashab, xitoy tilini o‘rganib olgan, bezgak bilan kasallanib, 2-3 ta jarrohlik amaliyotidan keyin muvaffaqiyatli tiklangan.

Qariya Ikkinchi jahon urushi vaqtida Britaniya imperiyasi uchun samolyotlar ishlab chiqargan fabrikada ishlagan. Hozirda esa vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun o‘yinchoq tegirmonlar yasaydi va uni 40 funt sterlingdan sotadi hamda tushgan pullarni xayr-ehson qiladi.  

Mavzuga oid