Putin pandemiya munosabati bilan rossiyaliklarga uchinchi marta murojaat qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin pandemiya munosabati bilan televideniye orqali rossiyaliklarga uchinchi marta murojaat qildi. Rossiya rahbari bu murojaatida koronavirus oqibatlaridan jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni e'lon qildi.
“Qadrdon do‘stlar! Charchoq to‘plangani, to‘rt devor orasida muntazam qolish ko‘pchilik uchun og‘irligini tushunaman, biroq boshqa tanlov yo‘q. O‘zini alohidalash rejimiga albatta chidash lozim”, deb aytgan Putin kirish nutqida.
U koronavirusga qarshi kurash Rossiyaning navbatdagi tantanasi bilan yakunlanishini aytgan. “Hammasi o‘tkinchi va bu ham o‘tib ketadi. Davlatimiz jiddiy sinovlardan ko‘p marta o‘tgan – Rossiya barchasini uddalagan. Bu koronavirus balosini ham yutamiz. Birgalikda barchasidan o‘ta olamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Putin.
Putin koronavirus pandemiyasi iqtisodiyot va odamlar hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani munosabati bilan bir nechta ijtimoiy choralar ko‘rilishini e'lon qilgan. Ushbu choralardan asosiylari quyida keltirilgan.
Fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar
Shifokorlar va tibbiy xodimlarga me'yoridan ortiq yuklama uchun qo‘shimcha to‘lovlarga 10 mlrd rubl ajratish.
Koronavirusga chalinganlar bilan ishlovchi mutaxassislarga apreldan boshlab 3 oy davomida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Shifokorlar uchun bu to‘lovlar oyiga 80 ming rublni, o‘rta bo‘g‘in tibbiy xodimlari uchun 50 ming rublni, kichik bo‘g‘in tibbiy xodimlari uchun 25 ming rublni tashqil qiladi. Tez yordam shifokorlari oyiga 50 ming rubldan, feldsherlar va haydovchilar 25 ming rubldan qo‘shimcha haq oladilar.
3 yoshdan 7 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalarga to‘lovlar iyuldan emas, iyundan berila boshlanadi. Bu to‘lovlar nafaqat ehtiyojmand oilalarga beriladi, uni koronavirus oqibatida ishini yo‘qotgan kishilar oilalari ham olishi mumkin.
Ishini yo‘qotgan kishilar oilalaridagi har bir balog‘atga yetmagan bolaga oyiga 3 ming rubldan to‘lanadi.
Ishini yo‘qotganlar va 1 maygacha bandlik markazlariga murojaat qilganlarga eng kam ish haqi miqdori (12130 rubl) barobarida nafaqa to‘lanadi.
Biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar
Kichik va o‘rta biznes korxonalariga sug‘urta jamg‘armalariga ijtimoiy badallar to‘lovini yarim yilga qoldirish.
Korxonalarning to‘lovlarni kechiktirish natijasida vujudga keladigan qarzdorligi korxona uni sekin-asta uza olishi uchun bir yildan kam bo‘lmagan muddatga restrukturizatsiya qilinishi kerak.
Topshiriqlar
Hududlarga tibbiy muassasalar yuqori shayligini ta'minlash, jumladan yangi qurilmalar bilan ishlay oladigan mutaxassislar brigadalarini shakllantirish.
Moliya vazirligiga koronavirusga qarshi kurash uchun kelib tushgan mablag‘larni o‘z ixtiyoriga ko‘ra taqsimlay olishi uchun hududlarga talabchanlikni bo‘shashtirish vazifasi topshirilgan. Putinning ta'kidlashicha, hududlarga bu borada erkinlik beriladi, biroq talabchanlik ham yuqori bo‘ladi.
Hududlarga faoliyati yuqori xavf mavjudligi sababli cheklanishi kerak bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatini tuzish topshiriladi, qolgan korxonalar sanitar talablarga amal qilgan holda ishini davom ettira oladi. Har bir sub'yektda hududning hayotini ta'minlashda muhim rol o‘ynovchi korxonalar ro‘yxati shakllantiriladi.
Hukumat va Markaziy bank 5 kun ichida biznesni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dasturni tayyorlashi kerak bo‘ladi. Bu yordam birinchi navbatda bandlikni saqlab qoluvchi korxonalarga taqdim qilinishi kerak.
Hukumat pasport, haydovchilik guvohnomalari va shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar muddatini kamida 3 oyga avtomatik uzaytirish mexanizmini ishlab chiqishi belgilangan.
“Keyingi 2-3 hafta hal qiluvchi bo‘ladi. Bu vaqtda bizdan barcha resurslarni mujassamlashtirish, shifokorlar tavsiyalariga qat'iy rioya qilish talab etiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Putin.
“Yo‘qotishlarsiz iloji yo‘q, biroq biz uni minimumga keltira olamiz”, deb ishonch bildirgan Rossiya rahbari.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
20:54
Qozog‘istonda halokatga uchragan samolyot yerdan urib tushirilgani haqida taxminlar yangramoqda
20:34
Rossiyada migrantlarning ish joyini o‘zgartirishni taqiqlash taklif etilmoqda
17:38